Reper AGA yangi trekini e'lon qildi

E’lon qilingan sana· 503
Reper AGA yangi trekini e'lon qildi

Xorazmlik reper AGA (Ogʻabek) oʻzining navbatdagi treki va unga ishlangan klipini e’lon qildi. U “Dali” deb nomlanadi.

U klipda oʻzbek davlatchiligi tarixi bosqichlaridagi Oʻrta Osiyoda (1512—1920 yillarda) mavjud boʻlgan uchta oʻzbek xonliklaridan biri - Xiva xonligi bayrogʻi tushirilgan futbolkada koʻrinish bergan.

AGA avvalroq “Tony Montana”, “Xolaganim” (“Xohlaganim”) treklari bilan tanilgan. Unga ishlangan kliplar birgina reperning sahifasida mos ravishda 5 va 3,3 mln martadan koʻrilgan. Bundan tashqari, ushbu qoʻshiqlarning parchalari Instagram va TikTok’da trendga aylangan.

Umuman olganda, reperning YouTube sahifasiga shu paytgacha 23 ta trek joylangan. Telegram kanalida esa bundan 2 baravar koʻp — 46 ta. Reper birinchi trekini 2020-yilning yanvarida e’lon qilgan va u “Oposi” deb nomlanadi.

2023-yilda AGA xorazmlik mashhur reper — AslWayne bilan ham duet qilgan. Ikki xorazmlik ijodkorning treki ham shu hududga mos ravishda nomlangan — “Gang90”. AGAning diskografiyasida undan oldin va keyin ham boshqa duet uchramagan.

Ammo 30-may kuni e’lon qilingan va trendga aylangan “Tony Montana” qoʻshigʻida AslWaynega atalgan qatorlar boʻlishi mumkin degan qarash bor. AGA trekda shunday kuylaydi: “Lobr Lobr Orujiyangdan soʻllisan, hali gungacha bir martam otmogon” (xorazm shevasidan erkin “tarjima”: “Qurollaringni maqtanib gapirasan, lekin shu paytgacha biror marta ham otmagan”).

AslWaynening 8-avgustda chiqarilgan “AK47” trekida esa bunday qatorlar bor: “Shundin jorala bor, bor ulada kalash. Samolyot oganinga, muomilada soʻrash” (xorazmcha shevadan erkin “tarjima”: Shunday joʻralar bor, ularda bor kalash (Kalashnikov avtomati nazarda tutilyapti), samolyot olganingda muomalada soʻrashishadi). Ammo ikki trekning reliz sanalariga qaraydigan boʻlsak, bu qarash unchalik ham haqiqatga yaqin emas.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling