"Ismigul" qoʻshigʻidan muallif ruxsatisiz foydalangan Nadyr jarimaga tortildi

Farg‘ona tumanlararo sudida “Ismigul” qo‘shig‘i muallifi O‘ktam Hakimovning mualliflik huquqlarini buzish bo‘yicha ish ko‘rib chiqildi.
Avvalroq, “Ismigul” qoʻshigʻining “Enigma” uslubida kuylab, qoʻshiqni qayta jonlantirib xalqaro paltformalarda xit darajasiga chiqargan Nadyr taxallusi bilan tanilgan ijodkor haqida xabar bergan edik.
2023-yilda chiqarilgan bu talqin turli musiqa platformalarida eng yaxshi va tavsiya etilgan treklar ro‘yxatiga kirgandi, iTunes’da oltinchi o‘rinni egallab, top-10 ga kirgan. Shuningdek, trek Instagramda virusli tarzda tarqaldi va mashhur xalqaro bloggerlarning reelslarida tez-tez uchray boshlagan. Ammo vaqt oʻtib trek barcha musiqiy platformalardan olinganligi va bunga sabab sifatida muallifdan ko‘plab shikoyatlar tushganligi aytilgan edi.
O‘zbekiston mualliflik va turdosh huquq egalari jamoat birlashmasi tomonidan kiritilgan da’vo asosida sud qaroriga binoan javobgar Nadyr taxallusi bilan faoliyat yuritgan Nodirbek Igamberdiyev O‘ktam Hakimov foydasiga jami 46 million 200 ming so‘m miqdorida tovon puli va ma’naviy zarar to‘lashi belgilandi. Shundan 41 million 200 ming so‘m — mualliflik huquqi buzilishi natijasidagi tovon puli, 5 million so‘m esa ma’naviy zarar sifatida undiriladi.
Sud qaroriga ko‘ra, javobgar endilikda “Ismigul” qo‘shig‘idan foydalanishni butunlay to‘xtatishi shart. Jumladan, ushbu asarni efirga uzatish, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish, davlat va nodavlat teleradiokanallarda yoki boshqa platformalarda tarqatish qat’iyan taqiqlanadi.
Ma’lumot uchun, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, muallif huquqbuzardan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon talab qilish huquqiga ega.