“Ular xohlagani uchun saviyali boʻlib qololmayman” — reper Shaka bilan katta suhbat

E’lon qilingan sana· 76
“Ular xohlagani uchun saviyali boʻlib qololmayman” — reper Shaka bilan katta suhbat

Afisha.uz reperlar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi mehmon — oʻziga xos yoʻnalishi va ovoz sohibi Shaka! Biz reper bilan Oʻzbekiston va Dubaydagi ishlari, ijodi, repni qanday tushunishi, “Oʻzbek” albomi, falsafa, muhabbat hamda Samandar Hamroqulov va Yulduz Usmonovaga atalgan disslari haqida suhbatlashdik.

Shaka (Shahriyor Karshiyev) bir necha yil davomi BAAda yashab, tekstil sohasida ishlagan. Reperning aytishicha, hozir u yashash uchun butunlay Oʻzbekistonga qaytgan. Biz undan BAA va Oʻzbekistondagi ayrim farqlarni soʻradik.

“Oʻzbekistonga kelishimdan oldin, bu yerda vaqtim koʻproq boʻladi, deb oʻylagandim. Lekin aksincha boʻlib chiqdi — umuman vaqt kam, buyogʻda qiyinroq ijod qilish Dubayga nisbatan. Dubayda bekorchi vaqt koʻproq edi, bu yerda tartib bilan, jadval boʻyicha yurish qiyin ekan. Hammasini chamalab bosasiz. Shu sababli ertalabdan kechgacha boʻsh vaqt topilmaydi”, — deydi Shaka.

Intervyuga tayyorlanish vaqtida Shakaning ayrim treklari, xususan, 2022-yilda e’lon qilingan “Oʻzbek” albomi va Yulduz Usmonovaga atalgan “Buzilgan Yulduzga” dissi yoʻqolib qolganini koʻrgandik. Buni reperning oʻzidan soʻradik.

“Distrebyuter kompaniya bilan shartnoma vaqti cheklangan edi. Yangilash mumkin edi, yangilab oʻtirmadim, bilmadim bu albomni platformalarda boʻlishi qanchalik zarur, oʻzimga yoqmay qolgandek tuyuldi. Endi shartnomani uzaytirish kerak, uzaytiramiz”, — dedi Shaka. Bu intervyu e’lon qilingan vaqtda esa bu treklar tarmoqlarga qaytgan.

Shakaning soʻzlariga koʻra, “Buzilgan Yulduzga” treki sotsial diskriminatsiyaga qarshi kuylangan. Yulduz Usmonova bundan bir necha yil oldingi konsertida muxlislardan jim oʻtirishni talab qilib, urishgan edi. Reperga esa bu yoqmagan va “Ey, qalblarni titratgan sohibjamol zoʻr Yulduz, nechun bu kun bizga qilayapsan tajovuz…” deb boshlanuvchi diss yozgan. Reperning bildirishicha, Usmonovaning oʻzi yoki jamoasidagilar bu qoʻshiq boʻyicha hech qanday e’tiroz bildirmagan.

Shuningdek, reperga yaqin mavzular haqida soʻradik.

“Menimcha, men atrofimda nima sodir boʻlsa, shundan ilhom olaman. Masalan, menga yoʻl qoidasi qiziq yoki daraxt ekish qiziq — qoidasi yoʻq, ilhom qayerdan kelsa, oʻsha yerdan ketaveradi. Vaqtinchalik mavzularga qiziqmayman, trenddagi gaplar bilan 1 hafta yoki bir oydan keyin hech kimni ishi yoʻq. Shunaqa mavzular borki, xoslar adabiyoti deydi, boqiy mavzular borda, ular ming yil oldin ham boʻlgan, 5 ming yil keyin ham aktual boʻladigan mavzular bor, men shularga qiziqar ekanman, oʻylab qarasam. Sevgi ham oʻsha mavzulardan biri”, — deydi Shahriyor Karshiyev.

Biz Shakadan tinglovchi repni tushunib eshitishi muhimmi, deb soʻraganimizda u repni tushunmay eshitishni quyidagilarga taqqosladi: “bir manzildan ikkinchisiga bormasdan, mashinaning saloni zoʻr ekan, deb qaytib chiqish yoki she’riy kitobni rasmlarini tomosha qilishdek”.

Bundan tashqari, YouTube sahifamizdagi toʻliq intervyu davomida falsafa, Mirzabek Holmedovning ijodi, repdagi diss oʻrni, eng negativ rezonans bergan trek va boshqa qiziq mavzular haqida suhbatni tinglashingiz mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling