"Mening bog‘cham" loyihasi boʻyicha ovoz berish boshlandi
“Mening bog‘cham” loyihasi boʻyicha ovoz berish bosqichi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga koʻra, ovoz berish bosqichi 25-oktyabr kuni soat 10:00 ga qadar davom etadi. Taklif etilayotgan loyihalar ro‘yxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Fuqarolar o‘zlari istiqomat qiladigan tuman yoki shahar hududida yangi quriladigan, kapital ta’mirlanadigan hamda rekonstruksiya qilinadigan bog‘chalar uchun ovoz beradi.
Ishtirokchilar o‘ziga qulay bo‘lgan usullardan biri orqali, jumladan:
- “Ochiq byudjet” portalining veb-sahifasi;
- portalning mobil ilovasi (Android va iOS);
- Telegram’dagi rasmiy bot yordamida ovoz berishi mumkin.
2025-yilgi davlat byudjetidan bog‘chalar qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashga ajratiladigan mablag‘larning 50 foizi “Mening bog‘cham” loyihasi doirasida sarflanadi.
Loyiha doirasida kelasi yili qurilishi rejalashtirilgan bog‘chalar uchun davlat byudjetidan 400 milliard so‘m atrofida mablag‘ ajratilishi kutilmoqda. Bunda bog‘chaga ehtiyoj eng yuqori hududlar saralab olinadi.