Jenisbek Piyazov – toʻyga chiqishi, konsertlar va opera nega kerakligi haqida

E’lon qilingan sana· 988
Jenisbek Piyazov – toʻyga chiqishi, konsertlar va opera nega kerakligi haqida

Oʻzbekiston xalq artisti, opera xonandasi Jenisbek Piyazov YouTube’dagi “NmaGap” podkastida mehmon boʻldi. Piyazov suhbat davomida konsertlaridan endi-endi foyda koʻrayotgani, toʻylarga chiqishi va unga qanday yondashishi hamda odamlar jonli ijroni sogʻingani haqida gapirdi.

Xonanda Yangi yil bayrami oldidan 15 kun davomida tadbirlarga chiqishni tindirmagani haqida gapirar ekan, boshlovchilar uni toʻyga chiqish-chiqmasligini soʻradi. Jenisbek Piyazov toʻylarga ham chiqishini aytarkan, u chiqadigan oqshomlar boshqa artistlarnikidan oʻzgacharoq boʻlishini qoʻshimcha qildi.

“Toʻylarda meni „fishka“ joyim bor. Hamma [qoʻshiqchilar] kelib qoʻshigʻini aytib-aytib ketib qoladi-ku, men ularni koʻngliga qarayman. Masalan, siz toʻy beryapsiz, Rossiya yo Yevropadan mehmoningiz keladi, Italiyadan hamkorlar keladi. Ular Usmonovani tanimaydi, Ozodbekni tanimaydi. Keyin bular uchun alohida Jenisbekni chaqiramiz, deydi. Keyin men borib tars-tars uraman [qoʻshiq aytaman], kelgan mehmonlari ham shartnomaga qoʻl qoʻyib ketadi. Menga „kopeyka“ beradi, lekin oʻzlari milliard-milliard ishlab topadi (kuladi). Shu uchun koʻngilni xotirjam qilib chaqiraveradi ular”, — deydi Jenisbek Piyazov.


Skrinshot: YouTube / @nmagap

Shuningdek, suhbat davominda ular konsertlardan koʻriladigan daromad haqida ham gaplashgan. Boshlovchilar bundan oldingi san’atkor mehmonlar qisqa muddatli konsertdan daromad koʻrmasligini aytganini bildirdi, Jenisbek Piyazov esa oldin shunday boʻlganini aytib, hozir qanday qilib konsertlari ham daromadga kirgani haqida gapirib berdi.

“Bizda eng asosiysi — keladigan odamlar naqdda [aniq]. Birinchi kun toʻladi, ikkinchi kun kassaga chiqqanidan keyin sotiladi, birinchi kuni esa bizga u yerga chiqmasdan sotiladi. Va bizda homiylar ham yaxshi. Shuning evaziga ham ma’mur, ham men yaxshi foyda olaman. Oxirgi uch yilda yaxshi foyda olyapmiz. Lekin boshidagi konsertlarda ogʻalarimiz yordam berib, qoʻllab-quvvatlagan tomoshabin yigʻib olgunimizcha”, — deydi xonanda.

Boshlovchilardan biri “Opera oʻzi nega kerak?”, degan savol beradi. Jenisbek Piyazov esa bunga quyidagicha javob berdi:

“Oʻzi operaga talab uncha katta emasdi. Keyin oʻrtada krizis boʻlib, estrada xonandalari jonli aytolmaydigan boʻldi, odamlar jonli ijroni sogʻindi, 2018-yilda fonogrammani olib tashlaymiz, faqat jonli konsert qilamiz, degan narsa boʻldi. Oʻsha paytda koʻp san’atkorlar „chopilib ketgan“. Yo ashula aytolmagan, yo aytib turib esidan chiqib qolgan, shunaqa boʻlib konsertga chiqadigan san’atkorlar roʻyxati qisqarib ketdi. Krizis paytida biz televideniyeda chiqishni boshladik, shu payt odamlar opera zoʻr ekanini tushunib qoldi”, — deydi opera ijrochisi.

Bundan tashqari, Piyazov hozirda koʻpchilik opera san’atkorlari estradada ijod qilayotganini aytib, bunga “Sharq” guruhi a’zosi Sarvar, Gʻaybulla Tursunov va Jahongir Otajonovni misol qilib keltirdi.

Podkastning toʻligʻini mazkur havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.