Tarixiy-hujjatli qoʻshiqlar, adabiyot va rep – Doxxim bilan suhbat

Koviddan oldingi davrni bir eslang-da, juda ajoyib boʻlgan-a? Uyga “qamalmasimizdan” oldin hayot boshqacharoq tuyulardi. Oʻsha davrdan oldingi hitlarni ham eslaysizmi? Masalan, yoshlar orasida keng tarqalgan “Chiroyligim gulim” qoʻshigʻi boʻlardi. Uning muallifini koʻpchilik hatto tanimasdi, lekin pleylistda albatta boʻlardi. U paytlarda bunaqa anderground qoʻshiqchilar, reperlar klip olmasdi, hozir mood video boʻlsa ham chiqyapti. Oʻzi, umuman olganda, bu muallif hech klip olmagan. Bu qoʻshiq Doxxim (Doksim) taxallusidagi reperga tegishli.
Afisha.uz 2019-yilda bir qoʻshigʻi bilan internetni portlatgan reper bilan suhbatlashdi. Doxxim hozirda nima bilan band ekani, albomlari, “tarixiy-hujjatli” treklari va boshqa mavzularda gapirib berdi.
Doxxim hozir konsert va muxlislar bilan uchrashuvga tayyorlanib yuribdi. U 1-noyabr kuni uzoq yillik tanaffusdan soʻng muxlislar bilan uchrashuv va rep shou uyushtiradi. Kichik uchrashuvda reperning treklarini birga qoʻshilib kuylashdan tashqari u bilan suhbatlashish imkoni ham boʻladi.
Birinchi navbatda Doxximdan nega katta sahnalarga chiqmagani, andergroundda qolishda davom etayotgani haqida soʻradik. U bu savolga “navbatchi” javob berishdan qochib, oʻzining harakati yetarli boʻlmaganini ehtimoliy sabab sifatida koʻrsatdi.
“Hozir ming xil bahona qilishim yoki oʻzimni oqlashim mumkin, lekin bu taqdir, undan qocholmaymiz. Kelajakda katta sahnalarga chiqish peshonamizga yozilgan boʻlsa, chiqamiz, agar yozilmagan boʻlsa ham shukr qilamiz hammasiga. Endi shunaqa gap ham bor: Alloh sizning harakatingizga qarab beradi. Demak, biz oʻsha harakatni qilmaganmiz. Katta sahnalarga chiqmagan boʻlsam-da, besamar ijod qildim deb oʻylamayman”, — deydi u.
Maqolani ham “Chiroyligim gulim” bilan boshladik. Bu bejiz emas, koʻpchilik Doxximni aynan shu trek bilan taniydi, aytganimizdek. Lekin undan oldin ham ancha-muncha treklar chiqargan odamga bu qanchalik ta’sir qiladi? Uning bundan koʻngli toʻladimi?
“Sevgi haqidagi qoʻshigʻimdan koʻra Vatan haqidagi yoki tarixiy-hujjatli treklarimdan tanishlarini xohlardim”, — deydi Doxxim.
Ha, uning shunday treklari ham bor. Doxxim oldin hech kimda uchramagan mavzularga qoʻl urgan, Oʻzbekiston tarixiga murojaat qilgan. Masalan, u Qoʻqon xonligida xon va uning amaldorlari zulmiga va chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosatiga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻolon haqida “Poʻlatxon qoʻzgʻaloni” nomli trek e’lon qilgan. Bunday mavzu oʻzbek repida ham, umuman, estradasida ham oldin uchramagan.
“Bunday mavzularni birinchi boʻlib olib chiqish menga nasib qilgan ekan, bundan xursandman. Men bu yoʻnalishda yana davom etmoqchiman. Chunki bu odamlar tarix kitoblarida qolib ketmasligi kerak. Bilasiz, xalqimiz unchalik ham kitobxon emas, ular haqida oʻqimasligi ehtimoli katta, u qahramonlarning nomlari chiqmay, eshitilmay qolib ketmasligi kerak. Bahsli shaxslar koʻp, toʻgʻri, lekin ular qahramon-da baribir. Yaxshi tarafini xalqqa koʻrsatamiz, yomon tarafini iloji boricha berkitamiz propaganda boʻlib qolmasligi uchun”, — deydi u.
Bu undagi yagona tarixiy-hujjatli trek emas. Bundan tashqari Doxxim Turkistonda (Oʻzbekiston va Tojikistonda), 1921-yildan esa Buxoro amirligining shimolida, keyinroq Afgʻoniston podshohligida bolsheviklarga qarshi kurashgan milliy istiqlolchilik harakatining rahnamolaridan biri boʻlgan Ibrohimbek Laqay (Qoʻrboshi) haqida ham trek chiqargan. Uning nomi “Sharq Napoleoni” boʻlgan, chunki u Ibrohimbekning taxalluslaridan biri edi.
Hozirda Doxxim yana ikkita tarixiy-hujjatli qoʻshiq ustida ishlayotganini aytdi, biri tayyor boʻlgan, ovozlari yozilgan ikkinchisini esa matnlari yozilyapti. Lekin reper bu treklar kimlar haqidaligini ochiqlamadi.
Doxximda shu paytgacha ikkita albom e’lon qilingan. Ularning nomi ham e’tibor tortadi — “Leonardo da Vinci” va “Martin Iden”. U albomlarni nega bunday nomlaganini quyidagicha izohladi:
“Da Vinchi ixtirochi va rassom boʻlgan, dunyo tanigan. Men ixtirochiligidan koʻra koʻproq rassomligiga e’tibor qaratganman. Shu sababli uning ismini albomim nomiga qoʻyganman. Men ham repda, oʻz ijodimda rassomman demoqchi boʻlganman. Men yaratayotgan treklar — men chizayotgan rasmlar.
Ikkinchi albom. Jek London ismli ingliz yozuvchisi bor. Uning “Martin Iden” asarini oʻqiganimda juda ta’sirlanganman. Chunki unda bosh qahramon ichida oʻtkazgan his tuygʻular, muhit qaysidir ma’noda menga ham tanish boʻlgan. Shundan keyin ikkinchi albomimni shunaqa nomlaganman".
“Leonardo da Vinci” albomida 12 ta trek bor. “Martin Iden“da esa 20 ta.
Treklarida tarixiy shaxslarga murojaat qiladigan, albomlarini san’atkorlar va adabiyotdan ilhomlanib nomlaydigan reper koʻp kitob oʻqigandek tuyuladi, toʻgʻrimi? Bizga ham shunday tuyuldi va unga shunday savol bilan yuzlandik: oxirgi paytlarda qaysi kitoblarni oʻqiyapsiz? Qaysi mualliflarni yoqtirasiz?
Doxxim hozir Tohir Malikning “Soʻnggi oʻq” qissasi mutolaasi bilan band ekanini aytdi. Jahondagi favorit yozuvchilar sifatida esa u quyidagilarni sanadi: Artur Konan Doyl, Agata Kristi, Jek London (“Martin Iden”), Bulgakov (“Ityurak”), Holid Husayni, Tolstoy, Dostoyevskiy, Dyuma. Oʻzbek adabiyotidan roʻyxat esa quyidagicha: Togʻay Murod, Oʻtkir Hoshimov (u “Ikki eshik orasi"ni alohida tavsiya qildi), Shukur Holmirzayev va Oybek.
Doxxim muxlislariga kitob tavsiya qilishda unchalik ham shoshilmadi, oʻzi ham bu borada biroz ehtiyotkorroq ekanini qayd etib oʻtdi. Lekin u tavsiya qilgan TOP 3 kitob quyidagilar boʻldi:
- “Ikki eshik orasi”, Oʻtkir Hoshimov;
- “Ufq” (trilogiya), “Said Ahmad”;
- “Ot kishnagan oqshom”, Togʻay Murod.
Reper qoʻshiqlarida ham matnni musiqadan ustun qoʻyishini qayd etib oʻtdi. “Musiqani yaratish qiyin emas deb oʻylayman, lekin soʻz yaratish — ilohiy. Hozir istalgan studiyaga borsangiz, akkordni oʻrgangan, sxemasini oʻrganib olgan boʻladi, bemalol chalib beroladi. Lekin matn yaratish, chiroyli matn yozish uchun Alloh ilhom bermasa, yozolmaysiz. Shuning uchun hozirgi oʻzbek repidagi aksariyat matnlar qashshoq, shoubiznesni-ku, aytmasa ham boʻladi. Chunki u Alloh tomonidan beriladi, ilohiy boʻladi. Tempni she’rga tushirib olish oson, lekin matn yozish uchun yurak ishlashi, qalb ishlashi kerak, Alloh berishi kerak bu narsani. Shundagina odam ta’sirlanadi uni eshitib”, — deydi u.
Shu sababli reper musiqani tushunib tinglash muhim deb hisoblaydi. U bu narsani har bir narsaga tatbiq qilinishini misol keltirdi.
“Hatto yeyotgan ovqatingizni ham tushunishingiz kerak: buni yesam nimaga foyda-yu, nimaga zarar. Musiqada ham xuddi shunday, xoh u rep boʻlsin, xoh maqom. Afsuski, odamlarimiz koʻp kitob oʻqimaydi, shu sababli saviyali narsalar koʻp eshitilmaydi, koʻrilmaydi. Hamma oʻz saviyasidan kelib chiqib tanlaydi. Bu ham normal. Lekin eshitayotgan narsangizni ma’nosiga e’tibor berishingiz kerak, muallif nima demoqchi, shuni oʻylash kerak. Iste’mol qilinayotgan narsa nima ekanini tushunish kerak”, — deydi Doxxim.
Doxxim ancha yillardan beri musiqa bilan shugʻullanib keladi, oldinroq aytganimizdek. Uning aytishicha, musiqadan birinchi pulini sahnaga chiqib topmagan, lekin oʻsha paytlar uchun yaxshigina summa boʻlgan. “Chunki oʻsha paytda rosa xursand boʻlganman-da”, — deydi u.
Doxximning treklarini Yandex Music, YouTube yoki uning Telegram kanalida tinglashingiz mumkin.
