Faqat bitta dam olish kuningiz bor va o‘sha kuni Toshkentda bolalarni qayerga olib borish mumkin?

Turli yoshdagi bolalar uchun mos oilaviy hordiq variantlarini jamladik — sokin sayrlardan tortib faol ko‘ngilochar maskanlargacha.
Haftasiga besh-olti kun ish, uy yumushlari, messenjerlardagi tuganmas xabarlar… Nihoyat yagona dam olish kuni yetib keladi. Ana shunday paytda uni bolalar bilan birga mazmunli o‘tkazish, lekin bu kun navbatdagi savdo markazi aylanmasi yoki telefon qarshisida o‘tgan bir necha soatga aylanib qolmasligini istaysiz.
Toshkentda bir kun ichida yangi taassurotlar olish, qiziqarli narsalarni o‘rganish, energiyani chiqarish, yangi xobbi sinab ko‘rish yoki shunchaki yana bir oz bolalikni his qilish mumkin bo‘lgan o‘nlab maskanlar bor. Turli yoshdagi bolalar uchun mos oilaviy dam olish g‘oyalarini jamladik — sokin sayrlardan tortib faol ko‘ngilochar mashg‘ulotlargacha.
Agar hayvonlarni ko‘rishni istasangiz
Ba’zi bolalar baliqlarni soatlab kuzatishi mumkin, boshqalari esa sherni ko‘rish yoki echkichani boqishni orzu qiladi. Agar farzandingiz shunday kichik tadqiqotchilardan bo‘lsa, dam olish kunini aynan hayvonlar bilan tanishuvdan boshlash mumkin.

Magic Safari — jirafa, sher, yo‘lbars, zebra, tuya va boshqa ko‘plab hayvonlarni odatiy hayvonot bog‘idagi kabi emas, ancha yaqinroq ko‘rish imkonini beradi. Bu yerda o‘zingizni haqiqiy safari ishtirokchisidek his qilishingiz va yovvoyi tabiat vakillari bilan yaqindan tanishishingiz mumkin.
Sayohatni Magic Aquarium’da davom ettirish mumkin. Suv osti olamidan tashqari bu yerda kapibara, pingvin va meduzalar ham yashaydi. Ular uchun alohida tematik hududlar yaratilgan. Ulkan akvariumlar, xira yoritish va noodatiy dengiz jonzotlari sayrni nafaqat bolalar, balki kattalar uchun ham qiziqarli qiladi.

Albatta, Toshkent hayvonot bog‘ini ham unutmaslik kerak. Bu yerda katta yashil hudud bor — volyerdan volyerga yurib, bemalol kunlik 10 ming qadamni bosishingiz mumkin. Shuningdek, maxsus yem bilan ayiqlar va tuyoqli hayvonlarni boqish, fotozonalarda suratga tushish hamda dinozavrlar bog‘ini tomosha qilish mumkin.

Agar bolangiz shijoati baland bo‘lsa
Agar farzandingiz uyda bir joyda o‘tira olmasa, uning energiyasini to‘g‘ri yo‘naltirish foydali bo‘ladi.
Sky Park’da sakrash, to‘siqlardan o‘tish, tirmashish va bemalol yugurish mumkin. Bu maskan tinch sayrdan ko‘ra doimiy harakatni yoqtiradigan bolalar uchun ayni muddao.

Faol dam olishni yoqtiruvchilar rolik, samokat yoki skeytbordda sayr qilishi ham mumkin. Agar o‘zingizda jihoz bo‘lmasa, uni ijaraga olib, shahar bog‘laridan biriga yoki Anhor bo‘yidagi “Yexala” skeyt-parkiga yo‘l olish mumkin.
Yoz kunlari ochiq basseynlar va akvaparklar ham yaxshi tanlov bo‘ladi. Bolalar suv sirpanish yo‘laklari va o‘yin maydonchalarida vaqt o‘tkazayotganida, ota-onalar suv bo‘yida dam olishi mumkin. Issiq mavsumda ayrim shahar tashqarisidagi basseynlarni oldindan bron qilish tavsiya etiladi.
Faqat hordiq emas, yangi bilim ham kerak bo‘lsa
Ba’zan eng yaxshi dam olish kuni — bola uyga yangi qiziqish bilan qaytadigan kundir.
Respublika bolalar kutubxonasida har hafta intellektual mahorat darslari o‘tkaziladi. Bu yerda bolalar yaratish, tajriba qilish, kitob o‘qish va muhokama qilishni o‘rganadi, ijod bilan o‘yin orqali tanishadi. Bunday format sokin oilaviy dam olishni yoqtiradiganlar uchun mos.

Shuningdek, planetariyga tashrif buyurib, yulduzli osmon bo‘ylab sayohat qilish, sayyoralar haqida ko‘proq bilish va koinotni boshqacha nigoh bilan ko‘rish mumkin.
Agar bolada musiqaga qiziqish endigina uyg‘onayotgan bo‘lsa, dam olish kunini musiqa maktablariga bag‘ishlash mumkin. Ularning ko‘pchiligida vokal, baraban, gitara, skripka yoki pianino bo‘yicha sinov mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Ba’zan aynan shunday ilk tanishuv jiddiy qiziqishga aylanadi.
Agar biroz mo‘jiza qo‘shmoqchi bo‘lsangiz
Magic City’da attraksionlarga chiqmasdan ham bir necha soat maroqli vaqt o‘tkazish mumkin.

Bu yerdagi eng qiziqarli nuqtalardan biri — ovozga javob beruvchi favvora. Uning balandligi bolalarning qanchalik baland kulishi yoki baqirishiga bog‘liq. Qanchalik baland ovoz bo‘lsa, favvora shunchalik baland otiladi. Shu sababli bu yerda favvorani kim kuchliroq “uyg‘ota olishi"ni sinab ko‘rmoqchi bo‘lganlar navbati deyarli uzilmaydi. Yana bir yoqimli jihati — ish haftasidan charchagan ota-onalar ham bu yerda bemalol ovozini chiqarib, biroz yengil tortishi mumkin.

Sayrni zamonaviy san’at bilan uyg‘unlashtirishni istasangiz, Aya Project’ga kiring. Multimedia installyatsiyalari, yorug‘lik effektlari, proyeksiyalar va interaktiv zallar bolalar bilan birga kattalar uchun ham qiziqarli taassurot qoldiradi. Bu yerda olingan suratlar ham juda chiroyli chiqadi.
Ob-havo rejalarga xalaqit bersa
Tashqarida havo haddan tashqari issiq yoki kutilmaganda yomg‘ir yog‘sa, eng yaxshi tanlovlardan biri — kinoteatr.

Oilaviy repertuarda muntazam ravishda turli yoshdagi bolalar uchun multfilmlar va filmlar namoyish etiladi. Birgalikda kinoga borish bir necha soatni maroqli o‘tkazishning eng oddiy usullaridan biri bo‘lib qolmoqda. Seanslar jadvali, treylerlar va chiptalarni Afisha orqali topish mumkin.
Film tomoshasidan so‘ng kunni muzqaymoq yeyish yoki savdo markazida sayr bilan davom ettirish mumkin.
Ba’zan bolalarga shunchaki tanlashning o‘zi yoqadi
Har bir dam olish kuni albatta attraksionlarga boy bo‘lishi shart emas. Ko‘plab bolalar uchun yangi o‘yinchoq, kitob, ryukzak yoki kiyimni o‘zi tanlashning o‘zi katta sarguzashtdir.

Buning uchun Kanishka Kids do‘koniga kirish mumkin. Bu yerda turli yoshdagi bolalar uchun mahsulotlar jamlangan. So‘ng esa ota-onalar garderobini yangilash uchun kattalar uchun mo‘ljallangan Kanishka do‘koniga o‘tish mumkin. Bu variant oilaviy sayrni foydali xaridlar bilan birlashtirishni istaganlar uchun qulay.
Ta’tilning hali yarmi oldinda bo‘lsa
Hammasiga bir kunda ulgurishga harakat qilish shart emas. Taassurotlarni bir necha dam olish kuniga taqsimlash mumkin: bugun hayvonlar bilan tanishing, keyingi hafta basseynga boring, undan keyin mahorat darsi, planetariy yoki musiqa maktabiga tashrif buyuring. Vaqt o‘tishi bilan shunday kichik oilaviy an’analar bolalar uzoq yillar eslab yuradigan xotiralarga aylanadi. Axir bolalar ko‘pincha navbatdagi multfilmni emas, balki ota-onasi bilan birga o‘tkazgan kunlarini ko‘proq eslab qoladi.