Anjelina Joli, Jim Kerri, Barak Obama: dunyoga mashhur chapaqaylar

Maktabda “Men chap qoʻlda yozaman, joylarimizni almashsak ikkimizga ham qulay boʻladi”, degan gapni eshitganmisiz? Bugun, 13-avgust mana shunday sinfdoshlar bayrami, ya’ni Xalqaro chapaqaylar kuni. Hozirgi kunda dunyodagi koʻplab narsalar oʻngaqaylar uchun moslab yaratilgan boʻlsa-da, bu kunni e’tiborsiz qoldirmaslik lozim.
Ushbu jamlanmada Afisha.uz dunyoga mashhur chapaqay yulduzlar haqida ma’lumot beradi.
Anjelina Joli
Olti farzandning onasi boʻlgan Anjelina Joli chapaqaylar klubining a’zosi hisoblanadi. Buni koʻpchilik bilmasligi mumkin, ammo “Lara Croft: Tomb Raider” filmining suratga olish jarayonida aktrisa uchun chapaqaylarga moslangan maxsus to‘pponchalar topilgan. Shuningdek, aktrisaning chapaqayligiga moslab xavfli tryuklarni bajarishga majbur bo‘lgan dublyorlar ham qo‘shimcha qiyinchiliklar oldida qoladi.
Shahzoda Uilyam
Kembrij gersogi shahzoda Uilyam chapaqaylikni meros qilib olgan. Shahzoda Charlz ham, qirolicha Yelizaveta II ham o‘ng qo‘ldan ko‘ra chap qo‘lni afzal ko‘radi. Qirolicha Viktoriya ham chapaqay boʻlgan. Aytishlaricha, Uilyam va turmush oʻrtogʻi Keyt Middlton o‘g‘li shahzoda Jorjda ham chapaqaylikni rivojlantirmoqchi, chunki olimlarning ta’kidlashicha, chap qo‘li o‘ng qo‘liga qaraganda yaxshiroq rivojlangan odamlar yuqori IQ va ijodiy qobiliyatlar kuchli bo‘ladi.
Jastin Biber
Jastin Biber 2010-yildayoq “Baby” treki bilan butun dunyoni zabt etgan va o‘shandan beri asrning eng yaxshi qo‘shiqchilaridan biriga aylangan. Yosh qo‘shiqchining chapaqay ekanini bilish uchun “tajribali” Biberchi bo‘lish shart emas, chunki uning chap qoʻl bilan imzo qo‘yayotganini va gitara chalayotganini payqash mumkin.
Eminem
Chapaqaylar juda nostandart va iste’dodli shaxslar boʻlishiga Eminem yorqin misol boʻla oladi. Uning 90-yillarda yaratgan treklari hali ham mashhur va hatto bir necha avlod almashsa-da, eshitib kelinmoqda. Reperning o‘zi esa yutuqlari bilan hayratga solishdan toʻxtamoqchi emas. 2020-yilda u “Godzilla” qo‘shig‘i bilan rep o‘qish bo‘yicha rekord o‘rnatdi.
Bryus Uillis
1990-yillarda Gollivudning eng talab yuqori boʻlgan aktyorlaridan biri Bryus Uillis hamma narsani chap qo‘li bilan qiladi, soatini esa o‘ng qo‘lida taqadi. Avvalroq Afisha.uz qahramon rollari bilan yulduz bo‘lgan va hozirda kasallik bilan kurashayotgan Bryus Uillis haqida maqola tayyorlagandi.
Skarlett Yoxansson
Rejissyorlik faoliyatini boshlayotgan aktrisa Skarlett Yoxanssonning egizak akasi borligi sir emas, statistika esa chapaqaylarning aksariyati aynan egizaklar orasida tug‘ilishi haqida ma’lumot beradi. Yoxansson nafaqat aktrisa va rejissyor, balki qoʻshiqchi va bir qator qoʻshiqlar muallifi ham hisoblanadi.
Tom Kruz
Nikol Kidmanning sobiq turmush o‘rtog‘i Tom Kruz bolaligida qayta o‘qitilgan, shuning uchun u hozirda ham o‘ng, ham chap qo‘lni birdek ishlata oladi. Uning disleksiya bilan ham kurashgani va tishlari bilan bog‘liq muammolarni ortda qoldirgani sabab hozirda aktyor o‘zini o‘zi qayta ishga tushirgan deb aytish mumkin.
Jim Kerri
Kinematografiya tarixidagi eng yaxshi komiklardan biri boʻlgan aktyor yangi filmlarda kamroq suratga tushayotganiga qaramay, uning eski kinolari hali ham sevin tomosha qilinadi. Jim birgina yuz ifodasi bilan eng jiddiy odamlarni ham kuldira oladi. Ushbu aktyor ham chapaqay hisoblanadi.
Kianu Rivz
Koʻpchilik kino muxlislari tomonidan eng yaxshi aktyor deb ataladigan va ekrandan tashqaridagi dunyoda ham yaxshi inson ekani e’tirof etiladigan Kianu Rivz chapaqay boʻlsa-da, o‘ng qo‘lidan ham yaxshi foydalanadi. Masalan, aktyor aynan oʻng qo‘li bilan bas-gitara chaladi. Shuningdek, ko‘plab filmlarda aktyor qurolni o‘ng qoʻli bilan ushlab, ishlatishini ko‘rish mumkin.
Juliya Roberts
Juliyaning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri chiroyli tabassumi hisoblanadi. Ammo “Pretty Woman” filmi yulduzining yana bir xususiyati — uning chapaqay ekani. Buni nafaqat fan-uchrashuvlarda, balki uning ba’zi filmlarida ham ko‘rish mumkin.
Barak Obama
AQShning 44-prezidenti hisoblangan Barak Husayn Obama II — amerikalik davlat va siyosat arbobi hisoblanadi. Amerikaning bir qator chapaqay prezidentlari qatoriga qoʻshilgan siyosatchi 2009-yilda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori ham boʻlgan.
Bill Geyts
Amerikalik tadbirkor Bill Geyts Microsoft asoschilaridan biri va sayyoradagi eng badavlat odamlardan biri hisoblanadi. U o‘z tajribasi orqali kompyuterda ishlashda chapaqaylar duch keladigan qiyinchiliklarni yaxshi biladi. Shuning uchun Windows operatsion tizimini yaratishda Geyts kompyuter sichqonchasini chap qo‘lga yetakchi qilib qayta sozlash imkoniyatini yaratgan.
Birinchi marta Xalqaro chapaqaylar kuni (International Lefthanders Day) 1992-yil 13-avgustda Britaniya chapaqaylar klubi tashabbusi bilan nishonlangan. O‘shandan beri butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlar (statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bu Yer yuzi aholisining taxminan 10 foizi) ushbu ramziy bayramni nishonlaydi.
Ilgari chap qo‘lda yozadiganlarning barchasini qayta o‘rgatishga harakat qilingan bo‘lsa, endilikda chapaqaylar odatda ijodkor va yaratuvchan odamlar ekanligi isbotlandi va ko‘pchilik hatto ongli ravishda chapaqay bo‘lish uchun qayta oʻrganishni boshlaydi.
