Ko'hna shahar bo'ylab tezkor «sayr» – kuzgi Samarkand Marathon qanday o'tdi?

Опубликовано: · 581
Ko'hna shahar bo'ylab tezkor «sayr» – kuzgi Samarkand Marathon qanday o'tdi?

5−6 noyabr kunlari tarixiy va ko’hna Samarqand shahrida xayriya tadbiri bo’lgan Samarkand marathon katta tantana bilan o’tkazildi.

Mazkur tadbir Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi tomonidan tashkil etildi.

Samarkand Marathon turkumining joriy yilgi barcha yugurish musobaqalari yagona xayriya maqsadiga ega. Bu muzeylarni ko‘rish qobiliyati sust va ko‘zi ojiz tashrif buyuruvchilar uchun moslashtirishdir. To‘plangan mablag‘lar audiogid, bo‘rtma surat hamda maxsus jihozlar xarid qilishga yo‘naltiriladi.

Masofalarning start qismi Registon maydoni tevaragida boshlandi. Mazkur yugurish tadbirining o’ziga xos jihati -ishtirokchilar Samarqandning diqqatga sazovor joylaridan bahramand boʻlishganida edi. Ko‘ngillilar yo‘lda barcha ishtirokchilarga peshvoz chiqib, to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatib borishdi. Masofalar Kids Run, 2 km va Nordic Walk, 10 km, 21,1, 42,2 km`ni tashkil etgan edi.

Bu yil yugurish masofalari qatoridan 42 km toifasi ham o‘rin oldi va shu bois marafon nomidan half (yarim) so‘zi chiqarib tashlandi va to’laqonli Samarkand Marathon deb nomlandi.

Marafonning yana bir e’tiborga loyiq jihati — ishtirokchi raqami ortiga maxsus chiplar o‘rnatildi va bu avtomat tarzda natijani qayd etish imkonini berdi. Avvalgi yillarda ko’ngillilar tomonidan qo’lda yozib borilar edi.

Xayriya marafonining hamkorlari har yili ko‘payib bormoqda, bu unga qiziqish ortayotganidan dalolat beradi. An’anaviy tarzda ishtirokchilar finishga yetib kelganida sarflangan energiyani tiklashi uchun yeguliklar va suv tarqatildi. Shuningdek, marafon ishtirokchilari uchun tadbirning birinchi kunida bepul osh ham tarqatildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 40 mamlakatidan 3305 nafar kishi ro‘yxatdan o‘tgan.

Yakshanba kuni 2652 kishi start chizig‘ini bosib o‘tdi, shundan 2498 kishi finishga yetib keldi. Ularning 63 foizini erkaklar, qolgan 37 foizini ayollar tashkil qilgan.

Marafonda ilk bora qatnashayotganlar ham talaygina edi. Eng ko‘p ishtirokchilar — 2 km va 10 km masofalarda edi. Qahramonlar kostyumlaridagi ishtirokchilarni ham ko’rish mumkin edi.

Yugurish tadbiri kuni farzandlari bilan kelgan ota-onalarga eng katta qulaylik: «Chorsu» galereyasidagi Samarkand Marathon Bolalar akademiyasi faoliyat olib borganida edi. Kichkintoylar qarovsiz qolmasligi uchun ko’ngillilar tomonidan o’yinlar, raqslar va mahorat darslari o’tkazildi.

Marafon ishtirokchilariga kechqurun madaniy xordiq chiqarishlari uchun Registon maydonida Therr Maitz’ning yorqin konserti taqdim etildi. Open-air formatida o’tgan ushbu konsert tashrif buyuruchilarga yuqori kayfiyat bag’ishladi.

Yugurish musobaqasida ham ishtirokchilarga yaxshi kayfiyat ulashish maqsadida DJ Panterov’dan jo’shqin musiqa yangrab turdi.

Va albatta, mazkur yugurish tadbirining eng yoqimli qismi — bu Kids Run masofasidagi jajji kichkintoylarning ishtirokidir. Ota-onalarning qo’llab-quvvatlashi, musiqiy dastur, ko’ngillilarning daldasi va albatta tadbir so’nggidagi medallar shirintoylarning kayfiyatini ko’tarib turdi.

Bunday tadbirlarga nafaqat yugurish marafonida ishtirok etish uchun, balki yorqin muhit, musiqiy dasturlar, yangi tanish va do’stlarni orttirish, bayramona kayfiyatdan bahramand bo’lish uchun ham borishadi.