Doston Ergashov, Asilbek Amanulloh va Jahongir Poziljonov qoʻshiqlarini ruxsatsiz ijro etgan didjey jarimaga tortildi

Navoiy viloyatida Adliya boshqarmasi va “O‘zbekkonsert” hamkorligida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari davomida to‘y marosimida mashhur qo‘shiqlardan muallifning ruxsatisiz foydalanilgani aniqlandi.
“Bojalar” guruhi solisti Jahongir Poziljonov va xonanda Doston Ergashov ijrosidagi “Uylanamiz”, shuningdek, Asilbek Amanulloh (Negmatov) kuylagan “Oppoq aka” qo‘shiqlari didjey tomonidan tegishli yozma shartnomasiz ijro etilgan.
Holat yuzasidan bayonnoma tuzilib, ish sudga yuborilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi qaroriga ko‘ra, huquqbuzarga O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-moddasi birinchi qismiga muvofiq jarima jazosi tayinlandi.
Qonunchilikka muvofiq, mualliflar bunday hollarda zarar o‘rnini qoplashni yoki bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha bo‘lgan miqdorda tovon undirishni talab qilish huquqiga ega.