Telegram foydalanuvchilari firibgarlar haqida shaxsan Durovga murojaat qilishi mumkin boʻladi

Telegram asoschisi Pavel Durov platformaning noyob raqamli aktivlari — sovg‘alar, raqamlar va foydalanuvchilarning unikal ismlari narxi keskin oshgani haqida xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, bular ilgari bir necha dollarga sotib olingan bo‘lsa, hozirda 100 ming dollardan ortiq summaga sotilishi mumkin. Biroq bu o‘sish firibgarlarni o‘ziga jalb qiladi.
Qayd etilishicha, jinoyatchilar foydalanuvchilardan qimmatli aktivlarni topshirishni talab qilib, shaxsiy yoki maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid va shantaj qiladi. Shuningdek, ba’zi kanallar buni biznesga aylantirib, obro‘sizlantiruvchi postlar joylab, ularni o‘chirish uchun pul talab qilmoqda.
“Bu noqonuniy va axloqsizlik, biz bunga toqat qilmaymiz”, — deya ta’kidladi Durov.
Telegram qoidabuzarliklarga qarshi kurashish choralarini ko‘rmoqda. Durov foydalanuvchilarni shantaj yoki tahdid holatlari haqida shaxsan uning oʻziga dalillar bilan murojaat qilishga chaqirdi.
“Agar sizni firibgarlar yoki kanallar shantaj qilayotgan yoki tahdid qilayotgan bo‘lsa, darhol bu haqda xabar bering. Iloji boricha dalillar bilan. Bu kanal orqali menga shaxsiy xabar yuboring. Biz bu buzg‘unchilarni platformamizdan oʻchirib tashlaymiz va Telegramni barcha uchun xavfsiz saqlaymiz”, — dedi u.