Botir Qodirov mualliflik huquqini buzgani uchun 100 mln soʻmdan ortiq tovon puli toʻlaydi

Xonanda Botir Qodirov mualliflik huquqini buzgani uchun shoir Shamsiddin Sadoiyga jami 132 million so‘m miqdorida tovon puli va ma’naviy zarar to‘laydi. Bu haqda “Adliya yangiliklari” Telegram kanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yilning iyun oyida shoir Shamsiddin Toʻrayev tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga mualliflik huquqlari buzilishiga chek qo‘yish, ya’ni mualliflik huquqi buzilishi natijasida yetkazilgan ma’naviy zarar va tovon puli (kompensatsiya) undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi kiritilgan.
Mazkur da’vo arizasi bo‘yicha fuqarolik ishi ko‘rib chiqilib, sudning hal qiluv qaroriga asosan Botir Qodirovdan shoirning foydasiga BHMning 300 barobari ya’ni 112.500.000 soʻm miqdorida tovon puli hamda 20.000.000 soʻm ma’naviy zarar undirilishi belgilangan.
Shuningdek, Botir Qodirov zimmasiga Shamsiddin To‘rayev muallifligidagi “Davlating borida”, “Omonat” va “Tingla do‘stim” nomli qoʻshiqlar ijrosini efirga uzatish, barcha ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, O‘zbekiston Respublikasidagi barcha davlat va nodavlat teleradiokanallarda, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalarda har qanday tarzda foydalanishni darhol to‘xtatish (qat'iy taqiqlash) majburiyati yuklatilgan.