Jahongir Otajonov ft. Lola: Musiqiy hamkorlik kutilyaptimi?

So‘nggi kunlarda o‘zbek estradasi vakili Lola yana ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markaziga aylandi. Bunga uning Instagram sahifasida e’lon qilgan navbatdagi videosi sabab bo‘ldi. Unda xonanda yorqin va epatajli uslubda ko‘rinish berib, mashhur amerikalik san’atkor Lady Gagani konsert dasturiga taklif etgan.
Video “Abracadabra” qo‘shig‘i ostida joylangan bo‘lib, bu chiqish Lolaning yaqin orada o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan konsertiga tayyorgarlik jarayonida suratga olingan. Ayni uslub va kiyinishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik foydalanuvchilar video post izohida Lolaning imidjini xonanda Jahongir Otajonovning uslubiga o‘xshatib, bu ta’sir hattoki taqlid bo‘lishi mumkinligini bildirishdi.
Mazkur fikrlarga aniqlik kiritish maqsadida Jahongir Otajonovning imidjmeykeri Madina Mahmudova oʻz instagram sahifasida yangi klip olinish jarayonidan Otajonovning o‘ziga murojaat qilib, Lola Yoʻldoshevaning oxirgi koʻronishlari ulardan ilhomlanib qilinganligi haqidagi fikrlarga nisbatan munosabatini soʻradi. Ushbu post ostidagi izohlarda esa kutilmagan holat yuz berdi: xonanda Lola duet taklifi bilan chiqdi.
Jahongir Otajonov esa bu masalaga o‘z munosabatini bildirib, quyidagicha fikr bildirdi:
“Epotaj masalasida mendan ilhomlanib qilingan deb hisoblamayman, sababi ular mendan ancha oldin zamonaviyroq edi.”
Shuningdek, duet kuylash haqidagi savolga javoban, bunday hamkorlik ehtimolini inkor etilmadi:
“Bu yerda hech qanday taqiq yo‘q. Agar ikki tomonning musiqiy vokal ko‘rsatkichlari munosib bo‘lsa, chiqish ehtimoli bor”, — deydi xonanda.
Hozircha bu taklif atrofida rasman tasdiqlangan ma’lumot yo‘q, biroq muxlislar bu san’atkorlarning sahnadagi duetini intiqlik bilan kutmoqda.