Shavkat Mirziyoyev Trampga Registonning kichik maketini sovgʻa qildi

O‘zbekiston prezidenti Vashingtonga tashrifida AQSh prezidenti Donald Trampga ikkita sovg‘a berdi. Bu ikki prezidentning uchrashuvi vaqtida olingan suratlardan ma’lum bo‘ladi, deya xabar bermoqda Gazeta.
Oq uydagi stol ustida turgan Registon majmuasining kichik nusxasi toʻliq tilla rangda.

O‘zbekiston prezidentining ikkinchi sovg‘asi esa Donald Trampning o‘zi yozgan “The Art of the Deal” (Kelishuv san’ati) kitobining o‘zbek tilidagi tarjimasi bo‘ldi.

Kitob 1987-yilda Donald Tramp va jurnalist Toni Shvarts tomonidan yozilgan. Bu qisman memuar va qisman biznes bo‘yicha maslahatlar kitobi bo‘lib, Trampga tegishli bo‘lgan birinchi kitob.
Tramp uni o‘zining eng faxrli yutuqlaridan biri va Injildan keyin ikkinchi eng sevimli kitobi sifatida tilga oladi.