Foto va video: Lola oʻz konsertini kinoteatrda premyera qildi

Xonanda Lola 2-fevral kuni oʻzining 2024-yilgi “L.O.L.A” konsertini “Cinematica” kinoteatrida premyera qildi. Ushbu konsert tez orada YouTube’da ham namoyish etiladi.
Bunday tajriba avval Oʻzbekistonda kuzatilmagan, yangiliklarni sinashdan qoʻrqmaydigan Lola konsertini ham kinoteatrda namoyish etishga qaror qildi. Premyera haqidagi xabar 28-yanvarda e’lon qilingandi, ya’ni 4 kun oldin. Oradan kun ham oʻtmasdan esa barcha chiptalar sotib boʻlindi. Kinoteatrning “Dolby Atmos” ovoz tizimiga moslashtirilgan zali toʻldi. Afisha.uz muharriri ham ushbu tadbirda qatnashdi hamda undan video va fotoreportaj tayyorladi.
Kinoteatrga kirishda oddiy emas, balki brendlangan popkornlar taklif etilayotgandi. Odamlarda oʻzini ham kino, ham konsertda oʻtirgandek his qilishlari uchun tayyorgarlik koʻrib, ulardan ham olib kirishardi.
Deyarli barcha muxlisni Lolaning oʻzi kutib oldi va ular birga suratga tushdi.
Bu orada biz Lola Yoʻldashevadan bu fikr qanday paydo boʻlgani haqida soʻradik.
“Aslini olganda, biz oʻzimiz konsertni katta ekranlarda koʻrishni xohladik. Konsert paytida kartinani toʻliq koʻra olmaysiz, faqatgina zalning energiyasini his qilasiz. Kartinani tashqaridan koʻrish esa doim qiziq boʻlgan, kinoteatrda namoyish fikrini esa biz ajoyib deb oʻyladik”, — deydi xonanda.
Shuningdek, Lola bu konsert namoyishlariga yana seans qoʻshilishi mumkinligini istisno etmadi.
Konsert videosi avvalidan sahnaorti jarayonlari namoyish etilgan boʻlsa, video davomida tomoshabinlar toʻlaqonli konsert atmosferasini his qilishdi. Kinoteatrda oʻtirganlar ham birga qoʻshilib kuylay va oʻynay boshladi. Umuman olganda, konsertga tushmaganlarga bu armon boʻlib qolmadi, tushganlar esa oʻsha atmosferani yana bir marta his qildi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur shou “FTV Music Awards 2024” va “Oʻzbegim 2024” taqdirlash marosimlarida yilning eng yaxshi konserti deb topilgan. Afisha.uz Lolaning ushbu shov-shuvli konsertidan fotoreportaj tayyorlagan.
