Abadiy davom etadigan muhabbat: Rishat "Okean" qoʻshigʻi va unga ishlangan klip taqdimotini oʻtkazdi

Tashkent City hududida joylashgan Community Coffee Bar’da xonanda Rishatning “Okean” nomli qoʻshigʻi va unga ishlangan klip premyera qilindi. Afisha.uz muxbirlari ham taqdimotda ishtirok etdi.

Tadbir 1980−1990 yillarda urf boʻlgan “kvartirnik” uslubida oʻtkazildi. Asosiy qism boshlanishidan oldin barcha oʻzaro suhbatlashish bilan band boʻldi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar Rishat va uning jamoasini yangi qoʻshiq va klip bilan tabrikladi.
Umuman olganda taqdimot ijodkorlarning oʻzari fikr almashish maydoniga ham aylandi deyish mumkin. Tadbirda “Bu qala” guruhi, Konsta, Ruxsora Emm, Morf, Abbbose va boshqa qoʻshiqchilar ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, “Okean” qoʻshigʻi hatto oʻlimdan keyin ham davom etadigan abadiy muhabbat haqida.
“Ushbu qoʻshiq toʻylarning saundtrekiga aylanishini, kelin va kuyov bizning oʻzbekcha qoʻshiq ijro etilishini soʻrashini juda ham xohlardim. Chunki shunday tendensiya borki, kelin va kuyov valsida chiroyli xorijiy qoʻshiq kuylanadi. Hozir esa ajoyib qoʻshiq yaratildi, valsga tushsa ham boʻladi, chuqur ma’noga ham ega. Bu oʻzbek shou biznesi uchun yangilik”, — deydi Rishat.

Taqdimotning asosiy qismi Rishat band’ning qoʻshiqlari bilan boshlandi. Kichik va shinam hudud burchagida tashkil etilgan sahnada guruh oʻzining “Водопад” va “Qiynama mani” kabi qoʻshiqlarini ijro etdi.

Keyin esa “Okean” qoʻshigʻiga ishlangan klip namoyish etildi. Unga Doni Ahmadjonov rejissyorlik qilgan va suratga olish jarayonlari 24 soat davom etgan. Klipda ham cheksiz muhabbat haqida soʻz boradi.
“Birinchi marta „Okean“ qoʻshigʻini Rishatdan eshitganimda shu gʻoya esimga tushdi. Gʻoya avvalroq yozib qoʻyilgan edi va men Rishatga bu taklifni berdim. Keyin esa guruh bilan maslahatlashdik va 24 soat ichida suratga oldik”, — deydi rejissyor.

Bundan tashqari, Rishatga “Ovoz” va “X-Factor” loyihalaridan keyin qoʻshiqchining hayoti qay darajada oʻzgargani haqida savol bilan murojaat qildik.
“Ovoz” loyihasida qatnashib, yaxshi tajriba orttirdim. Unda tanlovlarda qatnashish aslida qanday ekanini, bosim ostida ishlash qanday boʻlishini tushundim. Bu tajriba menga katta yordam berdi. “X-Factor"da oʻzimizning yigitlar, musiqachilar va oʻz qoʻshiqlarim bilan ishtirok etdik va gʻalaba qozondik. Bundan keyin hayot ancha oʻzgardi, tinglovchilar paydo boʻldi, chiqishlar va konsertlar koʻpaydi. Musiqaga koʻproq vaqt ajratishni boshladik va klip premyerasigacha yetib keldik”, — dedi xonanda.

“Okean” qoʻshigʻi barcha musiqiy platformalarga joylangan. Shuningdek, klipni ham YouTube orqali tomosha qilish mumkin.