Minor — oʻzbek repi, klassika va psixologiya haqida. Reper bilan katta suhbat

Oʻzbek repi kichik koʻringani bilan u juda katta, eski va talantlarga boy. Shu paytgacha Afisha.uz ularning koʻpi bilan suhbatlashdi, bugungi navbat — Minorga. Biz Minor bilan u qanday qilib repga kirib kelgani, oʻzbek repining hozirgi holati, ijodkor qayerdan ilhom olishi, viloyatlararo rep festival va boshqalar haqida suhbatlashdik.
Suhbat boshida biz Minordan uning nikneymi haqida soʻradik. Uni birinchi oʻqituvchisi ishlatgan.
“Musiqa minor yoki major ohangda yozilgan boʻladi. Major — jarangdor, quvnoqlikka yetaklovchi boʻladi, minor esa sal gʻamgin va sokinroq. Menga minor yoqardi, majorni oʻrganishni yoqtirmasdim. Oʻqituvchi biladiku sizni baribir. Shuni orqasidan kelib chiqqan nikneym. Qisqa qilib aytganda, musiqiy termin”, — deydi reper.
Minorning soʻzlariga koʻra, birinchi professional trek 2014-yilda chiqqan — “Beshafqat hayot”. U hozirgacha yuzdan ortiq trek chiqargan. Ularning orasida disslar ham bor. Unda soʻkinish soʻzlari ham boʻlgan. Undan shu haqda soʻradi, ya’ni soʻkinish soʻzlar musiqaning qiymatini tushiradimi?
“Tushiradi. Lekin shunaqa joylari boʻladiki, vazn qoʻshib berishi mumkin, shunchaki soʻzni ishlatishni bilish kerak”, — deydi u.
Bundan bir yil avval reper AslWayne bilan qilgan intervyumizda Minor bilan duet haqida soʻragandik. Minorning aytishicha, qoʻshiq tayyor.
“Yozib boʻlganmiz. “Svodka"si qolgan. Chiqadi keyin. Uni AslWayne yuborishi kerak, chunki men ovozimni yozib unga yuborganman. Keyin AslWayne Fargʻonaga keladi yo men Xorazmga boraman, klipini olamiz, chiqaramiz”, — deydi Minor.
Eslatib oʻtamiz, 10-may kuni Asl Wayne viloyatlararo rep festival doirasida Fargʻonaga boradi.
Suhbatning toʻligʻini Afisha.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
