Olmaotadan Toshkentga temiryoʻl sayohat turi yoʻlga qoʻyiladi

E’lon qilingan sana· 475
Olmaotadan Toshkentga temiryoʻl sayohat turi yoʻlga qoʻyiladi

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida “Ipak yo‘li” temiryo‘l sayohati turi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Qozogʻiston turizm va sport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, “Olmaota — Turkiston — Toshkent — Olmaota” yo‘nalishi bo‘yicha dastlabki reys 2024-yil 16-noyabr kuni amalga oshiriladi. Marshrut Turkiston va Toshkentdagi diqqatga sazovor joylariga sayohatni oʻz ichiga oladi. “4 kunlik xalqaro temiryo‘l sayohati sayyohlarga qadimiy shaharlar atmosferasiga sho‘ng‘ish va Buyuk Ipak yo‘li izlari bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.

Tur dasturiga gid hamrohligi, ovqatlanish, transport xizmatlari va kirish chiptalari kiritilgan. Sayohatchilar Markaziy Osiyoning eng qadimiy shaharlaridan biri — muhim savdo tarmog‘i bo‘lgan O‘trorni ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Sayohat dasturidan Ariston-bobo maqbarasi, “Hazrat Sulton” tarixiy-madaniy qo‘riqxona-muzeyi, Markaziy Osiyodagi eng yirik “Karvonsaroy” sayyohlik majmuasiga tashrif buyurish ham o‘rin olgan. Toshkentda ekskursiya ishtirokchilariga nafaqat tarixiy joylar, balki shaharning zamonaviy taraqqiyoti bilan ham yaqindan tanishish imkoniyati yaratilmoqda.