Diyora Keldiryorovaning Uto Abe ustidan qozongan gʻalabasi "Yil voqeligi" deb topildi

E’lon qilingan sana· 164
Diyora Keldiryorovaning Uto Abe ustidan qozongan gʻalabasi "Yil voqeligi" deb topildi

Xalqaro dzyudo federatsiyasi (IJF) 2024-yilning eng yaxshilarini e’lon qildi, deya xabar bermoqda Olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.

Unga koʻra, dzyudo boʻyicha Parij “Katta dubulgʻa” turniri doirasida oʻtgan tadbirda Olimpiya oʻyinlari chempioni Diyora Keldiyorovaning Olimpiadada yaponiyalik Uta Abe ustidan qozongan gʻalabasi “Yil voqeligi” nominatsiyasida gʻolib deb topildi. Bundan tashqari, ushbu musobaqaning aralash jamoaviy final janglari va mongoliyalik dzyudochining Olimpiada chempionligigacha bosib oʻtgan yoʻli ham mazkur nominatsiya nomzodi sifatida koʻrilgandi.

Shuningdek, Marko Shpittka “Ayollar terma jamoalarining eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasida tengsiz boʻldi.

Eslatib oʻtamiz, Diyora Keldiyorova yozgi Olimpiadalar tarixida oltin medal qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik ayolga aylangandi. -52 vazn toifasida hal qiluvchi bahsda o‘zbekistonlik dzyudochi Yevropaning ikki karra chempioni bilan kurashib, irodali g‘alabaga erishgan.

26 yoshli dzyudochi dastlab nimchorakfinaldayoq yaponiyalik amaldagi Olimpiada chempioni Ute Abening 5 yillik mag‘lubiyatsiz seriyasiga barham berib, turnirdan chiqarib yuborgan bo‘lsa, chorakfinalda germaniyalik Masha Ballhausni mag‘lub etib yarimfinalga chiqqan. Yarim final bahsida esa Keldiyorova mezbonlar vakili bo‘lgan Olimpiada-2020ning oltin (jamoaviy) va kumush medali sohibi Amandin Busharni mag‘lubiyatga uchratgan.