Seriallar o'rnini bosa oladigan qiziqarli syujetga ega 7 ta kitob

E’lon qilingan sana· 1 727
Seriallar o'rnini bosa oladigan qiziqarli syujetga ega 7 ta kitob

Biz seriallar, filmlar tomosha qilishni yaxshi ko’ramiz. Ularning muvaffaqiyatini baholashda biz birinchi navbatda syujetiga e’tibor qaratamiz. Xoh serial bo’lsin, xoh kitob — syujet juda muhim. Shunday kitoblar borki, ulardagi syujetni serial qilib suratga olgan holda, undagi butunlikni saqlab qolishning deyarli iloji yo’q. Ularda serial orqali yetkazib berib bo’lmaydigan unsurlar bo’ladi. Afisha.uz`ning kitoblar haqidagi navbatdagi maqolasida bugun sizlar bilan seriallarning o’rnini bosadigan, o’tkir syujetli asarlar haqida gaplashamiz.

1. Harper Li, “Mazaxchini o’ldirish”

Asar oq tanli qizga hujum qilishda ayblangan qora tanli yigitning sud jarayoni haqidagi hikoya qiladi. Ammo, undan ham muhimi, “Mazaxchini o’ldirish” asari — Amerika janubiga xos bo’lgan ksenofobiya, irqchilik, toqatsizlik haqida gapiradi.

“Mazaxchini o’ldirish” XX asr klassikasiga aylanib ulgurgan va bir necha bor ekranizatsiya qilingan.

Asar o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

2. Jon Boyn, “Yo'l-yo'l poyjoma kiygan bolakay”

Ushbu kitob Berlindagi betashvish yashayotgan to‘qqiz yoshli nemis bolasi Bruno tilidan hikoya qiladi. Bir kuni Brunoning oilasi otasining xizmati sababli yangi joyga ko’chib o’tadi. U yerdan uzoq bo’lmagan joyda konslager joylashgan edi. Bruno bu yerda zerikkach, qiziquvchanligi sabab u yerga boradi. U yerda u yahudiy bolakay Shmuelni uchratadi va do’stlashadi… Xo’sh, spoyler qilmaslik uchun shu yerda to’xtaymiz.

“Yo'l-yo'l poyjoma kiygan bolakay” asari asosida film suratga olingan va film muvaffaqiyatli chiqqan deya tan olingan. Ehtimol, siz filmni ko’rgandirsiz, ammo kitobini o’qiganda siz undagi muhitni kuchliroq his qilasiz.

Asar o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

3. Oldos Xaksli, “Ajib yangi dunyo”

Oldos Xaksli bu shoh asari insoniyatning ehtimoliy kelajagi va undagi roli haqida so’zlaydi. Xakslining o’zi insoniyatning borgan sari “zavq"ni hamma narsadan ustun qo’yayotganidan tashvishga tushgan. Va buni ushbu asarda juda mohirona ochib bergan. “Ajib yangi dunyo” haqida avvalroq alohida maqola yozgan edim. Batafsilroq tanishib chiqsangiz, katta ehtimol bilan sizda uni o’qib chiqishga bo’lgan xohish kuchayadi.

Asarni bir necha bor ekzanizatsiyalashtirishga harakat qilishgan, film, seriallar suratga olingan. Ammo, barchasi muvaffaqiyatsiz bo’lgan. Ha, bu aynan yuqorida biz gapirgan holat — to’liq muhitni vizual yetkazish mushkul bo’lgan asar.

Kitob o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

4. Markus Zusak, “Kitob o’g’risi”

Ushbu kitob, eng avvalo, rahm-shafqatni, boshqalarning baxtsizligiga befarq bo’lmaslikni o’rgatadi. Hubermanlar oilasi bu ular uchun yoqimsiz oqibatlarga sabab bo’lishi mumkinligini bilishsa-da, yahudiyga o’z uyidan boshpana beradi…

“Kitob o’g’risi” oilasidan ayrilgan, kitoblarni juda yaxshi ko’radigan, ularni yig’adigan, o’g’irlaydigan yoki shunchaki olib yuradigan qizaloqning baxtsiz taqdiri haqida hikoya qiladi.

Asar o’zbek tiliga tarjima qilingan va chop etilgan.

5. Jon Faulz, “Kolleksiyachi”

Ushbu roman London shahrida kotib bo‘lib ishlaydigan yigit Frederik Klegg haqida hikoya qiladi. Yigit bo’sh vaqtlarida kapalaklarni yig’ishni yaxshi ko’radi. Roman, avvalambor, shunisi bilan qiziqki, unda mutlaqo bir-birdan farq qiladigan ikki kishining to‘qnashuvi, ularning turmush tarzi, tafakkuri tasvirlangan.

“Kolleksiyachi” asari Faulzning debyut romani bo’lishiga qaramay, uning boshqa asarlaridan ajralib turadi. Asar juda ta’sirli va juda qiziqarli.

Asar hozircha o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.

6. Deniel Kiz, “Billi Milliganning sirli tarixi”

Deniel Kiz bilan o’zbek kitobxonlari juda yaxshi tanish. Bizda uning “Eljernonga atalgan gullar” asari ishqibozlari ko’p. Men ham avvalroq Kizning bu asari haqida taqriz yozgan edim. Demak, Deniel Kizning mohir yozuvchi ekanligi biz uchun yangilik emas. Ana endi uning bu qobiliyatiga “miyani portlatib yuboradigan” va bir vaqtning o’zida real hayotda yuz bergan o’tkir syujetni qo’shing. Bu juda qiziqarli asar dunyoga kelishiga kafolat beradi.

Billi bir kuni ertalab qamoqxonada uyg’onadi. Unga u zo’rlash va talonchilikda ayblanayotganligi haqida aytishadi. U hayratga tushadi, chunki u eslay oladigan oxirgi narsa bu 16 yoshida maktab binosi tomidan o’zini tashlamoqchi bo’lgani edi. O’sha voqeadan buyon 7 yil o’tgan…

Gap shundaki, Billi Milligan shaxsning bo’linishi kasalligidan aziyat chekkan. Ya’ni sodir etilgan jinoyatlar u tomonidan emas, uning ichidagi boshqa shaxslar tomonidan sodir etilgan. Billining miyasida 24 nafar shaxs yashagan. Har xil yoshlardagi va har xil ko’rinish, umuman shaxsiyatga ega 24 ta shaxs.

Asar hozircha o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.

7. Stiven King, “11/22/63”

“11/22/63” — amerikalik yozuvchi Stiven Kingning ilmiy-fantastik romani boʻlib, AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining oʻldirilishining oldini olishga harakat qilgan vaqt sayohatchisi haqida hikoya qiladi."11/22/63″ — amerikalik yozuvchi Stiven Kingning ilmiy-fantastik romani boʻlib, AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining oʻldirilishining oldini olishga harakat qilgan vaqt sayohatchisi haqida.

Stiven Kingning yozuvchilik mahorati alohida mavzu. Bu yozuvchi bizga “Shoshenkdan qochish”, “Yashil milya” kabi shedevr kinolari uchun syujetni bergan. Ammo u yozgan kitoblari soni bilan tanishsangiz, bu inson siz uchun sermahsullik timsoliga aylanishi aniq. Kingning bu asari ham haqiqiy shedevr. Bu asar asosida serial suratga olingan, ammo uning qanchalik muvaffaqiyatli chiqqani men uchun hozircha qorong’u.

Asar hozircha o’zbek tiliga tarjima qilinmagan.

Nazarbek Nazarov
Muallif
Nazarbek Nazarov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ