“Moshinang 18 yoshingdan bo‘lsin”: Q.zlar navbatdagi trekini e’lon qildi

Uch nafar qizdan iborat guruh 7 oydan so‘ng qaytdi. Ular o‘zbek hip-hopiga “Intro” qo‘shig‘i bilan kirib kelgandi. Unda guruh a’zolari qaysidir ma’noda o‘zini tanishtirib chiqqan. Ushbu qo‘shiqdan keyin tinglovchilar tomonidan turlicha firklar bildirildi: kimlardi qizlarni qo‘llab-quvvatladi, ayrimlar esa tanqid qildi. “Freestyle"da esa ushbu tanqidchilarga javoblarni ilg‘ash mumkin.
Ushbu qo‘shiq Konstaning iyun oyida bo‘lib o‘tgan “Vatan” turi konsertlarida premyera qilindi (ular “YuzLabel” a’zolari hisoblanadi). Guruh a’zosi Dinora Farhodovaning ta’kidlashicha, tur vaqtida bu trek muxlislar tomonidan yaxshi qabul qilingan.
“Bizga sahnadan shunaqa tuyuldimi, bilmadim, lekin tur vaqtida trekimizni juda yaxshi qabul qilishdi deb o‘ylaymiz. Samarqandda esda qolarli voqea boʻldi: sahnaga chiqib kelganimizda qizlar bizni ko‘rganida xursandchilikdan ko‘ziga yosh ham kelganini ko‘rdim, bu tur vaqtidagi eng esda qolarli reaksiya bo‘ldi”, — deydi Dinora Afisha.uz muharriri bilan suhbatda.
Aynan shu turga tayyorgarlik (va ba’zi boshqa muammolar) sababli ikkinchi trek premyerasi kechikkan (“Intro” 2024-yilning dekabrida e’lon qilingandi). Qizlarning aytishicha, “Freestyle” 3−4 oy avval tayyor boʻlgan, “lekin bu ishning yarmi ham emas”.
Dinora
Klipdan skrinshot
“Freestyle"ning soʻzlarini “YuzLabel” prodyusserlari — MORF va Konsta yozgan. “Albatta, ular oʻzimizdan kelib chiqib va xarakterimizga moslab yozishadi”, — deya qoʻshimcha qilinadi Dinora.
Yuqorida yozganimdek, qoʻshiq matnidan oʻtgan yetti oydagi tanqidlarga javobni payqash mumkin. Masalan, Dinoraning quyidagi qatorlariga e’tibor beramiz:
Guling kerakmas, boshingdan qolsin,
Moshinang 18 yoshingdan boʻlsin.
Oʻsha “ajal” sinfdoshingman oʻzim,
Kesib, montaj qilib tashinglar soʻzim.
Ushbu qatorlar Dinoraning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va tanqidlarga sabab boʻlgan videosidan kelib chiqqan. U ijtimoiy soʻrovnomalardan birida “Necha yoshda oʻgʻil bolaning mashinasi boʻlishi kerak?”, degan savolga “18 yoshda deb oʻylayman”, deb javob bergan. Ushbu video tarmoqlarda kesib tarqatilgandi ham. Dinora esa “rasmiy munosabat"ni yangi trekida “bildirdi”. Guruh a’zosi tarqalgan videolar qoʻshiqning PR kampaniyasi boʻlganiga ham ishora qildi.
“Xuddi shunday yoki tanqidlarga sabab boʻlgan video ashulamiz uchun qilingan. Buni endi bilmadik”, — deydi u kulib.
Trek boshida esa Shaxlo Oʻktamovaning kirish soʻzlari shunday boʻlgan: “Q.zlar in the house ,Sha bu qizil bayroq”. Bu esa yuqoridagi video ostida bildirilgan eng koʻp fikrdan olingan, ayrim yigitlar bu qizlarni “red flag” deb atagandi.
Shaxlo
Klipdan skrinshot
Shuningdek, Amira Salimovaning qatorlariga ham alohida e’tibor berishga arziydi:
Hamma urinsa-da yo‘limni to‘sgani,
Tepaga — Nyuton qonuniga teskari.
Heyterlar yig‘iladi ostonamizga,
Xo‘jayin bo‘ladi o‘z tanamizga.
Amira
Klipdan skrinshot
Bu qatorlarda “Intro"dan keyin ularning kiyinish uslubiga bildirilgan fikrlarga javob berilgan. Umuman olganda, bu bugungi barcha qizlar uchun aktual — ijtimoiy tarmoqlarda qizlarni yopiqroq kiyinishga “chorlaydiganlar” ko‘paygani ham bor gap. Shuningdek, u “qiz bolaga bunaqa musiqa yarashmaydi” deganlarga ham ilmoqli gaplar qilib oʻtgan.
Shaxlo ham bularni tasdiqladi. “Shunday. Bizda har qanaqa yangilik juda ham ogʻir qabul qilinadi. „Q.zlar“ esa shablon fikrlarga qarshi”, — deydi u.
“Freestyle” klipida qizlar 3 xil obrazda koʻrinish bergan. Ulardan biri — futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi libosi.
“Klipdagi obrazlarimiz bu bizning milliy naqshlarimizning oʻzgacha talqini. Futbol formaga keladigan boʻlsak, Oʻzbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqqani uchun ularga hurmat bildirish uchun kiyganmiz”, — deydi Amira.
Klipning asosiy qismi esa mahalla guzarida suratga olingan. Buning sababini esa ular klip oxirida bildirib ketishgan: “Guzar — oʻzbek mahallasi tuzulmasidagi an’anaviy jamoat makoni boʻlib, ijtimoiy muloqot, oʻzini oʻzi boshqarish va madaniy aloqa vazifalarini bajaradi. Muloqot va qoʻshnichilik munosabatlarini tiklash uchun shahardagi makon sifatida guzarlarni qaytarish vaqti keldi”.
Bundan boshqa bir ma’noni anglash mumkin: qo‘shiqda ijtimoiy tarmoqlardagi negativ kayfiyat tanqid ostiga olingan. Tarmoqlardagi bunday kayfiyatni yumshatish uchun esa odamlarga ko‘proq jonli muloqotlar, ijtimoiy aloqalar kerak, bu stressni kamaytiradi. Bunda esa guzarlar, jamoat makonlari muhim rol o‘ynaydi.
Guruh a’zolarining ta’kidlashicha, “Q.zlar"ning navbatdagi treki allaqachon tayyor, tez kunlarda klip suratga olish ishlari boshlanadi.

“Bolalikda hatto oʻylash taqiqlangan orzularimizni amalga oshirmoqchimiz”: "Q.zlar" shoubiznesga kirib kelishi haqida
Oʻzbek shou biznesida qizlardan iborat guruhlar boʻlgan, ammo rep yoʻnalishida esa hali bundayi deyarli uchramagan. 12-dekabr kuni aynan ilk shunday guruh oʻzining birinchi trekini premyera qildi. Guruh nomi ham oddiy va tushunarli — “Q.zlar”. Ularning dastlabki klipi bir haftada YouTube’da 70 mingdan ortiq koʻrildi. Afisha.uz qizlarning oʻzi va leybl prodyusseri bilan suhbatlashdi.