"Oʻzbek Shveysariyasi": Zominga sayohat

E’lon qilingan sana· 1 551
"Oʻzbek Shveysariyasi": Zominga sayohat

Jizzax viloyatida joylashgan Zomin tumani “Oʻzbekistondagi Shveysariya” deb ham ataladi. Soʻnggi yillarda Zominda katta oʻzgarishlar boʻldi.

Avval turistlar toza havo uchun Zomin tomon otlangan boʻlsa, hozirda shahar bilan gastronomik tomondan tanishish, yangi ochilgan oynali koʻprik, kanat va yana bir qator yangiliklarni koʻrish va ulardan zavqlanish uchun ham bu shaharga sayohat qilish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi qoshidagi Turizm qoʻmitasi tomonidan 15−16 may kunlari Zomin shahriga informatsion tur tashkil etildi. Afisha.uz jurnalisti ham ushbu turda ishtirok etdi. Quyida esa sayohat tafsilotlari haqida soʻz boradi.

Tandir kabob haqida gap ketganda asosan Qashqadaryo yoki Surxondaryo viloyatlari eslanadi. Ammo Zominda ham ushbu taom ixlosmandlari uchun mashhur bo‘lgan tandir kabob tayyorlovchilar oilasi bor ekan. Sayohatimizning ilk manzili mana shu xonadon bo‘ldi.

Bu yerda tandir kabob taomining tayyorlanish jarayonlarini ko‘rsatib berildi. “Nega bu yerda „tandir“ shirin?”, deya berilgan savolga taom tog‘lardagi o‘t-o‘lanlar, giyohlarni yeb yurgan qo‘ylardan tayyorlanishi sababli, deb javob berildi.

Ta’kidlanishicha, tandir kabob 300 daraja issiqlikda, 40 daqiqa vaqtda pishadi. Taom Zominni mashhur qilayotgan yana bir yegulik qozon patir ichiga solib, tortiladi. “Jizzaxdagi eng yaxshi tandir kabob qilinadigan joy”, deb ataladigan maskanda bir kilogramm tandir kabobning narxi 180 000 soʻmni tashkil qiladi. Shuningdek tandir hasip taomi ham shunday narxda. Tovuq tandir 60 000 soʻm boʻlsa, qozon patirning narxi 40 000 soʻm turadi.

Shundan so‘ng Zomin milliy tabiat bog‘iga yo‘l oldik. Maydoni 23 gektardan ortiq bo‘lgan bu milliy bog‘ Turkiston tog‘ tizmasining shimolida joylashgan. Bog‘ga kirishda sayohatchilar uchun qat’iy qoidalar tushuntiriladi. Ko‘rsatmalar yozilgan kartochkalar tarqatiladi. Bu yerga kirish narxi bir odam uchun 17 000 so‘mni tashkil qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Zomin milliy tabiat bog‘iga 2023-yilda 120 000 nafar turist tashrif buyurgan. Solishtirish uchun 2024-yilning may oyigacha hududga 120 000 nafar sayohatchi kelgan.

Hududda bir qator mehmonxonalar, dam olish maskanlari, kemping maydonlari, osma dor yo‘li (канат), mashhur osma ko‘prik va boshqalar o‘rin olgan.

Biz Zomin milliy tabiat bog‘idagi Suffa platosiga yo‘l oldik. U yerda katta basseyn, SPA, tuzli xona, fito-bar o‘rin olgan dam olish maskanida, yangi qurilayotgan shalelarda va ishga tushurilgan mehmonxonalarda bo‘ldik.

Bog‘ning asosiy tashrif qog‘ozlaridan biri bo‘lgan “Zomin” osma dor yo‘li hududni yuqoridan turib, ko‘zdan kechirish imkonini beradi. “Канат” taxminan 500 metr balandlikda bo‘lib, 2 kilometrdan ortiq yo‘lni bosib o‘tadi. Insayd ma’lumotlarga koʻra hudduda 800 metrlik zip-layn ham ochilishi koʻzda tutilgan.

Kanatga chiqish narxlari:

  • 14 yoshdan kattalar uchun bir tomonga — 50 000 so‘m;
  • 4−13 yoshli bolalar uchun esa — 25 000 so‘m etib belgilangan.

Osma dor yo‘li sizga baland tog‘lar, sharshara va cheksiz yashil maydonlarni ko‘rishingiz va zavq olishingiz uchun yordam beradi.

Ushbu sayohatdan asosiy maqsadlardan biri bu ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan osma ko‘prikdan yurish va adrenalinni his qilish edi. Ko‘prik tunda chiroqlar yordamida yoritiladi va ajoyib manzarani hosil qiladi.

Tongda esa bu yerda odam gavjum bo‘ladi. 150 metr balandlikdagi ko‘prik ustida yugurib yurgan bolajonlardan tortib, bor g‘uborlarini baqirib, chiqarib yuborishga urinayotgan qariyalargacha uchratish mumkin.

Ko‘prikdan o‘tar ekansiz atrofdagi kengliklarga, baland-baland tog‘larga qarab, mashhur videobloger Yan Toples aytgan “yo‘qotilgan jannat"ning bir bo‘lagini tomosha qilayotgandek bo‘lasiz.

Ko‘prikda har qanday holatdagi insonlarni uchratish mumkin. Ba’zilar qo‘rquvni yengish uchun sizga hazil qilishi, internet personajlaring mashhur gaplarini takrorlashi mumkin.

Shu bilan birga qo‘rquvini yashirishga urinib, indamay yurayotgan odamlarni ham, qo‘rquvini yashirmay bor ovozida baqirayotgan insonlarni ham ko‘rasiz.

Ko‘prik ham, jamping ham qor, yomg‘ir tuman va shamolli havoda xizmat ko‘rsatmaydi.

Koʻprikka chiqish narxlari:

  • 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tekin;
  • 11−54 yoshlilar uchun — 50 000 so‘m;
  • 55 yoshdan yuqorilar uchun ham ko‘prikka chiqish bepul.

Ko‘prikning narigi tomonida jamping maydoni bo‘lib, undan sakrash narxi 300 000 so‘m.

Sayohat soʻnggida esa Zominning yana bir tashrif qogʻozi boʻlgan qozon patirning tayyorlanish jarayonidan ishtirok etildi. Patir 20 daqiqada pishadi. Kun davomida novvoy taxminan 25−30 ta non tayyorlaydi. Ushbu joyda bir dona qozon patir narxi 25 000 soʻmni tashkil etadi.

Ichki turizmning rivojlanayotganini hududlar yuqorida aytilganidek, shunchaki, toza havosi yoki ajoyib tabiati bilan emas boshqa turistik jihatlari bilan ham sayyohlarni jalb qilayotgani bilan sezish mumkin.

Zominga sayohat uchun 2 kun, albatta, kamlik qiladi. Biroq shu vaqtdan ham unumli foydalanish va yangiliklarni kashf qilish mumkin. Maqolani zamonamizning eng mashhur sayohatchilaridan birining soʻzlari bilan yakunlaymiz: “Sayohat qiling. U bunga arziydi”.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ