Jim Kerri faxriy "Sezar" mukofoti bilan taqdirlanadi

Amerikalik aktyor Jim Kerri “Sezar” faxriy mukofotiga sazovor bo‘ladi. Taqdirlash marosimi 2026-yil 17-fevralda bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda Deadline.
“Truman shousi” va “Niqob” kabi filmlar yulduzi Parijdagi “Olimpiya” teatri sahnasida “Sezar” mukofotini qabul qilib oladi. Kerri kinematografiyaga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Fransiya kino san’ati va texnologiyalari akademiyasining mukofotiga sazovor bo‘ladi.
“Uning ekrandagi va undan tashqaridagi ishlari tomoshabinlarga kino nafaqat ko‘ngil ochishi, balki chaqiriq boʻlishi, ta’sirlantirishi va hatto ma’rifatga undashi mumkinligini eslatadi”, — deya ma’lum qildi muassasa.
Shuningdek, Jim Kerrining bosib oʻtgan yoʻli “performans va san’at chegaralarini doimiy ravishda kengaytiradigan jasoratni o‘zida mujassam etishi” va “ijodkorlik hamda mahorat faqat bitta san’at turi bilan cheklanib qolmasligi kerakligini” eslatishi ta’kidlangan.
Bungacha ushbu mukofotni Juliya Roberts, Kristofer Nolan, Devid Fincher, Keyt Blanshett, Robert Redford va Jorj Kluni kabi aktyor, aktrisa va rejissyorlar qoʻlga kiritgan.