Jud Lou Vladimir Putin rolini o‘ynaydi

E’lon qilingan sana· 828
Jud Lou Vladimir Putin rolini o‘ynaydi

Oskar mukofotiga nomzod boʻlgan aktyor Jud Lou “Kreml sehrgari” kinokartinasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin rolini ijro etadi. Bu haqda aktyorning o‘zi Deadline nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Men biroz ishonchsizlik bilan gapiryapman, chunki hali bu borada ish boshlaganim yo‘q. Bu xuddi Everest choʻqqisiga chiqishga o‘xshaydi. Men tog‘ etagida turibman va tepaga qarab, ey Xudo, nega rozi bo‘ldim, deya oʻylayapman”, — degan aktyor ushbu rol haqida.

Ushbu kinokartina haqida birinchi marta o‘tgan yili ma’lumot berilgan. Unga fransuz yozuvchisi Julian da Empolining 2022-yilda chiqarilgan xuddi shu nomdagi kitobi asos qilib olingan. Syujet 1990-yillarning boshlarida Rossiyaning bo‘lajak prezidenti Vladimir Putinning hokimiyat tepasiga kelishiga yordam bergan oʻylab topilgan siyosiy texnolog Vadim Baranov haqida hikoya qiladi.

Film rejissyori Olive Assayas hisoblanadi. Shuningdek, u kino ssenariysini Emmanuel Karrer bilan birgalikda yozgan. Filmda Pol Dano, Alisiya Vikander, Zak Galifianakis va Tom Styorrij ham rol ijro etgan.

Filmning qachon premyera qilinishi noma’lum. Lou soʻnggi vaqtlarda “Jimlik birodarligi” trillerida va “Yulduzlar jangi: Tayanch jamoasi” serialida rol ijro etgan.