Mirshakar Fayzulloyev, Konsta, Asl Wayne va Ruhsora Emm "Chempion" nomli trek e'lon qildi

E’lon qilingan sana· 849
Mirshakar Fayzulloyev, Konsta, Asl Wayne va Ruhsora Emm "Chempion" nomli trek e'lon qildi

Stendap komik Mirshakar Fayzulloyev oʻzining ilk trekini e’lon qildi. Unda Konsta, Yamadji, Ruhsora Emm va Asl Waynelar ham qatnashgan.

Ushbu qoʻshiqning asosiy qismini reperlar kuylagan, komik esa faqatgina audioning boshida qatnashgan. Uning soʻzlari “Ey, Chempion"dan iborat.

Trek musiqiy platformalarga joylandi, ushbu havola orqali uni tinglash mumkin. Avvalroq Afisha.uz muharriri ushbu qoʻshiqqa klip suratga olish jarayonida qatnashib, Mirshakar Fayzulloyevdan trek haqida izoh olgandi.

“Har bir inson — alohida bir dunyo. Bir umr oʻz dunyosining chempioni boʻlishga harakat qiladi. Xuddi shu gʻoyani Yamadjiga aytganimda, u kel, trek qilamiz, dedi. Men qoʻshiq aytishni bilmayman, lekin aytadiganlarni bilaman, dedim. Bu qoʻshiqqa aloqasi bor odamlarning hech qaysi biri bir soʻm pul olmagan. Hech qanday moliyaviy manfaat yoʻq, shunchaki gʻoya yoqqani uchun hamma birlashdi”, — deydi Mirshakar Fayzulloyev.

Klipga Elyor Ne’mat rejissyorlik qilgan.

Stendap komik gʻoya uniki boʻlishiga qaramay trekdagi ijodkorlarning qatorlariga umuman aralashmagani, reperlar oʻzi yozganini qayd etib oʻtdi. Shuningdek, bu gʻoyani amalga oshirish juda oson boʻlganini alohida qayd etib oʻtdi.

“Oʻzi, umuman, qanday boʻldi? Men Yamadjiga gʻoyani aytganimda, ertalabgacha vaqt soʻradi va uyiga ketdi. Uyga ketdim, deb aytgandi, toʻgʻrisi, studiyaga ketgan ekan va 45 daqiqadan keyin menga bitni yubordi. Konsta bilan esa undanam qiziq boʻldi. Men unga telefon qilib, gʻoyani uzoq tushuntirganimda yoʻq, chiqmayman, noz qildi, boshqa qildi — aslida vaqt choʻzayotgan ekan. U shu payt soʻzlarini yozayotgan ekan. Suhbatni oxirida „boʻldi, Mirshakar, soʻzini yozdim, studiyada yozib tashlab beraman“, dedi. Men bilan telefonda gaplashib turib yozilgan soʻzlar, lekin bunda soʻzlar aziyat chekdi deb oʻylamayman, juda zoʻr, ma’noli”, — deydi komik.

Eslatib oʻtamiz, Mirshakar Fayzulloyev 15-fevral kuni Humo Arenada katta stendap konsert dasturini taqdim etadi. Afisha.uz oʻzining Telegram va Instagram sahifalarida ushbu konsertga chiptalar yutib olish mumkin boʻlgan yutuqli oʻyin oʻtkazmoqda.

Klip 13-fevral kuni YouTube’ga joylandi.

Ushbu klip suratga olish jarayonida koʻproq fotosurat quyida.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling