"Otam oʻtgandan keyin doim bizni boshimizni silashmoqda" — Zohirshoh Joʻrayev

“Xalqlar doʻstligi” san’at saroyida 11−13 aprel kunlari Shohjahon Joʻrayevning konserti boʻlib oʻtdi. Ushbu sulolaning yana bir vakili Zohirshoh Joʻrayev konsertda otasidan keyin ham muxlislarning mehri oʻzgarmagani haqida gapirdi.
“Bizning xalqimiz juda ham mehribon xalq. Otam oʻtgandan keyin biz qayerga chiqsak, doim bizni qoʻllab-quvvatlab, boshimizni silashadi. Akamning konsertida otamning konsertidagi atmosferani his qildim. Odamlarning har bir qoʻshiqqa, soʻzga, ohangga e’tiborini sogʻingan edim.
Otamning konsertiga keladigan, akamning konsertiga keladigan tinglovchilar ham haqiqiy san’atni, qoʻshiqni, adabiyotni bilimiga ega boʻlgan ziyoli insonlardir. Chunki ular Navoiy, Ogahiy, Hofiz Xorazmiy, Sa’diy Sheroziy, Hofiz Sheroziy, Mahtumquli, Jaloliddin Rumiy hazratlari kabi buyuk zotlarning soʻzlarini anglash uchun ham kitob mutolaa qilgan muxlis boʻlishi kerak", — dedi Zohirshoh Joʻrayev.
Ma’lumot uchun, ushbu konsertda Shohjahon Joʻrayev tomonidan otasi Sherali Joʻrayevning ham koʻplab qoʻshiqlari ijro etildi.