Abduqodir Husanov – "Manchester Siti" futbolchisi. Muxlislar transferga qanday munosabat bildirdi?

E’lon qilingan sana· 583
Abduqodir Husanov – "Manchester Siti" futbolchisi. Muxlislar transferga qanday munosabat bildirdi?

Bu, va nihoyat, sodir boʻldi! 20-yanvar kuni Angliyaning “Manchester Siti” klubi oʻzbekistonlik 20 yoshli markaziy himoyachi — Abduqodir Husanovning transferini e’lon qildi. Futbolchi “shaharliklar” bilan 2029-yil iyunigacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Shu tariqa Abduqodir APLdagi birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi.

Ushbu transfer bilan birga Abduqodirning yangi klub safidagi ilk rasmiy intervyusi ham e’lon qilindi. Tanishtiruv suhbatida u oʻzbek tilida gapirgan. U intervyuda “Siti"ga sovrin yutgani kelganini ta’kidlab, nega aynan 45-raqamni olganini tushuntirdi.

Professional futbolni Belorusda 45-raqamda boshlaganman. Shuning uchun 45-raqamni tanladim, — deydi futbolchi.

Husanov jamoa va murabbiy kuchli ekanini alohida ta’kidlab oʻtgan. “Bu jamoa — juda katta jamoa. Murabbiyi eng yaxshi murabbiylardan biri. Shuning uchun keldim”, — deydi u.

Klub rasmiy sahifalarida ushbu transfer atrofida bir nechta postlar e’lon qilindi. Instagram’da qatorasiga 9 ta post chiqarildi, ularning ikkitasi tasma yuqorisiga qadab ham qoʻyildi. Dastlabki e’lon qilingan post 12 soat ichida 6 mlndan ortiq koʻrildi, 515 mingdan koʻproq layk yigʻdi. Ushbu videoda Abduqodirning yuqoridagi intervyusidan parchalar keltirilgan. Tasavvur qilyapsizmi, dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri va dunyoning eng kuchli ligasi sahifalarida (ular va futbolchi sahifasida kollab qilingan) transfer oʻzbek tilida e’lon qilinmoqda.

Ushbu postlar ostida asosan oʻzbekistonliklar izoh qoldirmoqda, ammo “shaharliklar"ning boshqa muxlislari ham yetarlicha topiladi. Muxlislarning aksariyati uni allaqachon taniydi: kimdir “Lans"dagi oʻyinidan, kimdir taniqli insayder Fabrisio Romano ushbu transfer haqida tinimsiz yozganidan. Muhimi — uni va Oʻzbekistonni endi dunyo taniydi. Mana, masalan, allaqachon Abduqodir Husanovni Angliya koʻchalarida muxlislar tanib qolib, imzo olishmoqda.

Postlar ostidagi izohlarga qaytadigan boʻlsak, futbol muxlislari Abduqodirni “Real Madrid"ning afsonaviy himoyachisi Serxio Ramosga qiyoslamoqda. Foydalanuvchilardan biri “Welcome Uzbek Ramos” deb yozib qoldirgan.

Abduqodir Husanovning shaxsan oʻzi va uning yangi klubi bilan hamkorlik qilib keladigan dunyoga taniqli “Puma” brendining SMMchilari ham bu transferni bee’tibor qoldirmadi.

“Manchester Siti” Angliyada 2020-yildan beri ketma-ket 4 marta chempionlikni qoʻlga kiritgan, ya’ni ular hozir amaldagi chempion hisoblanadi. Muxlislardan biri esa Abduqodirning klubga kelishiga “Bu beshinchisi demakdir”, deb munosabat bildirdi. Abduqodir kichik inqirozni boshdan kechirayotgan “Siti"ga gʻolib boʻlishga yordam bersa, bundan faqat va faqat xursand boʻlamiz, albatta.

Abduqodir Husanov intervyusida Angliyaga, APLga hali koʻp oʻzbeklar (futbolchilar) kelishini ta’kidlab oʻtdi. Bundan avvalroq mamlakatning boshqa bir klubi — “Brendfort"ning oʻrinbosarlar tarkibida 6 oy oʻynab qaytgan oʻzbekistonlik futbolchi Muhammadali Oʻrinboyev shunday izoh qoldirdi: “Meni kut, tez orada koʻrishamiz, doʻstim”. Albatta, Muhammadalini APLda, bu safar asosiy tarkibda koʻrishdan mamnun boʻlamiz.

Angliya Premyer Ligasining rasmiy sahifasi ham Abduqodirga salom yoʻllamoqda.

Yirik brendlar, “shaharliklar"ning ashaddiy muxlislari oʻzbek futbolchisini bunday iliq kutib olishini koʻrish odamni xursand qilmasdan qoʻymaydi.

Muxlislar Abduqodirning ushbu videosini auraning koʻrinishi sifatida baholashmoqda.

Abduqodir Husanovning transferi haqidagi xabar nafaqat Instagram’da, balki “Man Siti"ning X’dagi sahifasida ham “pin” qilindi.

Sobiq Twitter’da ham “Siti"ning ashaddiy muxlislari yetarlicha topiladi. Ular nafaqat Abduqodirni, balki klubni ham ushbu transfer bilan tabriklamoqda.

Foydalanuvchilardan biri AK45 (Abdukodir Khusanov + 45) laqabini olgan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbolchisining hech qachon kulganini koʻrmaganini aytmoqda. Ha, u maydonda juda jiddiy, hayotda esa kulib turadi.

“Siti"ning asosiy fan akkauntlaridan biri boʻlgan “City Chief” nomli foydalanuvchi Abduqodirning oʻzbek tilidagi murojaatiga oʻzbek tilida javob qaytargan.

Aytgancha, u Abduqodirning kulib tushgan kam sonli rasmlaridan birini ham topibdi.

“Siti"ning yana bir ashaddiy muxlisasi — Laura ismli foydalanuvchi ham ushbu postni retvit qilib, oʻzbekcha yozgan.

Futbol muxlisalari Abduqodirning personal muxlisalariga ham aylanib ulgurishgan. Deyarli barcha post ostida futbolchi yoqimtoy, chiroyli va kelishgan ekani yozilgan. Yuqoridagi Laura ham uni “cute” (yoqimtoy) deb atab kelmoqda.

Albatta, Abduqodirning “Manchester Siti"ga koʻchib oʻtgani haqidagi xabar e’lon qilinganiga hali koʻp boʻlgani yoʻq. Tabiiyki, postlarga izohlar kelishda davom etmoqda. Yuqorida biz e’tiborga moliklarini jamlashga harakat qildik. Endi esa bu transfer atrofida kuzatilgan yana bir “izoh"ni ulashsak. Abduqodir Husanov yuqori martabali uchrashuvlarda ham muhokama qilindi. Videoda Shavkat Mirziyoyev va Abu Dabi valiahd shahzodasi Shayx Holid ibn Muhammad Ol Nahayon.

Abduqodir Husanovga cheksiz omadlar tilaymiz. Uning debyut uchrashuvi, goli va muvaffaqiyatli oʻyinlarida ham mana shunday xursand boʻlib oʻtiraylik. Va albatta, bu biz uchun oddiy holga aylansin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov