Yunusobod bozori uch qavatli ekobozorga aylantiriladi

E’lon qilingan sana· 182
Yunusobod bozori uch qavatli ekobozorga aylantiriladi

Toshkent shahridagi Yunusobod bozori o‘rnida ekobozor, savdo markazi, ofislar, yerosti avtoturargohi, tomida restoranlar va yashil hudud mavjud bo‘lgan uch qavatli majmua quriladi. Uning loyihasi prezidentga taqdim etildi.

Bozor “hamisha gavjum, kengayishga esa joy yo‘q”. Bundan tashqari, atrofdagi ko‘chalarda ham tirbandlik yuzaga kelgan. Shu bois uni zamonaviy konsepsiya asosida yuqoriga “o‘stirish”, savdo o‘rinlari va qulayliklarni ko‘paytirish rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.

Loyihaga ko‘ra, avvalo, asliyat saqlab qolinib, hozirgisining o‘rnida uch qavatli ekobozor quriladi. Uning yonida qo‘shimcha savdo markazi hamda zargarlik uyi barpo etiladi. Eng muhimi, ushbu binolarning yerosti qismi mingdan oshiq avtomobil sig‘adigan turargoh bo‘ladi.

Turkiyalik dizayner “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida yangi binoda ofislar ham bo‘lishini, umumiy maydon 20 ming kvadrat metrni tashkil etishini aytdi.

Ta’kidlanishicha, majmua tomida restoranlar joylashtiriladi, daraxtlar va butalar o‘stiriladi.