Professor bilan turmush, sharqshunoslik diplomi va turli sohalardagi tajriba – qiziqchi Shukurullo Isroilov 55 yoshda

E’lon qilingan sana· 5 126
Professor bilan turmush, sharqshunoslik diplomi va turli sohalardagi tajriba – qiziqchi Shukurullo Isroilov 55 yoshda

Shukurullo Isroilov barcha davrlarda trenddan qolmaydi. Oldin “Mirzo teatri”, yakkaxon konsertlar, hozir esa televideniyedagi boshlovchiliklar hamda internetdagi chiqishlar. Bu ikki davrni ham koʻrib ulgʻayganlarga oradan ancha vaqt oʻtgandek tuyuladi. Ha, aslida ham shunday. Oʻzining turli hazillari va ijrolari bilan “Mirzo teatri"ning ajralmas qismiga aylangan Shukurullo Isroilov bugun, 14-yanvar kuni 55 yoshga toʻldi. Shu munosabat bilan bugun ushbu san’atkor haqida material tayyorladik.


Shukurullo Isroilov 1970-yilning 14-yanvarida Toshkent shahrida tugʻilgan. Musiqa maktabining rubob sinfida oʻqigan, oʻsha davrlarda rubobchilik boʻyicha tanlovlarda gʻolib ham boʻlgan. U yoshligida otasidan ayrilgani sababli onasiga yordam berishga majbur boʻlgan va buning ortidan Madaniyat institutini tamomlay olmagan. Ammo shundan keyin Toshkent davlat Sharqshunoslik universtitet hamda Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetini bitirgan.


Shukurullo Isroilovning yoshligi.
Foto: Instagram / @shukurullo_isroilovoriginal

San’atkor nima sababdan Sharqshunoslik universitetiga kirishga qaror qilganini shunday izohlaydi: “2003-yilda xizmat safari bilan AQShga bordim, aeroportda qiziq voqea boʻldi. U yerda meni konsul kutib oldi, oʻsha yerda konsert berishimiz kerak edi. Aeroportda ikkita qora tanli odam ham keldi, men ularga qarab „voy, negrlarni qara“, deb qarab turganman, ular men negr deganimni eshitib qolishgan ekan, keyin toʻpolon qilib ketishdi. Keyin bilsam, u yerda „negr“ deyish mumkin emas ekan. Ranglarim oqarib ketgan. Oraga konsul tushib, tushuntirgan, unaqa demang, ular uchun haqorat, bu uchun sudga berishga ham haqqi bor, degan. Shundan keyin til oʻrganaman deb, qaytganimdan keyin Sharqshunoslikka topshirdim”, — deydi u intervyulardan birida.

Isroilov san’at sohasida diplomi yoʻq ekanini onasi bunga qarshi boʻlgani bilan tushuntiradi.

“Onam rahmatli shifokor bo‘lishimni orzu qilib, 11-sinfni bitirganimdan keyin “ToshMI"ga hujjat topshirtirgandi. Afsuski, 5 ball yetmay talabalikka qabul qilinmaganman. Onam bekor yurmagin deb 15-kasalxonaga sanitar xodim sifatida ishga joylashtirib qo‘ygan. Bir necha oy ishlaganimdan keyin bir tanishim o‘likxonada ko‘p maosh to‘lashlari haqida aytib qolgan. Ko‘p pul bersa bo‘ldi, deb o‘lik tashishga majbur bo‘lganman, — deydi Shukurullo Isroilov yana boshqa bir intervyuda.

Soʻz ustasi bolalik va balogʻat davrida bir necha sohada ishlashga majbur boʻlgani haqida aytadi. Isroilov quyidagi ishlarda ishlagan: limonad sexida, mikond zavodda, pochtachi, bogʻbon va hokazo. “Yoshligimiz mehnatda oʻtgan”, — deydi u.

Shukurullo Isroilov san’atdagi faoliyatini dastlab turli ijodkorlar bilan boshlagan, keyinchalik qiziqchilar, xususan, Mirzabek Xolmedov teatriga qoʻshilgan va uning doimiy vakiliga aylangan. San’atkor “Oʻzimizning gap” loyihasiga bergan intervyusida teatrning yana bir a’zosi Halima Ibragimova bilan qanday tanishgani haqida gapiradi. Uning soʻzlariga koʻra, Halimaning san’atga kirishiga aynan Shukurullo Isroilov sabab boʻlgan.

“Ustozimiz Obid Asomov koʻp oʻzini tanqid qilardi, oʻzini tanqid qilib tanilib ketganlar-da. Shogird boʻlib yonida yurganimizda bir kam dunyo: men kichkinaman, sen semizsan, oʻzingdan boshla, derdi. Shundan keyin 1999-yillarda semizlarni yigʻib chiqishlar qilganmiz. Sa’dulla aka Abdullayev boshlaganlar, shunaqa qilaylik, deganlar, keyin radioda e’lon berganmiz 100−200 kiloli qizlarni taklif qilamiz deb. 30−40 nafar ayol kelgan.

Halima bilan esa toʻyda tanishganmiz. Xizmatni tugatgandan keyin uni yoniga borib, oʻynashga taklif qilib, ismini soʻraganimda, “Hali” degan. Oʻsha paytda ham “derzkiy” edi. “Gap yoʻq, bratan”, degan, oʻrtaga tushib oʻynaganmiz, u ham, men ham oʻyinda zoʻrmiz — pullar sochilishini koʻrsangiz endi. Ikkita semir oʻynayapti — fayz boʻlib ketib qolgan toʻyxonada.

Keyin koʻchaga chiqib, shunaqa loyiha qilyapman, qoʻshilasizmi, singlim, deb aytganmanl, “boʻldi, gap yoʻq, brat”, degan. Shundan keyin u ham san’atga kirib ketdi", — deydi qiziqchi.


Foto: Instagram / @shukurullo_isroilovoriginal

Soʻz ustasi Shoira Mirsodiqovaga bergan intervyusida turmush oʻrtogʻi bilan qanday tanishgani haqida gapirib bergan. Uning soʻzlariga koʻra, bu jamoat transportida sodir boʻlgan.

“Yangi oyoq kiyim sotib olgan paytim: trolleybus endi jo‘nab ketayotgan bo‘lgan. Yugurib chiqib, bitta qizni oyog‘ini bosib olganman. U paytda 130 kilo edim, keyin u qiz menga qarab “Ko‘zingga qaramaysanmi, semiz!” degan. Uzr, deganman. Qarasam yoqimtoy qiz, shu bilan gaplashib qayerda o‘qishini bilib olib, o‘qish joyiga borganman.

Shundan keyin sevgi boshlanib, roppa-rosa bir yil o‘tib uylanganman. U bilan 16-noyabrda tanishgan bo‘lsam, keyingi yilning 16-noyabrida to‘yim bo‘lgan. Bilmadim, semiz degani yoqqanmi. Juda o‘qimishli, maktabni ham oltin medalga bitirgan. Hozirda Toshkent davlat stomatologiya institutida chet tillar kafedrasining mudiri, lotin tilidan dars beradi. Tibbiyot xodimlari lotin tilini bilishi juda muhim. Hamma dorilarning tarkibi, ular haqidagi maʼlumotlar lotin tilida", — deydi Shukurullo Isroilov.


Shukurullo Isroilov turmush oʻrtogʻi bilan.
Foto: Instagram / @shukurullo_isroilovoriginal

Shuningdek, ularning 3 nafar farzandi — ikki oʻgʻli va bir qizi boʻlsa, ularning barchasi oliy ma’lumotli. “Katta o‘g‘lim ikkita oliygohni tamomlagan. Hozirda avtomobilsozlik sohasida faoliyat yuritadi. Ikkinchi o‘g‘lim Rossiyada institutni tamomlab, yaxshi tashkilotda ishlayapti. Qizim chet tillar institutini tugatgan, hozirda farzandlariga qarab, uyda o‘tiribdi”, — deydi u. 


Foto: Instagram / @shukurullo_isroilovoriginal

Hozirda Shukurullo Isroilov “ZoʻrTv” telekanalidagi “Ertalabdan salom” va “Uxlamaysizmi?” koʻrsatuvlarida boshlovchilik qiladi. Shu koʻrsatuvlarning birida DJ King Macarella mehmonga keladi va u tushunmovchilik sabab Shukurullo Isroilov bilan koʻrishmay oʻtib ketadi. Shundan soʻng DJ ushbu koʻrsatuvda qiziqchi ishlatgan soʻzlardan foydalanib, musiqa chiqaradi va u tarmoqlarda mashhur boʻlib ketadi.