Hafta artisti: Ra'no Shodiyeva

E’lon qilingan sana· 579
Hafta artisti: Ra'no Shodiyeva

O‘zbek kinosining oltin davrini eslasak, ko‘z oldimizga bir nechta unutilmas qiyofalar keladi. Aktyor yoki aktrisalarni muxlislar qaysidir roli sabab yomon koʻrib qolishi mumkin, ba’zi san’atkorlarda buning ortidan “heyterlar” koʻp, lekin bugungi qahramonimiz “heyteri yoʻq” kam sonli aktrisalardan biri.

U suratga tushgan filmlar ro‘yxati ko‘p bo‘lmasligi mumkin, lekin har bir roli tomoshabin yodida qolgan. Bir obrazida kulgi, boshqasida esa ko‘z yosh uyg‘otgan bu aktrisa bugun ham sahnada faol, hayotida esa bir qancha qiyinchilikni yengib o‘tgan. U — Ra’no Shodiyeva. Aktrisa 12-avgust kuni 46 yoshga toʻldi. Shu munosabat bilan Afisha.uz oʻzining “Hafta artisti” ruknini Ra’no Shodiyevaga bagʻishlashga qaror qildi.

Ra’no Shodiyeva turmush oʻrtogʻi bilan
Foto: Instagram

Oʻzbek kinosining eng yorqin siymolaridan biri boʻlgan Ra’no Shodiyeva 1979-yilning 12-avgustida Samarqand shahrida tavallud topgan. U bolaligidan ijodiy muhitda ulgʻaygan. Ra’no Shodiyevaning onasi har doim qimmat mualliflik liboslarni kiyadigan ayol boʻlgan. Aktrisaning aytishicha, u liboslarni o‘ziga moslab qayta tikib, raqs mashqlarida kiyishni yaxshi ko‘rargan. Chunki u o‘sha paytlar faqat bitta orzu bilan yashardi — raqqosa bo‘lish.

“Vatan” filmidan lavha

Ra’no Shodiyeva 2007-yil O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini tamomlagan. U Ozodbek Nazarbekov va Halimaxon kabi san’atkorlar bilan kursdosh bo‘ldi. Keyinchalik magistraturani ham tamomladi. “Qo‘g‘irchoq teatr aktyorligi” bo‘yicha tahsil olib, imkoniyati cheklangan bolalar uchun spektakllar qo‘yishni rejalashtirdi.

Surdo tilini esa bolaligidan bilgan — otasining eshitishida muammo bo‘lgani bois, oilada bu tilda gaplashishga o‘rganishgan. 2003-yilda surdo tarjimonlik kursini tugatdi. Keyinchalik “Mehrli qo‘llar” markazini ochib, eshitish, ko‘rish va gapirish imkoniyati cheklangan yoshlarning hayotga moslashishiga yordam beradigan katta loyiha yo‘lga qo‘ydi.

Ra’no san’at sohasiga bundan oldinroq, 13 yoshida kirib kelgan. Oʻshanda aktrisa Qamara Kamolovaning “Atrof oppoq qorga burkandi” filmida rol ijro etgan.

“Kinoda suratga tushish va keyinchalik aktrisa bo‘lish xayolimda ham bo‘lmagan. Qamara opa nafaqat rejissyor, balki hayotimdagi muallim bo‘lgan. Onam hamisha ishda bo‘lardi, ko‘p narsalarni u insondan o‘rganganman. Maktabni bitirganimdan keyin qaysi kasbni egallash haqida ko‘p o‘ylaganman. Shunda dadam dizaynerlik bo‘yicha o‘qishni taklif qilgan. „Konstruktor-dizayner“ mutaxassisligini egallab, 16 yil davomida atelyeda ishlaganman”, — deydi Shodiyeva.


“Maktub” filmidan lavha

Oʻsha paytlarda, ya’ni atelyeda ishlab yurgan vaqtida hozirgi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining raisi Tanzila Norboyeva bilan tanishib qolgan. Shodiyeva Norboyevaning shaxsiy dizayneri boʻlganini ta’kidlagan. Ba’zi intervyularida esa aktrisa uni ustozim deya eslagan.

“Opa bilan atelyeda ishlab yurgan paytimda tanishganmiz. Bu sohadan ketganimdan keyin afsuski Tanzila opaga hech narsa qilib bera olmadim. Hali ham o‘zimni kechira olmayapman. Yaqinda ko‘rishganimizda ham ko‘ylak, kostyumlar tikib bersang bo‘lar ekan deb qoldilar. Keyin men Turkiyaga ketdim va bu iltimoslarini bajara olmadim”, — deydi aktrisa.

Ra’no Shodiyeva 18 yosh boʻlgan paytda rejissyor Melis Abzalov uni “Chimildiq” filmiga taklif qilgan. Oʻshanda aktrisa bu rolni teatrda Madina Muxtorova qoyilmaqom ijro etgani boisidan eplay olishidan qoʻrqqan, ammo yakunda Shodiyeva baribir filmda rol ijro etgan.

Shundan soʻng aktrisa “Shaytanat” seriali uchun ham kastingdan oʻtgan. Ra’no Shodiyeva faqat rus tilidagi kitoblarni oʻqigani uchun bu asar bilan tanish boʻlmagan, ammo yakunda serialda Zaynab rolini ijro etgan.

“Atrofimdagi barcha aktyor va aktrisalar o‘z kasbining professionali edi. Ammo boshida sal og‘irroq kechgan. Chunki giyohvandlarni umuman ko‘rmay turib, o‘shalarning bittasi qiyofasini gavdalantirishim kerak edi. Gohida tasvirga olish jarayonida shunday rolga kirishib ketardimki, tugagach ham shuning ruhidan chiqolmay qolardim. Oyoq-qo‘llarim uvishib, anchagacha o‘zimga kelolmay o‘tirardim”, — deydi aktrisa serial suratga olish ishlarini eslar ekan.


Kollaj: “Daryo”

Ammo Ra’no Shodiyeva bu serialning 7-qismiga kelibgina qoʻshilgan. Ungacha Asadbekning qizi Zaynab obrazini Navro‘za Biynazarova gavdalantirgan, ammo u keyinchalik bu roldan voz kechishga qaror qilgan. Rejissyor Yodgor Sa’diyev esa uni Ra’no Shodiyevaga almashtirgan.

Aktirsa bir nechta rollarni muvaffaqiyatli oʻtkazgandan keyingina san’at sohasidan ketishga qaror qilgan. Soʻng yana bir nechta filmda suratga tushgan, ularni esa pastroqda birma-bir keltiramiz.

Ogʻir xastalik

2022-yil Ra’no Shodiyeva uchun og‘ir yil bo‘ldi. Jigarining 60 foizini olib tashlashga to‘g‘ri keldi. Uzun muddatli davolanish va mashaqqatli jarrohliklardan so‘ng, u sog‘lom hayotga qaytdi va saraton ustidan g‘alaba qozondi.

Foto: Instagram

U oʻshanda Turkiyaga borib davolangan. Aktrisaning ta’kidlashicha, davolanishga 500 ming dollardan ortiq pul ketgan. Bunda ularga bir nechta saxiy insonlar, xususan, Toshkent shahar sobiq hokimi va tadbirkor Jahongir Ortiqxoʻjayev yordamini ayamagan. Buni Ra’no Shodiyevaning oʻzi intervyularida aytib oʻtgan.

“Ikki yilini hisoblasangiz, bitta operatsiya 37 ming dollar, yana bittasi 42 ming, 25 ming, eng arzoni 15 ming dollar bo‘lsa kerak. Undan keyin reabilitatsiya, ximiya muolajalari. Har bitta ximiyaning olib kelinishi mashaqqatini ko‘rsangiz, u dorilar Hindistondan olib kelinardi. Hali O‘zbekistonga ruxsat berilmagan. Biz yuqoridan ruxsat olganmiz. Haligacha minnatdorman, meni juda ko‘pchilik yaxshi ko‘rarkan. Bojxonada ham onkolog shifokorim kirib, o‘zi shaxsan dorimni qabul qilib olardi. Men o‘sha paytda 21-asrda yashayotganimni his etdim. Dunyo tibbiyoti juda rivojlanib ketgan, inson hayotini saqlab qoladigan kosmik, aqlli dorilar bor.

Turkiyada davolanishning so‘nggi kunlarida kasalxonadan chiqaman, deganimda klinika menga yana 83 ming dollar hisob chiqarib berdi. O‘shanda buncha pulni qayerdan topamiz, deb o‘ylaganmiz. Turmush o‘rtog‘im “Mashinani sotamiz, uni sotamiz, buni sotamiz”, deb reja qildi va o‘sha pulni topdi. Davolanishimga 500 ming dollardan ko‘proq pul ketdi", — deya aytib bergan aktrisa.

Aktrisa hozirda oʻzini a’lo darajada his qilayotganini ta’kidlaydi.

Aktrisa oilasi bilan
Foto: Instagram

Ra’no Shodiyeva 2018−2022-yillarda “Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi” rahbari, 2022−2023-yillarda O‘zbekiston Karlar Jamiyatida loyiha rahbari lavozimlarida ishlagan. 2023-yildan O‘zbekiston Karlar Jamiyatida Ishlab chiqarish bo‘limi bosh mutaxassisi lavozimida faoliyat yuritmoqda.

Mashhur film va seriallar

Shaytanat

Vatan

Oʻtov

Tashlandiq

Qoʻrgʻoshin

Maktub

Kuzda gullagan daraxt

Baron

Berlin-Oqqoʻrgʻon

Skorpion

Ayol qalbi

Adolat

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling