“O‘zicha olifta”: Lolaning shov-shuvli 2025-yilgi konsertidan reportaj

O‘zbek estradasining o‘ziga xos uslubga ega xonandasi Lola 26−30-sentyabr kunlari “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “O‘zicha” nomli navbatdagi yakkaxon konsertini taqdim etmoqda. Afisha.uz muxbirlari mazkur shov-shuvli dasturdan reportaj tayyorladi.
Oxirgi yillarda nafaqat qo‘shiqlari, balki tarmoqlardagi chiqishlari bilan ham ko‘p muhokama qilinayotgan xonanda Lola “O‘zicha” nomli shou dasturiga o‘zgacha yondoshganini sahna dekoratsiyasidanoq sezish mumkin.
U 2024-yilgi konsertida sahnada ot ustida ko‘ringan bo‘lsa, bu yilgi dasturda esa boshqa installyatsiya ustida paydo bo‘ldi. Mazkur obraz esa zaldagilar tomonidan olqish va qiyqiriqlar bilan qarshi olindi.
Lola OAV vakillariga bergan intervyusida nega Humo Arena`da emas, balki “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida konsert berishga qaror qilganini quyidagicha tushuntirdi:
“O‘z auditoriyamni his qilishim va yaqin bo‘lishim, ularning yuz-ko‘zlarini ko‘rishim kerak. Faqat shundagina ishlay olaman, ijod qilolaman va qo‘shiqlarimni ulashishim mumkin. Ochig‘i, stadionlarni unchalik yoqtirmayman. „Xalqlar do‘stligi“ saroyida 5 kun konsert qo‘ymay, dasturni bir kunda Humo Arena`da ham o‘tkazishim mumkin edi. Ehtimol bu menga yanada osonroq va yengilroq bo‘lardi, ammo tomoshabinlar mehri va emotsiyalarini his qilolmasdim. Zaldagilar bilan bir-birimizni his qilishimiz men uchun juda muhim. Sababi konsertlarimni mening tinglovchilarim yaratadi”, — deydi xonanda.
“Sevgingni menga ayt” taronasi bilan boshlangan konsert taxminan 2 soat davom etdi. Unda turli yillarda kuylangan va muxlislar qalbidan joy olgan 30 ga yaqin qo‘shiqlar yangradi.
Dasturning duetlarga boy ekanligini alohida ta’kidlash zarur. Lola singlisi Asal Yo‘ldosheva bilan “Love me”, reper Konsta bilan “Sog‘inch”, Ruhsora Emm bilan “Alam” nomli duet qo‘shiqlarini ijro qildi. Shuningdek, xonanda Saya Musa bilan birga yaratilgan dueti ham jarang sochdi. Ayniqsa, xonanda Rayxonning qizil libosda ko‘rinish berishi va 10 yildan so‘ng yana sahnada Lola ikkisining “Ko‘nikmadim” duetini birga kuylagani tomoshibanlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi, deyish mumkin.
“Menimcha, Rayhon o‘zbek estradasining haqiqiy yulduzi. U pop sanoatiga katta hissa qo‘shgan, deb o‘ylayman. U o‘z ishini yaxshi ko‘radi, qo‘shiqlari va shov-shuvli konsertlari bilan yillar davomida ijodini davom ettirib kelmoqda. Nihoyat uzoq yillardan so‘ng ushbu duetimizni birga ijro etganimizdan xursandman. Bu qo‘shiqni birinchi marta sahnada 2015-yilda Rayhonning konsertida kuylaganmiz. Bugun esa katta sahnada ikkinchi marta yangradi. O‘tgan yillar davomida biz bu duetni hech qachon hech qayerda ijro etmagan edik. Bu safargi konsertimda Rayhonning ishtirok etishi va birga duet aytishimiz o‘zgacha hamda esda qolarli chiqish bo‘ldi, deb o‘ylayman”, — deydi Lola.
Jurnalistlar Loladan hamkasbi Jahongir Otajonov bilan qachon duet ijro etishi haqida ham so‘radi. Biroq u bunga aniq izoh bermadi.
“Biz bu konsertda u bilan duet aytishni rejalashtirmagan edik. Lekin aslida Jahongir Otajonovni juda hurmat qilaman. Nazarimda u ajoyib, innovator, jasur va ichki erkinlikka ega inson. Bunday shaxslar doimo boshqalarga yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qiladi, odamlarni ortidan ergashtira oladi. Shuning uchun ham uning ijodini va falsafasini qadrlayman”, — deydi Lola.
Bir xillikni yoqtirmaydigan va har doim boshqalardan ajralib turishga harakat qiladigan Lola ushbu konsertida ham ijodiy jamoasi bilan qattiq mehnat qilganini payqash qiyin emas. U sahna bezagidan tortib, o‘zining imijigacha alohida e’tibor qaratgan. Biroq konsert repertuari deyarli retro qo‘shiqlardan tuzilgan, yangi taronalar barmoq bilan sanarli.
Konsertdan fotoreportajni quyida tomosha qilishingiz mumkin.
