Hammaning “qarz”i bor. “Faktotum” qanday albom?

E’lon qilingan sana· 74
Hammaning “qarz”i bor. “Faktotum” qanday albom?

Bir necha kun oldin, aniqrogʻi, 17-oktyabr kuni “Qarz” nomi ostida ijod qiluvchi hip hop ijrochisi oʻzining birinchi albomi — “Faktotum"ni e’lon qildi. Afisha.uz muharriri albomni tingladi va ijodkorning oʻzi bilan suhbatlashdi.

Faktotum — bu qanday nom?

Albomning nomi-da insonni oʻziga tortadi, shundaymi? Bu nima ma’noni anglatadi? Nega aynan shu nom tanlangan? Menda ikki xil variant bor edi: a) universal shaxs (salbiy boʻyoq bor), har ishni qilib ketaveradigan inson (asosan yashab qolish uchun); b) Charlz Bukovskining xuddi shu nomli kitobiga havola (unda bosh qahramon asosan oʻzligini qidiradi). “Qarz” ikkisini ham tasdiqladi.

“Albomda bir xillik, uygʻulik, konseptuallik yoki treklarning bir-biriga oʻxshashligi yoʻq. Shunchaki hayotda koʻrgan kechirganlarimni birma-bir musiqaga aylantirib, shunday toʻplam yiqqanman. Ikkisi ham toʻgʻri: universal, qoʻlidan hamma ish keladigan odam, faqat musiqiy dunyoda. Musiqada umuman chegara yoʻq men uchun, istalgan yoʻnalishda tajriba qilib koʻrishim mumkin”, — deydi “Qarz” Bukovskiyning asari sinonim qilib olinganini qoʻshimcha qilar ekan.

Agar albomni nomiga e’tibor bermay shunchaki ketma-ketlikda tinlab ketaversangiz ham baribir umumiy kayfiyat seziladi. U yerda jamiyatda oʻz oʻrnini topishga qiynalayotgan, ammo asosiysi, uni qidirayotgan inson obrazi gavdalanadi.

“Bu albom tajriba. Auditoriyani sinab koʻrish uchun, „silab, paypaslab“ oʻrganish uchun. Oʻzligimni anglash yoʻli orqali xalq bilan qilingan muloqot”, — deydi reper.

Uning ta’kidlashicha, u yerdagi treklarning asosiy qismi hayotiy, ijodkor undagi voqealarni oʻzi boshdan kechirgan. Treklar maksimal darajada reperning hayotiga yaqin.

Qoʻshiqlarda asosan kapitalistik jamiyatlarda uchraydigan muammolar tilga olinadi: materializm va ma’naviyat toʻqnashuvi. Bugungi dunyoda inson doimiy tarzda material ortidan quvadi, yaxshi yashash yoki umuman, yashash qolishga intiladi, bunday vaziyatda esa insonning ichki tuygʻulari “toʻyinmaydi”. Aynan mana shu toʻyinmayotgan narsa ma’naviyat, menimcha. Treklarni eshitar ekanman, menda savol paydo boʻldi: reper uchun qaysi biri muhim: ma’naviy tinchlik yoki moddiy barqarorlik.

Uning ta’kidlashicha, bu ikkisi bir-biriga yaqin va bogʻliq. Moddiy barqarorliksiz ma’naviy tinchlikka erishib boʻlmaydi va aksincha. “Ilgari litseyda oʻqib yurgan paytlarimda „mafkuraviy boʻshliq“ degan tushuncha boʻlardi. Inson miyasi boʻsh boʻlsa, uni ishlatmaydigan boʻlsa, ongini turli narsalar bilan qamrab olish oson boʻladi”, — deydi u repda adabiylikka intilishini qoʻshimcha qilib.

Mening fikrimcha, albomdagi asosiy trek — xuddi shu nomdagi Konsta bilan duet. Oʻzi eshitsang, sizga ham shunday tuyuladi. U amerikacha rep tushuchalarida aytadigan boʻlsak, “West Coast” (gʻarbiy qirgʻoq, AQShning oʻsha qismida ijod qilgan reperlarning yoʻnalishi) yoʻnalishida kuylangan. Lekin nega aynan Konsta duetdosh sifatida tanlangan?

“Men uchun bu yoʻnalish eksperimental edi. Bir kuplet yozib bo‘lganimdan keyin naqoratga o‘tdim va uni o‘ylab topib, yozib, nimagadir chalg‘idim o‘shanda. Orada ancha vaqt o‘tib qoldi, ikki-uch kun umuman ochmadim bu matnni va ochgan paytim o‘zimni yo‘qotib qo‘yganimni his qildim. Ya’ni boshi bor, naqorat bor, lekin davomiga nima deyishni bilmayapman. Ihom kelmay qoldi davom ettirishga. Va boshi shunchalik menga yoqqandiki, davomini buzishni xohlamadim.

O‘shanda Sharifga taklif qilib ko‘rgandim: “Menda bir g‘oya bor, agar xohlasang, senga yoqsa, ikkinchi kupletini senga berardim”. Chunki Sharif bilan dunyoqarashimiz juda ham o‘xshash, o‘qigan kitoblarimiz juda ham o‘xshash, qozonimiz birdek, xuddi. Ilhomlanadigan qozonimiz bir-biriga juda ham o‘xshash. Menga u bilan ishlash juda ham komfort. Ko‘p narsani tushuntirib o‘tirish yoki uni qilgan ishiga o‘zgartirish kiritishga harakat qilish shart emas. Shuning Konsta tanlangan", — deya tushuntiradi u.

Oʻzi, umuman, “Qarz” duetdosh tanlashda yozayotgan narsasiga qarashini aytadi. Ya’ni bu matn, uning ma’nosi kimning tilidan chiqsa toʻgʻri boʻladi, shundagina duetga taklif qilinadi. Va yana u odamning dunyoqarashi toʻgʻri kelishi ham muhim (albomda 4 ta duet bor: Madinabonu Odilova, Hilola Gʻayratova, Malika Gaziyeva va Konsta bilan). Trek yaratishda esa u musiqachilar bilan hamkorlik qiladi, reper faqatgina matn yozadi va unga mos audio qidiradi.

Yana treklarga qaytadigan boʻlsak, “If qal’asi mahbusi” va “Faktotum"da doimiy ish topish masalasi koʻtarilgan. Bundan tushunish mumkinki, “Qarz"ning yaqinlari uning reper boʻlishiga qarshi boʻlgan. U yoshligini eslab, buni tushuntirib berdi.

“Oʻzbek repiga dastlab 2007−08-yillarda qiziqib boshlaganman, oʻsha paytlarda rep bozori bor edi. Lekin undan oldin ham tanish bo‘lganman, o‘sha 50 Cent davrini olaylik, Eminem bilan 2004, 2003-yillarda. Endi-endi novda qo‘yayotgan payt. O‘sha payt qiziqishni boshlab, eksperiment qilib, o‘zimiz endi maktab davrlarida hali tushunmay, hech narsani, protsessorga pryamoy mikrofonni ulab, aytib yurardik. O‘sha paytlari ham uydagilar bilgan musiqaga juda ham qiziqishimni, ayniqsa repga.

Rep desa, o‘sha paytlari kulardi-da odamlar. “Rep? Nima u rep? Yov, yov, qani, biror narsa de-chi?”. “Kelajagi bormi bu narsani, yo‘qmi? Normalniy ish tanlasang bo‘lmaydimi? Biror narsani o‘qisang bo‘lmaydimi? Ingliz tilini o‘rgansang bo‘lmaydimi? Institutga topshirsang bo‘lmaydimi? Kelajakni o‘ylasang bo‘lmaydimi?” derdi. Ichimdagi xohishim, o‘zim qilmoqchi bo‘lgan narsa har doim men bilan kurashib kelgan. Tashqariga chiqmagan paytlari ham ichimda o‘zimni o‘zi yemirgan ichidan. Shuning uchun qarshiliklar bo‘lgan. Biz o‘sha paytda bizda perspektiva bo‘lmagan, biz kelajakka yorug‘ qaray olmaganmiz, biz bilmaganmiz ertaga nima bo‘ladi, repda vapshe kelajagi bormi, yo‘qmi… Balki o‘xshaydi, balki o‘xshamaydi", — deydi u.

Va yana Faktotum’ga qaytamiz. “Hayotingni eng muhim ikki kuni mavjud: biri — san dunyoga kelgan kun. Ikkinchisi — nima uchun kelganingni tushungan kuning” — Konsta bilan duetda mana shunaqa qator bor. Bu — Mark Tvendan iqtibos. Xoʻsh, ijodkor ikkinchi eng muhim kunini topganmi?

Uning aytishicha, bu narsaga juda yaqin turibdi. U shablon hayotni yoqtirmasligini aytar ekan, bu hayotga kelib, oʻqib, uylanib, bazaviy ehtiyojlarni qondirib oʻtib ketish eng kamida gʻalati tuyulishini ta’kidlagan. Lekin u bunday yashayotganlarga hech qanday e’tirozi yoʻq ekanini aytadi. “Hamma ham iqtidorli yoki boshqacha boʻlishga majbur emas”, — deydi u.

Hozirgi oʻzbek shou biznesining istalgan yoʻnalishida noliydigan qoʻshiqlar juda koʻpaygan. Bu albomni ham eshitib shunday xulosaga borishingiz mumkin, lekin yaxshiroq tushunib eshitsangiz, ijodkor unda nafaqat noliydi, balki aybdor kimligini ham biladi — faqatgina uning oʻzi. “Bu — ichki kurash, haqiqatni tan olish”, — deydi reper.

Faktotum — bu oʻzligini qidirayotgan inson timsoli, “Qarz” esa uni qoʻshiqlarida aks ettirgan. Shunday ekan, hammaning ichida “qarz"i bor.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling