Donald Tramp o‘g‘li Berron Tramp TikTok direktorlaridan biri boʻlishi mumkin

AQSh prezidenti Donald Tramp TikTok’ni saqlab qolish bo‘yicha bitimga erishganini e’lon qildi. Prezident o‘zining TikTok’dagi qaytish videosida:
“Men TikTok’ni qutqardim, endi sizlar menga qarzdorsizlar”, — deya hazil aralash murojaat qildi.
Trampning ushbu postini bir necha soat ichida 6 milliondan ortiq foydalanuvchi ko‘rgan.
TikTokning AQShdagi faoliyatini davom ettirish uchun Tramp yangi farmon imzoladi. Unga ko‘ra, platformaning Amerika versiyasi endilikda asosan AQSh investorlariga tegishli bo‘ladi va yetti kishilik direktorlar kengashi tomonidan boshqariladi. Shuningdek, Donald Trampning oʻgʻli Berron Tramp ham ushbu direktorlar kengashiha qoʻshilishi mumkinligi aytilmoqda.
Trampning sobiq TikTok prodyuseri Jek Advent Daily Mail’ga bergan intervyusida bu qarorni olqishladi va prezidentga taklif bildirdi:
“TikTok foydalanuvchilarining aksariyati yoshlar. Men umid qilamanki, prezident o‘g‘li Berronni ham direktorlar kengashiga qo‘shishni ko‘rib chiqadi — bu platformaning yoshlarga jozibadorligini saqlab qoladi.”
Berron Trampning direktorlar kengashiga nomzod sifatida ko‘rilayotgani haqidagi xabarlar AQShda keng muhokamaga sabab bo‘ldi.
Trampning sobiq maslahatchilari bu qarorni “siyosiy g‘alaba” deb atashmoqda. Ularning aytishicha, Jo Bayden davrida TikTok’ni butunlay bloklash xavfi bo‘lgan, ammo Tramp muzokaralar orqali uni “amerikaliklar qo‘lida saqlab qolgan”.
Trampning TikTok’dagi faolligi 2024-yilda UFC bosh direktori Dana Uayt yordamida boshlangan. Uning ilk videosi yuzlab million tomosha to‘plagan va siyosiy kampaniyalar tarixida eng yirik TikTok debyuti bo‘lgan.