Hafta artisti: Benom

Oʻzbek shou biznesida yigitlardan iborat guruhlar koʻp boʻlgan, masalan, birinchi boʻlib “Ummon” xayolga kelishi tabiiy. Ular afsona, gap-soʻz boʻlishi mumkin emas. Lekin 15 yildirki stabil ijod qilib kelayotgan yana bir guruh bor. Ushbu duet bunday uzoq muddat muvaffaqiyatli ishlab kelayotgan kam sonli ijodkorlardan biri. “Benom”, albatta, bu borada va aniqki, ijodi jihatdan alohida e’tiborga loyiq. Shunday ekan, Afisha.uz'ning “Hafta artisti” rukni aynan ushbu guruhga bagʻishlanadi.
KomiSsar (Sarvar va Komil)
Ular ikki kishi boʻlib ijod qilishini aytib oʻtirish shart emas, ammo birinchi navbatda, qaysi kimga tegishli ekanini aniqlashtirib oʻtish kerak. Keling, shunchaki suratlar orqali tanishtiramiz va ular haqida qisqacha ma’lumot beramiz.

Bu — Sarvar. Guruhdagi asosiy roli — vokal. Bundan tashqari, u bastakor, aranjirovkachi va soundprodyuser hisoblanadi. U oʻz ijodini aynan guruhda boshlagan.

Bu — Komil. Guruhda u vokaldan boshqa ishlar ham qiladi, masalan, aksariyat qoʻshiqlar matni muallifi ham aynan u. Shuningdek, Komil bastakor, aranjirovkachi, bitmeyker va aktyor ham hisoblanadi.
Yigitlarning shou biznesga kirib kelishi ham aynan “Benom” guruhi bilan bogʻliq. Ular ushbu nom ostida 2010-yillarda birlashishgan. Guruh oʻsha paytlardagi eng yirik va eng mashhur prodyusserlik kompaniyasi hisoblangan “Tarona Records” loyihasi hisoblanadi. “Benom” ularning eng muvaffaqiyatli va eng uzoq davom etgan loyihalaridan biri boʻlgan. Hozir bu ishni yigitlarning oʻzi qiladi — ularning “Benom Media Production” nomli kompaniyasi bor, ular bugungi kunda oʻzbek estradasi mashhur san’atkorlariga qoʻshiqlar, matnlar, videokliplar, yangi yoʻnalish va yangi gʻoyalar qilib berish bilan shugʻullanadi.

Sarvar va Komil bitta musiqa maktabida taxsil olgan, ularning hamkorligi aynan oʻsha yerda boshlangan. Intervyularning birida ular bir qizni “talashib” doʻstlashganini aytib bergan.
“Men oʻqib yurgan maktabga Komil yangi oʻquvchi sifatida kelgan. Maktabda, baribir, koʻz ostingizga olgan qiz boʻladi. Maktabda boʻladigan tadbirlarga Komilni jalb qilishgan edi birinchilardan, chunki bu she’r yozadi, sahna koʻrinishlari qila olardi-da. Oʻsha jamoada oʻsha qiz ham boʻlgan. Keyin menga Komil oʻsha qizga gap otayotgani haqida orqavarotdan gaplar kelgan. Keyin Komilni chetga chaqirib, gaplashib olganmiz. U esa bu xato ma’lumot ekanini aytgan.
Menda bastalash qobiliyati bor, qoʻshiqlar bastalaganimda mashhur shoirlarning she’rlaridan foydalanardim. Lekin ularni musiqamning ohangiga solib boʻlmasdi, chunki men yozgan musiqa boshqacha, she’rning ohangi, boʻgʻinlari boshqacha edi. Shunaqa qiyinchilikka duch kelardim. Keyin Komildan she’r yozishni soʻraganman menda musiqa borligini aytib. Keyin qarasam, men xohlagan narsa. Demak, oʻzimiz yozar ekanmiz bundan keyin, deb guruh boʻlib ketganmiz, qiz esa qolib ketgan", — deb aytib beradi Sarvar.

Ular oʻsha paytlarda guruh nomini topishga qiynalgan. Variantlar orasida “KomiSsar” (Komil va Sarvarning qisqartmasi), “Mehroj” degan nomlar boʻlgan. Orada ular Sarvar va Komil boʻlib ham ijod qilib yurgan. Ammo yakunda ular shunchaki nomsiz qolishni tanlagan va buni brendga aylantirgan — “Benom”.
Guruhning birinchi mualliflik qoʻshigʻi — “Qizaloq” 2010-yilda barcha radiotoʻlqinlarda jarangladi va oz vaqt ichida ushbu qoʻshiq xit darajasiga yetib uzoq vaqt hit paradlarda yuqori oʻrinni egallab turdi. Hozir ushbu qoʻshiqni unutgan boʻlishingiz mumkin, ammo uning birinchi notalaridan esga olishingiz aniq.
2013-yilda “Benom” guruhi oʻzining ilk — “Dard” nomli musiqiy toʻplamini taqdim etdi, chunki aynan xuddi shu nomli tarona guruhni yanada tanitgandi. “Baxt, yana qanday baxt izlaysan, ayt, yana nimalar qilay senga…”.
Ular, asosan, sevgi-muhabbat, ayriliq haqida kuylab mashhurlikka erishgan. Vaholanki, ular bu borada estradada yolgʻiz emasdi. “Benom” oʻsha davrlarning yana bir giganti boʻlgan “Ummon” bilan bir vaqtda ijod qilgan va oʻz oʻrnini topa olgan — buni hozir ham bir necha kunlab konsertlari muxlislar bilan toʻlib-toshishidan ham sezish mumkin.

Shuni alohida qayd etish kerakki, ularning konsertlari haqiqiy "marry me" shousiga aylanadi. Deyarli har bir konsertda oʻrtacha oʻnga yaqin muxlis juftining qoʻlini soʻraydi.
“Benom"ning oʻzbek shou biznesiga qoʻshgan hissasi faqatgina guruh ijodi bilan cheklanib qolmaydi. Ular bir necha mashhur san’atkorlar bilan hamkorlik qilgan va qilib kelmoqda. Ular oʻz qoʻshiqlari muallifligidan tashqari oʻzbek estradasining yorqin yulduzlari ijrosidagi hit qoʻshiqlarning muallifi ham hisoblanadi. Jumladan, ular faoliyati davomida Shahzoda, Rayhon, Lola, Munisa Rizayeva, Zarina Nizomiddinova, Asal Shodiyeva, Shoira Otabekova, Shahlo Ahmedova, Gulsanam Mamazoitova, Sardor Rahimxon, Davron Ergashev, Shaxriyor, Jasur Gaipov, Parviz, Sherbek Shodiyev va oʻzbek estradasining boshqa koʻplab san’atkorlari bilan u yoki bu koʻrinishda hamkorlik qilgan.

Masalan, Shahzodaning “Toʻkilib” qoʻshigʻini eslaysizmi? Ushbu tarona muallifi ham aynan ular hisoblanadi. Qoʻshiq 2012-yilda “M&TV awards” taqdirlash marosimida “Yilning eng yaxshi qoʻshigʻi” nominatsiyasida gʻolib chiqqan.
Oʻsha yilning oʻzida va oʻsha marosimning oʻzida “Benom"ning yana bir loyihasi mukofot qoʻlga kiritgan. Asal Shodiyeva bosh rolni ijro etgan “Xay xay qizaloq” filmi uchun yaratilgan saundtrek yilning eng yaxshisi deb topilgan.
Oʻzi, umuman olganda, 2012-yil ular uchun omadli kelgan. Aynan oʻsha yili “Benom” yana bir hit tarona — “Soʻrama"ni premyera qilgandi.
2017-yilgi “Bir muhabbat qissasi” nomli konsertida esa ular bu qoʻshiqni xonanda Lola bilan kuylagan. Ular oʻsha paytda yana bir qoʻshiqni birga kuylagan, ikkinchisi Lolaga tegishli, ammo uni ham “Benom” guruhi yozib bergan. Ha, “Bilmaysan” trekining mualliflari ham Sarvar va Komil hisoblanadi.
Serial-kliplar
“Benom"ning kliplariga alohida toʻxtalish zarur. Ular birinchilardan boʻlib seriyali kliplar suratga olishni boshlagan. “Eslamading” qoʻshigʻidan boshlangan hikoya 4 ta klipga choʻzilgan. “Chunki bu biz” turkumidagi kliplar juda mashhurlikka erishgan. Albatta, bu serialning davomini uzoq kutishga toʻgʻri kelgan, ammo u bunga arzigan deyish mumkin. 4-qismda ularni baxtli yakun kutardi.
Ushbu klipdagi Ali va Guli hikoyasini guruh muxlislari yaxshi biladi. Guli rolini ijro etgan aktrisa Nargiza Gulmuhammedova hozir unchalik koʻp koʻrinish bermaydi. Chunki u hozir Londonda istiqomat qilmoqda. Ijodkorlar bir necha yildan soʻng ushbu aktrisa bilan aynan Londonda uchrashishgan.

Guruh 2017-yilda "Bir muhabbat qissasi" turkumidagi kliplarni ham yaratgan.
Oxirgi yaratilgan seriali kliplar "Sen borsanki" boʻldi.
Kino
Sarvar va Komil musiqadan tashqari film sohasiga ham qiziqqan va ular bu ishga ham qoʻl urib koʻrishgan. Sarvarda film olish gʻoyasi boʻlgan, Komil esa unga ssenariy yozgan. Ikkisi esa bosh rollarni ijro etishgan. Film esa “Yurak yigʻlar” deb nomlangan.
E'tiborga molik qoʻshiqlari
"Yogʻadi yomgʻir"
"Gulim"
"Telbaman"
"Muzladi tanam"
"Adashdimmi"
"Baxtli boʻl"
"Xazon"
"Balki tun"