“Dardim tingla osmon!”: “Benom” guruhining kinokonsertidan reportaj (foto)

E’lon qilingan sana· 713
“Dardim tingla osmon!”: “Benom” guruhining kinokonsertidan reportaj (foto)

Yilda ikki marta konsert taqdim etishni odatga aylantirgan “Benom” guruhi 2024-yilda ham o‘z anʼanasini davom ettirdi. May oyida konsert qo‘ygan Sarvar va Komil 27−30-noyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyida navbatdagi ijodiy imtihonini o‘tkazdi. Afisha.uz muxbirlari “Dardim tingla osmon!” nomli kinokonsertdan fotoreportaj tayyorladi.

Joriy yilning bahorida “The best-2” deb nomlangan dasturini taqdim qilgan “Benom” guruhi oradan yarim yil o‘tib, yana katta sahnada “Dardim tingla osmon!” kinokonsertini namoyish etdi. Bu yil ham sahnada katta ekranda melodrama janridagi film namoyish etildi, unda bosh rollarni Sarvar va Komil hamda aktrisa Kristina Rustamova o‘ynagan. Guruh repertuaridagi eng hit qo‘shiqlardan to yangi premyeragacha bo‘lgan jami 15 ta tarona esa jonli ijroda kuylandi.

2010-yilda sinfdosh do‘stlar Sarvar va Komil ishtirokida tashkil etilgan “Benom” guruhi o‘tgan vaqt davomida o‘z qo‘shiqlari bilan nafaqat yoshlar, balki katta avlod vakillari orasida ham tanilishga ulgurdi. Buni konsertga tashrif buyurgan muxlislarni ko‘rib ham sezish qiyin emas.

“Oxirgi yillarda konsertdan konsertgacha boʻlgan hayotda yashayapmiz va bu juda og‘ir. Chunki ijodga, shaxsiy hayotga va juda ko‘p narsalarga vaqt yetmay qolyapti. May oyidagi konsertdan keyin bir hafta dam olib, mazkur konsertga tayyorgarlik ko‘rishga kirishdik. Ijodimizni boshlaganimizdan so‘ng ancha yillar davomida konsert qo‘ymaganmiz va bu kunlarni juda kutganmiz.

2017-yildan konsert berishni boshlagan bo‘lsak, o‘shanda “ketma-ket har yili konsert taqdim etamiz”, deya niyat qilganmiz. O‘rtada pandemiya sababli ikki yil konsert bermadik. Shu yillar o‘rnini bosish maqsadida ham yilda ikki marta konsert qo‘yib kelyapmiz. Balki keyingi yili bitta konsert qo‘yib, 10−15 kun muxlislar bilan diydor ko‘risharmiz. Buni esa vaqt ko‘rsatadi", — dedi Sarvar.

Guruh vakilining aytishicha, Humo Arena‘ning bir kunlik ijara narxi qimmatligi tufayli “Benom” u yerda konsert berishga shoshilmayapti.

“Chiptalar konsertga yigirma kun qolganida sotib bo‘lingan edi. Shu sababli chipta xarid qilishga ulgurmagan muxlislarimizni o‘ylab, fevral oyida Humo Arena`da konsert berish niyatimiz bor edi. Lekin Humo Arena`ning kunlik ijara narxi juda baland ekan. U yerda konsertni homiylarsiz va hamkorlarsiz o‘tkazib bo‘lmaydi. Agar kuchliroq homiylar topilsa, albatta, Humo Arena‘da konsert beramiz. Lekin o‘zimiz homiylarni qidirib yurmaymiz”, — dedi Sarvar.

Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin