Yangi uslubdagi eski maktab: Reperlar Dior, Saman va Mahmood bilan suhbat

Oxirgi bir yil o‘zbek musiqa sanoatida katta burilishlarga boy bo‘ldi. Ko‘plab san’atkorlar uzoq yillik tanaffusdan so‘ng yana ijodga qaytdi. “Setora” guruhi, Yagona va Mashhur Muhammad shular jumlasidan.
Ammo ushbu maqolada 2010-yillar o‘rtalarida yerosti rep olamida katta mashhurlikka erishib, ijodni to‘xtatgan va joriy yilda yana san’atga qaytgan reperlar haqida so‘z boradi. Afisha.uz muharriri Mahmood va Saman bilan suhbatlashdi, Diorning esa “NmaGap” podkastidagi chiqishidan eng muhim fragmentlar keltiriladi.
Mahmood
Mahmud Ubaydullayev (Mahmood) o‘tgan o‘n yillikdagi taniqli ijodkorlardan hisoblanadi. Uni uzrep muxlislari “Oqibat kaliti”, “Qadr” (ft Konsta), “Charchadim” (ft Morf), “Qora mamba” (ft Saman) va “Benefis” (ft Benazir) kabi treklardan yaxshi tanishadi. Mahmood ikki yil oldin “Dushman” nomli trek va unga ishlangan klipni taqdim etdi. Ammo shundan so‘ng yana bir muddat ijoddan pauza oldi.
Reper 2025-yil boshida o‘zining yangi studiyasidan olingan suratlarni Instagram’dagi sahifasiga joylab, qaytayotganiga ishora qildi. Uning Afisha.uz jurnalisti bilan suhbatda aniqlik kiritishicha, ushbu studiyani uzoq yillik do‘sti va hamkori Pazhie (Fazliddin Sherimbetov) bilan birgalikda ochgan. Ta’kidlash kerak, ular 2015-yillarda “BLVCKSOUND” ijodiy birlashmasini tashkil etib, shu leyblda birga ishlashgan. Ijodkor ushbu birlashma yana tiklanayotganini ma’lum qildi.
Mahmood hozirgi va oldingi uzrep qaysi jihatlari bilan bir-biridan farq qiladi degan savolga ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi hamma qatori reperlarga ham foyda olib kelganini ta’kidladi. “Avval treklar bunchalik keng tarqalmasdi. Musiqiy platformalar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Biz faqatgina Telegram kanalimizga qo‘yardik. Agar qo‘shiq Bluetooth’dan tarqala boshlasa, saytlar ham e’lon qila boshlardi. Klip ishlash degan narsa xayolga ham kelmagan”, — deydi reper.
Ijodkor yangi uzrepni yangi qonga qiyoslab, unda qizlar ham borligidan xursand ekanini ta’kidladi. “Bizning davrimizda repda qizlar juda kam edi, bo‘lsa ham ular kichik batllardan tashqariga o‘tmasdi. Hozir bunday musiqachilar ko‘payayotganidan benihoya xursand bo‘laman. Qancha ko‘p yangi yo‘nalish va ovozlar bo‘lsa, san’at ham shunchalik shiddat bilan rivojlanadi”, — deya qayd etdi Mahmood.
Reper biroq hali ham rep yo‘nalishlari juda torligi uni xafa qilishini ta’kidladi. U o‘tgan yillar davomida trep yo‘nalishida bir qancha qo‘shiqlar chiqargani, ammo ular juda kamsonli muxlislar e’tiborini qozona olganini qo‘shimcha qildi. Uning bildirishicha, bunday zamonaviy yo‘nalishlar Yevropa va AQSH rep olamida anchayin mashhur hisoblanadi.
Shu bilan birga, Mahmood uzrepning eng yorqin vakillaridan biri Dior yana ijodga qaytayotganidan ham xursand ekanini aytdi. “Bundan tashqari, o‘zim ham yana ijodga qaytish arafasida turibman. Hozircha o‘ntaga yaqin trek tayyorlangan, faqat hali ustida qilinadigan bir nechta ishlari bor. Shu bilan birga, men repdagi taxallusimni Maxa deya o‘zgartirdim. Meni eng boshidan kuzatadiganlar bilishadi, aynan shu nik bilan 2011-yilda ilk qo‘shig‘imni yozganman. Yana shu nomga qaytishga qaror qildim”, — deb aytadi reper.
Saman
Samandarbek Sarvarovich (Saman) ham uzoq yillik tanaffus olib, 2024-yilda yana ijodga qaytgan. U o‘tgan yil avvalida “Kema”, “Sansiz”, “Yig‘lama” kabi taronalarini muxlislar e’tiboriga havola etdi. Ta’kidlash kerak, Saman yil o‘rtalaridan katta mashhurlikka erisha boshladi. Yangicha uslubdagi treklar minglab tinglovchilar qalbini zabt eta oldi.
Reper iyul oyida o‘zining “Kent” nomli taronasini e’lon qildi. U bloger Imdestan bilan birgalikda kuylangan. Aynan shu trek orqali Saman ijodida burilish yasaldi deyish mumkin. Shundan so‘ng u bir qancha yangi taronalar e’lon qildi va millionlab ko‘rishlar soniga ega bo‘ldi. Reper qo‘shiqlarida uzrepning eng yorqin vakillaridan biri Dior nomini ko‘p tilga oladi. Aynan shunday videolardan biriga Diorning o‘zi ham izoh yozib, unga omad tilagan.
Saman biz bilan suhbatda uzrepdagi o‘zgarishlarga to‘xtalar ekan, avlodlar almashinuvini kuzatganini alohida qayd etdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, repda uslubiyat saqlanib qolgan bo‘lsa-da, mavzular bir qadar o‘zgargan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar yaxshigina rivojlandi. Bu esa bizga ijod namunalarimizni kattaroq auditoriyaga taqim etish imkonini berdi. “Oldingi uzrep qoldimi, degan savol ham bor. Avval hammasi boshqacha edi. Barcha bir-biri bilan ahil edi. Hozir hammasi o‘zgargan”, — deydi Saman.
U treklarda doimiy ravishda ishlatiladigan “Burgut” va “99 aloqada” atamalariga ham izoh berib o‘tdi. “99 aloqada O‘zbekistondagi eng ommalashgan aloqa operatorining kodlaridan biri. Bu biz doim aloqadamiz, degan ma’noni anglatadi. Burgutni bo‘lsa eski muxlislarim juda yaxshi bilishadi. Uni ikkinchi taxallusdek ishlataman. Ushbu jonzot umri davomida juda ko‘p mashaqqatlarni boshidan kechiradi. Hayotda burgutdek yashagan inson hech qachon kam bo‘lmaydi, deb hisoblayman”, — deya ta’kidlaydi Saman.
Reper joriy yilda kichik albom taqdim etish rejasi borligini, ammo bunga hali vaqt kerakligini qo‘shimcha qildi. Uning bildirishicha, to‘plamdagi barcha qo‘shiqlar hayotiy mavzuda: yigitlarning halol mehnati, mashaqqatlari va ichki kechinmalari haqida bo‘ladi. Saman yaqin orada duet uchun g‘oyasi yo‘qligini ham aytdi. “Yo‘l” treki esa ProAct’ning tashabbusi bilan birga kuylangan. Saman, shu bilan birga, Toshkentda konsert ham tashkil qilish rejada mavjudligini ta’kidladi.
Dior
“Qirol” va “afsona” atamalari bilan nomi tilga olinadigan reper Diyor Yakubov (Dior) haqiqatan ham so‘nggi ikki dekadadagi eng mashhur yerosti ijodkorlardan biri bo‘lgan. Uning treklari deyarli har bir kolonkadan eshitilardi. Dior konsert berishi haqidagi xabar yashin tezligida tarqalardi. U hozirgi ko‘plab ijodkorlarning faoliyati boshlanishiga bilvosita ta’sir ko‘rsatgan deyish ham mumkin.
Yuqoridagi san’atkorlar ta’kidlagandek, avval media imkoniyatlari juda cheklangandi. Shu sabab Diorning shaxsiyatini ochib beradigan, uning dunyoqarashini anglashga yordam beradigan intervyular deyarli yo‘q. Faqatgina 2025-yilga kelib, Dior YouTube’dagi “NmaGap” loyihasida mehmon bo‘ldi. Aynan shu yerdagi suhbatdan eng muhim fragmentlarni taqdim etamiz.
“Ijodni tark etib ketishimga aniq bir sabab bo‘lmagan. Menimcha, yoshim ulg‘ayganim sari boshqa ish qilishim kerakligini tushunib yetgan bo‘lsam kerak. Ammo bir narsani aniq aytolaman, muxlislarning e’tibori kamaygani yoki shunga o‘xshash biror sabab bilan ijoddan ketmaganman. Shunchaki, to‘g‘ri hayot kechirish kerakligini anglab, oila qurib, o‘z hayotimda yashay boshladim”, — deb ta’kidlaydi Dior.
Diss qo‘shiqlar ustasi hisoblanuvchi reper 2000-yillar oxirida juda ko‘plab shunday ruhdagi treklar chiqargan. Ammo u bunday ijod namunalaridan uyalishini ham ta’kidlaydi. “O‘sha davrda shu yo‘nalish ommalashgan, uni mashhur qilganlardan biri o‘zimman. Davr talabi deb ijod qilganmiz. Ochig‘ini aytish kerak, keyingi treklarim aynan disschalik mashhur bo‘lmagan. Chunki disslar istalgan kafe, sartaroshxona, taksi va barlarda eshitilib turardi”, — deb aytadi u.
Diorning ta’kidlashicha, hozirda xomashyo sotish bilan shug‘ullanadi. “Qashqadaryo, Qoraqalpog‘iston, chet eldan Qozog‘iston va Rossiyadan granulalar olib kelib sotamiz. Qiziq jihati, yuk olib keladigan katta mashinalarining haydovchilari tez-tez meni tanib qoladi. Reperligimni bilgan mijozlar ham bir muddat menga ishni ishonish mumkinmi deya qarashadi. Ammo suhbatlashib olgach, hammasi yaxshi tomonga o‘zgaradi”, — deydi reper. U bundan tashqari, uzoq yillar davomida o‘zining studiyasida ovoz yozish xizmatlarini ham taqdim etib keladi.
“Ijodga qaytishim sababi men haqimdagi eski taassurotlarni o‘zgartirishdir. Chunki avval kayfu-safoga berilib hayot kechirish haqida ko‘p gapirganman. Bu xato ekanini anglab yetdim. Muxlislar meni o‘sha Dior sifatida eslab qolishlarini xohlamayman. Shu bois yaqinda „Fitrat“ deb nomlangan qo‘shiqni e’lon qildim. Unda o‘zimni qiynayotgan bir qancha savollarga javob berganman”, — deya ijodga qaytish sababini tushuntirgan Dior.
