"Oramizdagilar": NSP grantini yutgan va Yevropa boʻylab sayohat qilgan Zuhra Rahimjonova bilan suhbat

E’lon qilingan sana· 957
"Oramizdagilar": NSP grantini yutgan va Yevropa boʻylab sayohat qilgan Zuhra Rahimjonova bilan suhbat

Talabalik “oltin davr” hisoblanadi. Ba’zi odamlar esa mana shu davrni yanada yorqinroq oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda talabalarga hozirgi kunda koʻplab imkoniyatlar taqdim etadigan grantlar yordam beradi. Afisha.uz Slovakiyaning NSP grantini yutib, u yerda 5 oy oʻqish imkoniyatiga ega boʻlgan Zuhra Rahimjonova bilan “Oramizdagilar” ruknida suhbatlashdi.


— Sizni tanimagan odamlarga o‘zingizni qanday tanishtirasiz?

— Ismim Zuhra. Fotimam bormi? Yoʻq. Hasanim ham yoʻq. Oʻlib qolishmagan, yoʻq. Shunchaki buvim menga egizaklarning ismini qoʻygan, xolos.

Endi oʻzimni yanada toʻliqroq tanishtiradigan boʻlsam, men 26 yoshli qariqizman, anime koʻrish jon-u dilim. Hozircha bekorchiman. Gʻirt bekorchi deb oʻylamang lekin. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida magistraturada oʻqiyapman.

Oʻtgan semestrda Slovakiyaning NSP (National Scholarship Programme) grantini yutib, Banska Bistritsa shahrida joylashgan Matej Bel universitetida taʼlim olib qaytdim. Qolaversa, onda-sonda oʻz kasbim tarjimonlik bilan ham shugʻullanib turaman. Hozir 1000 kitob loyihasida tarjimon sifatida qatnashyapman.

— Bu grant haqida qayerda eshitgansiz? Unga qanday qiziqish uyg‘ongan?

— Bakalavr payti kursdoshim boʻlgan yaqin dugonam shu grantni yutib, 5 oy Yevropada boʻlib qaytgach, men ham qiziqib qolgandim. Rostini aytsam, faqat shu grantga topshirish uchungina oʻzimizning universitetga magistraturaga kirishimga toʻgʻri kelgan, chunki bu almashinuv dasturi boʻlib, maqbullik shartlariga binoan, nomzoddan allaqachon oʻz yurtidagi biror universitetda taʼlim olayotgan boʻlishi talab etilardi. Bizdagi oliy taʼlim qay ahvolda ekanini aytmasam ham bilasiz, shunday ekan nega bu dargohga qaytib kelishim uchun arzigulik sabab kerak boʻlganini tushunasiz, deb oʻylayman.

Endi grantning oʻziga kelsak, bu dastur Slovakiya hukumati tomonidan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, undan maqsad xalqaro bakalavriat va magistratura talabalari, doktorantlar, universitet o‘qituvchilari va tadqiqotchilarning Slovakiyadagi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda stipendiya asosida 5 oydan 10 oygacha taʼlim olib, tadqiqot ishlarini qilib qaytishini taʼminlashdir.

Qanday hujjatlar qay tarzda yig‘ilgan?

— Grantga topshirish uchun avvalo rasmiy sayti dagi maʼlumotlar bilan tanishib chiqish kerak. U yerdan siz Slovakiyadagi taʼlim muassasalari roʻyxatini topib, oʻz yoʻnalishingizga mos keladigan fakultetni tanlashingiz va ular bilan bogʻlanib, qabul xati soʻrashingiz kerak boʻladi.

Buning uchun professional CV (europass saytidan foydalanishni tavsiya qilaman), motivatsiya xati va “study programm” (ayni qaysi fanlarni nima maqsadda tanlaganingiz va grantni yutgach, nima rejalaringiz borligi yoritilgan boʻlishi kerak) yuborishingiz kerak. Baʼzi universitetlar tavsiyanoma va boshqa qoʻshimcha hujjatlar ham soʻrashi mumkin.

Xullas, qabul xatini olgach, keyingi bosqich grantning oʻziga ariza topshirish uchun hujjat yigʻishdir. Bular: motivatsiya xati, diplom transkriptlari, oʻqish joyidan maʼlumotnoma, (Slovakiyadagi universitetdan) qabul xati, ikkita tavsiyanoma, study program va CV.

Hamma hujjatlarni tayyorlab, dedlaynga taqamay topshirasiz va javobni kutasiz. Grantni yutib qolsangiz ham, shu bilan ish bitmaydi. Hali viza olish, oʻz universitetingizdagilardan mobillik uchun ruxsat olish (omadingiz kelsa, muammo qilishmaydi) kabi boshogʻriqlar ham kutib turadi.

Slovakiyadagi ta’lim haqida gapirsangiz.

— Men 6 yoshimdan beri turli muassasalarda taʼlim olib kelayotgan boʻlsam ham, faqat litseydagi oʻtgan 3 yilim va mana shu Slovakiyadagi bir semestr davomida chinakamiga bilim olish hissini tuydim, deb ayta olaman.

Professor-oʻqituvchilarning ham, talabalarning ham darajasi bizdan ancha yuqori. Maʼruzalar interaktiv shaklda olib boriladi, hamma talaba mavzu bilan tanishib keladi oldindan. Koʻproq muhokamalarga, tanqidiy fikrlarni rivojlantirishga eʼtibor qaratilarkan. Talabalar semestr boshida umumiy kreditdan kelib chiqib, oʻzlari fan tanlashadi.

Menga yoqib tushgan yana bir jihati forma talab qilinmaydi, darslarda doimiy qatnashish kerak, lekin bora olmasangiz ham, tushuntirish xati yozdirishmaydi (balki biz faqat bir semestrga kelganimiz uchun unday qilmagandir). Qolaversa, mabodo darsga kech qolsangiz, bizdagidek salom berib, darsni buzib, nega kech qolganingizni tushuntirishingiz, bahonangiz domlaga yoqmasa, stol koʻtarib burchakda turishingiz ham shart emas. Shunchaki iloji boricha shovqin solmay boʻsh joylardan biriga oʻtirishingiz kerak.

Menga eng yoqqan fan Amerika adabiyoti boʻldi. Oʻtgan asrda amerikalik yozuvchilar tomonidan yozilgan 7 ta asarni oʻqib chiqdim. Yakuniy imtihonlar ham bizdagidek yuzaki emas, 12 varoqli daftarni toʻldirib, doston yozishingizga toʻgʻri kelmaydi. Yoʻnalishingizdan kelib chiqib qiziqarli topshiriqlar, proyektlar beriladi. Xullas, muhit ham, darslar ham hammasi ajoyib.

— Sayohatlarga pul va vaqtni qanday topgansiz?

Magistratura talabasi sifatida men bir semestr davomida har oyda 620 yevrodan stipendiya oldim. Bu yeb-ichish, yotoqxona toʻlovi va boshqa xarajatlardan orttirib, Shengen zona boʻylab bemalol sayohat qilishga yetdi. Vaqtga kelsak, haftada darslar 3 kun yoki uzogʻi 4 kun davom etadi. Dars qoʻyilmagan kunlarni moʻljallab, sayohat rejalashtirish mumkin.

— Qaysi davlatlar va shaharlarga sayohat qildingiz?

— Stipendiya va viza bergan imkoniyatlardan foydalangan holda Yevropaning 10 dan ortiq davlatiga sayohat uyushtirdik. Jumladan, Ispaniya, Italiya, Portugaliya, Fransiya, Belgiya, Niderlandiya, Avstriya, Vengriya, Germaniya, Chexiya, Polsha va boshqa davlatlardagi shaharlarga bordik.

— Eng yoqqan va eng yoqmagan shahar haqida gapirsangiz.

Menga eng yoqqan davlatlardan biri Portugaliya boʻldi. Hayotimda ilk marta okean bilan yuzlashdim. Sohil boʻylab chopib, suv oʻynadim. Dengizga chiqish uchun 2 davlatni bosib oʻtishi kerak boʻlgan mamlakat fuqarosi sifatida bu mening orzularimdan biri edi.

Eng yoqqan shahar esa Amsterdam boʻldi. Sabablarini aytishga biroz iymanib turibman, “Red District” haqida oʻzingiz internetdan oʻqib olarsizlar. Bundan tashqari, velosipedda yurish madaniyati shakllangani menga juda yoqdi. Shaharning oʻzi ham juda chiroyli va boy tarixga ega. Vena haqida ham shunday deyish mumkin. Sevimli yozuvchim Stiven Sveyg yashagan uyni koʻrish uchun issiqda piyoda 6 kilometr yoʻl bosganimni hali-beri unutmasam kerak. Pragadagi Shekspir nomli kitob doʻkoni ham yuragimdan oʻzgacha joy oldi.

Yoqmagan shahar boʻlmadi-yu, lekin Berlinda nemislardan ham koʻra boshqa millat vakillari koʻpligi biroz hayratga soldi. Shuningdek, Madriddagi “Santiago Bernabeu” stadioni ham kutganimdan kichikroq ekan, ichiga ham kira olmagandik. Italiyada sayyohlarning oʻta darajada koʻpligi yoqmadi.

— Bu grantni yutgan yoki yutmoqchi bo‘lgan talabalarga qanday maslahatlar berasiz?

Oʻzingizga ishoning va omadingizni sinab koʻring. Grant yutgan talabalarning aksariyati oʻzbeklar!

Grantlar.uz loyihasidagilar ushbu grant boʻyicha mentorlik kursi ham taklif qilishadi. Yoki biror bir bu borada tajribasi bor tanishingizdan yordam oling.

Umuman hozir bu kabi grantlar har qadamda topiladi. Chin yurakdan harakat qilsangiz, albatta, gʻolib boʻlasiz va butun umr eslab yurishlik xotiralar yaratasiz. Oʻzi shundoq ham zerikarli hayotingizni umuman chetga, ayniqsa Yevropaga sayohat qilmay oʻtkazib yubormang.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov