Hafta artisti: Shaka

Oxirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa Instagram’da bir fristayl mashhurlikka erishdi. U aynan shu ijtimoiy tarmoqlar haqida kuylangandi. Xo‘sh, fristaylning muallifi aslida kim, u qachon kuylangan va u reperning boshqa treklari ham bormi? Demak, Afisha.uz'ning “Hafta artisti” rukning bu galgi qahramoni — reper Shaka!
Yuqoridagi videoni koʻrishga ulgurgan boʻlsangiz kerak. Juda koʻp joyda aylandi. Shundan keyin izohlarda reper kimligiga qiziqish boshlandi (ungacha unchalik ham mashhur emasdi). Internet haqida kuylagan reper — Shaka — Shahriyor Karshiyev. Bu fragment “NmaGap” podkasti muallifi Sardor Salyamov va reper Aboka (Abror Gulyamov) boshligida boshlangan “Fristayl” loyihasining ikkinchi sonidan olingan. Ushbu sonda Shokir, Yunka, Aboka, Sardor Salyamov va Shaka ishtirok etgan.
Ijtimoiy tarmoqlar haqida kuylangan qismi aslida fristayl emas, bu Shakaning 6 yil avval YouTube’ga joylangan “Ijtimoiy tarmoqlar” qoʻshigʻidan bir parcha. Reper ushbu qismini fristaylda ham kuylab bergan va natijani koʻrib turibsiz — millionlab tinglashlar.
Ushbu trek uchun klip Dubayda suratga olingan. Chunki oʻsha paytda Shaka BAAda istiqomat qilgan va tekstil sohasida faoliyat yuritgan. U toʻlaqonli Oʻzbekistonga qaytib kelgan va hozirda nima bilan band ekanini Afisha.uz'ga bergan intervyusida aytib bergandi.
Shaka bir necha yil avval oʻz ijodini boshlagan. Uning birinchi mashhur qoʻshigʻi “May” boʻlgan. Umar Xayyomning “May"ini hech rep uslubida tasavvur qilganmisiz? Mana, Shaka aka buni uddalagan.
“Oʻzbek” albomi
Shaka ijodi davomida bitta albom chiqargan, u “Oʻzbek” deb nomlanadi. 2022-yilda reliz qilingan albomda 10 ta trek bor. U hozir faqatgina YouTube’da bor. Afisha.uz bilan intervyuda reper bu albom “oʻziga yoqmay qolgani” sababli ham turli musiqiy platformalar bilan ishlovchi distribyuter kompaniya bilan shartnomani uzaytirmaganini aytgan. Hozirda Shaka hech qanday albom ustida ishlamayotgani, yaqin orada chiqarish niyati yoʻqligini aytgan.
Ushbu albomdagi musiqalar quyidagicha nomlangan: “Yalqov”, “Men psixman”, “Hoy qiz”, “Sotuvchi”, “Maktab”, “Oqshom ertaklari”, “Musofir”, “Oq odam”, “Pensiyaga chiq”, “Zuluklar”. Hozirda ularning ichida YouTube’da eng koʻp tinglangani “Oqshom ertaklari” boʻlib turibdi.
Disslar
Shaka turli nizolardan uzoqda yuradigan, oʻz yoʻlida ijod qilib yuradigan reperlardan. Ammo hatto u ham “qizishib ketgan” joylari boʻlgan — Yulduz Usmonova va Samandar Hamrqulovlarga atab ikkita trek yozgan.
Yulduz Usmonovaga atalgan diss 2022-yilgi konsertidan tarqalgan videodan keyin chiqarilgan. Oʻsha yilgi konsertda Usmonova muxlislardan biriga qoʻpol munosabatda boʻlgan. Konsertning 12-mart kunidagi dasturida texnik nosozlik tufayli sahna pardasi to‘laligicha ochilmay qolgan va bunga tomoshabinlar e’tiroz bildirgan. Xususan, ulardan biri qo‘pol ohangda baqirgan. Natijada Yulduz Usmonova buni haqorat deb tushungan va hissiyotga berilib ketib, konsertga tashrif buyurgan tomoshabinlarga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
“Pulingizga 10 baravarini olyapsiz. Ayollar, iltimos qilaman, agar shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, hozir shu yerda 4 ta [ashula]ni aytamanda, berkitib ketaveraman. O‘zlaringni bilib o‘tiringlar. Boshqa konsertda qilasan unaqa narsalaringni, jim o‘tiramiz. Chiroqni beringlar, zalda kim baqirayotganini ko‘ray. Kim edi u baqiryotgan, chiqing buyoqqa. Parda tushgan bo‘lsa, menda emas-ku ayb…”, — degan u.
Oʻshanda Madaniyat vazirligi san’atkor har qanday holatda ham hurmatini joyiga qo‘yishi shartligini qayd etgan. Shaka esa quyidagicha javob bergan.
Samandar Hamroqulovga atalgan diss esa uning “Kana” qoʻshigʻini tanqid qilib, “Shaka ismini oʻzgartirishi kerak — kaka qilishi kerak”, degan gapidan keyin aytilgan. “Pensiyaga chiq” treki biroz oʻzgartirilib, “Oʻzbek” albomida chiqarilgan.
Kana qoʻshigʻi esa jamiyatdagi ayrim illatlarni tanqid qiladi.
Samandar Hamroqulov esa “NmaGap” podkastidagi suhbatda Shakadan uzr soʻrab, oʻsha paytda qizishib ketganini aytadi.
Oxirgi relizlar
Shaka oxirgi paytlarda unchalik ham faol emas, lekin umuman ijodni tashlab qoʻygani ham yoʻq. Oxirgi e’lon qilgan qoʻshigʻi Kumush Razzoqovaning “Meni esla” trekiga qilingan remiks boʻldi.
Undan oldin esa Yoshblond bilan duet kuylagandi. U “Yashiringansan” deb nomlanadi.
Shakani juda mashhur boʻlgan bir dueti bor — Nasafiy bilan kuylangan “Oʻrtogʻim” qoʻshigʻi. U YouTube’da 12 mln marta tinglangan. Bu trekning Nasafiy kuylagan qismlari mashhur boʻlgan, balki uning sherigi Shaka boʻlganini bilmagandirsiz.
Yana bir mashshurroq duet ham bor: Bahtiyor Rahmonov bilan aytilgan “Yulduzimsan” treki.
Shaka bilan yaqinroq tanishish uchun esa quyidagi intervyuni toʻliq tomosha qilishni tavsiyaq qilamiz.
