Oldin va hozir: “Osmondagi bolalar” filmi aktyorlari 23 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

To‘rt sinfdosh do‘st — Hamdam, Xurshid, Javohir va Baxtiyorning sarguzashtlari haqida hikoya qiluvchi “Osmondagi bolalar” filmi 2002-yilda premyera qilingandi.
Rejissyor Zulfiqor Musoqovning oltin asarlari sirasiga kiruvchi filmning 2 va 3-qismlari ham suratga olingan. Ularda bolalik inson hayotidagi eng beg‘ubor davr hamda bu davrning qadriga yetish kerakligi ta’kidlanadi.
Afisha.uz 20 yildan oshiq vaqt davomida bir necha avlod vakillarining sevimli filmiga aylanib, qalbidan joy olgan film qahramonlari qanchalik o‘zgargani va hozir nimalar bilan shug‘ullanayotgani haqida ma’lumot beradi.
Muzaffar Sa’dullayev
“Osmondagi bolalar” filmidagi Hamdam obrazi bilan tanilgan Muzaffar Sa’dullayev o‘zining tabiiy va samimiy ijrosi bilan millionlab tomoshabinlar mehrini qozongan. Yoshligidan san’atga mehr qo‘ygan Muzaffar avvaliga teatr sahnasida tajriba orttirgan bo‘lsa-da, aynan katta ekran uning talantini keng ommaga tanitdi.
Aktyor bundan besh yil oldin bergan intervyusida professional karyerasi davomida tarixiy filmda Imom Buxoriy obrazini ijro etishini xohlashini aytgan. Biroq u rolni o‘ynay olmasligidan qo‘rqishini ham ta’kidlagan. Bu vaqtda aktyor “Inson” kinostudiyasida rahbar bo‘lib ishlayotgandi.
“Osmondagi bolalar"dagi roli orqali Sa’dullayev o‘zbek kinosi tarixida yorqin bolalar aktyorlardan biri sifatida o‘rin oldi. Garchi keyinchalik uning nomi kinoda kamroq uchrasa-da, Hamdam obrazi tomoshabinlar xotirasida hanuzgacha “samimiyat timsoli” bo‘lib qolmoqda.
Timur Musoqov
Film rejissyori Zulfiqor Musoqovning o‘g‘li Timur Musoqov rostmanasiga suratga olish maydonchalarida ulg‘aygan. U doim otasining yonida yurib, kinematografiya sirlarini o‘rganib borgan.
2000-yillarda birvarakayiga bir nechta loyihada suratga tushgan aktyor uchun eng mashhur loyiha baribir “Osmondagi bolalar” filmidagi Baxtiyor obrazi bo‘lib qoldi.
Timur Musoqov 2006-yilda Toshkent san’at institutining rejissyorlik fakultetini tamomlagan. Ammo ijodkor so‘nggi yillarda filmlar suratga olmadi yoki suratga tushmadi. U kichik biznes bilan shug‘ullanmoqda.
Aziz Sultonov
Filmda Javohir rolini ijro etgan aktyor Aziz Sultonov ham ijod yo‘lini, umuman mashhurlik cho‘qqisini “Osmondagi bolalar” bilan birga o‘tkazib yuborgan. San’atkor filmdan keyin “Sardor” teleserialida ham kichik bir epizodik rolni o‘ynagan.
Shuningdek, Sultonov 2022-yilda rejissyor Stas Kryuchkov tomonidan suratga olingan “Reper” filmida suratga tushdi. Bundan tashqari, internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, u ayni vaqtda rus ijodkorlari tomonidan suratga olinayotgan “Men gulchambarda yashayman” filmida ham rol o‘ynamoqda.
Aktyor “Osmondagi bolalar 3” filmi premerasida Afisha.uz muxbirlariga intervyu berar ekan, bu qismda suratga tushishga ancha qiynalganini, chunki oradan ko‘p vaqt o‘tganini aytgan.
Davron Gʻulomov
“Osmondagi bolalar"ning eng sodda a’zosi Xurshid rolini ijro etgan aktyor Davron Gʻulomov hozirda tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. U ham oradan 20 yil o‘tib, filmning 3-qismi suratga olish ishlariga chaqirilgan.
Gʻulomov Zulfiqor Musoqov bilan ishlagandan keyin katta mashhurlik kelgani, ko‘plab film va seriallardan taklif tushganini aytadi. Biroq u o‘zini aktyor deb bilmagani uchun boshqa hech qaysi loyihada suratga tushishga rozi bo‘lmagan.
“Muxlislar 20 yildan ortiq vaqt davomida ham bizni esdan chiqarmasdan, yangi loyiha so‘rashgani uchun suratga olish ishlariga qo‘shildim. Aslida aktyor emasman, faqat kuchli talab ortidan bu safar ham rol o‘ynadim”, — deydi ijodkor intervyuda.
Kristina Toirova
Filmda yigitlarning o‘zaro qarama-qarshiligiga sababchi bo‘ladigan latofatli qiz Lola rolini ijro etgan aktrisa Kristina Toirova hozir 39 yoshda. U oilasi bilan birgalikda Qozog‘istonning Olmaota shahrida istiqomat qiladi.
“Osmondagi bolalar” filmidagi bosh roli bilan kino olamida shov-shuv ko‘targan aktrisa ham negadir keyinchalik kartinalarda ko‘rinish bermadi. U faqatgina oradan 20 yil o‘tib suratga olingan o‘sha mashhur filmning uchinchi qismida suratga tushdi xolos.
“Shunday katta loyiha yana qayta ishga tushirilib, muxlislar e’tiboriga havola etilgani juda zo‘r. Bunday imkoniyat uchun barcha tashkilotchilarga rahmat aytaman”, — degandi aktrisa intervyu davomida.
Bobur Yo‘ldoshev
Filmda Lolaning eri Akrom rolini o‘ynagan Bobur Yo‘ldoshev 16-yanvar kuni 46 yoshni qarshi oladi. Ijodkor sulolasi vakili hisoblanuvchi aktyor so‘nggi yillarda bir qancha yirik loyihalarda ishtirok etdi.
Yo‘ldoshev yaqinda ITV striming xizmati tomonidan premera qilingan “Aybsiz” serialida mahbus rolini ijro etdi. U serial bosh qahramoniga qamoqxonadan qochishga yordam beradigan obrazni gavdalantirgan.
Aktyor hozirda “Diydor” teatr-studiyasi rahbari lavozimida faoliyat olib bormoqda. Ijodkor bu lavozimga otasi Bahodir Yo‘ldoshevdan keyin o‘tirdi.
Malika Alimova
Filmda Lolaning dugonasi, Javohirni yaxshi ko‘radigan qiz Nargiz rolini ijro etgan aktrisa Malika Alimova shu vaqtga qadar atigi 4 ta filmda suratga tushgan. Ulardan uchtasi Zulfiqor Musoqovning “Osmondagi bolalar” filmlaridagi ishtirokidir.
Bundan tashqari, u 2003-yilda suratga olingan “Taqdir” filmida ham rol ijro etgan. Aktrisa filmning 3-qismi premyerasi jarayonida bu loyihada suratga tushishni uzoq kutganini aytgan.
“Men iqtisodchiman va hozirgacha bir nechta yirik moliyaviy kompaniyalarda ishlab kelyapman. Oilaliman, hozirda ikki nafar farzandni katta qilyapmiz”, — deb ta’kidlagandi Alimova.
Saida Rametova
O‘zbek kino san’atining yirik darg‘alaridan biri bo‘lgan aktrisa Saida Rametova filmda Javohirning oyisi rolini ijro etgan. Aktrisa bir oydan keyin, 21-sentyabr kuni 68 yoshni qarshi oladi.
Aktrisa bugunga qadar yuzdan ortiq kino va teleloyihalarda ishtirok etgan bo‘lib, u ijro etgan har bir qahramon o‘zining samimiyligi va hayotiyligi bilan tomoshabin xotirasida muhrlanib qolgan. Saida Rametova o‘zbek kinosining sevimli “milliy obraz” yaratuvchilaridan biri sanaladi.
Nozim To‘laxo‘jayev
Baxtiyorning dadasi Xolmat rolini ijro etgan aktyor Nozim To‘laxo‘jayev 2000-yillar o‘zbek kinosining eng mashhur rejissyorlaridan biri hisoblanadi. U ayni vaqtda 74 yoshda.
Aktyor 1976-yilda “Mening akam” dramasidagi Ravshan rolidan keyin keng shuhrat qozongan. Syujet avtohalokatga uchragach, mashinani boshqarayotgan xotinining aybini o‘z zimmasiga olgan erkakning hikoyasiga bag‘ishlangan.
Nozim To‘laxo‘jayev “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlangan.
Jumadulla Rametov
So‘nggi yillarda murakkab kasallikni boshdan kechirayotgan mashhur aktyor Jumadulla Rametov filmda Hamdamning otasi rolini o‘ynagan. U ayni vaqtda 69 yoshda.
Rametov so‘nggi marta 2018-yilda suratga olingan “Asal oyi” filmida suratga tushdi. O‘shandan beri u katta ekranlarda deyarli chiqmay qo‘ydi. Faqatgina turmush o‘rtog‘i Saida Rametovaning sahifasida onda-sonda ko‘rinish beradi.
Aktyor 2020-yilda u alsgeymer kasalligiga chalingan va 2022-yilga kelib kasallik kuchayib, xotirasini yo‘qotgan. Hozirda shifoxonada davolanmoqda.
Jamshid Zokirov
O‘zbek teatr va kino san’atining eng mashhur vakillaridan biri bo‘lgan Jamshid Zokirov filmda Lolaning dadasi Jamshid aka obrazini gavdalantirgan. Hayotining so‘nggi yillarida saraton kasalligi bilan kurash olib borgan aktyor 2012-yil 7-aprelida vafot etgan.
U uzoq yillar davomida O‘zbekiston Milliy Drama teatrida faoliyat yuritgan. 1995-yil O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan. Aktrisa Gavhar Zokirovaga uylangan.
Rajab Adashev
81 yoshli aktyor Rajab Adashev “Osmondagi bolalar"da Hamdamning ustozi Rajab novvoy rolini ijro etgandi. O‘zining aktyorlik faoliyati davomida 60 dan ziyod filmlarda suratga tushgan.
Aktyor 1997-yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni”, 2010-yilda “O‘zbekiston Republikasi Xalq artisti unvoni” va 2021-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
