Getsbi, Rik Dalton, Teddi Deniels: Leonardo di Kaprioning memga aylangan rollari

11-noyabr aktyor Leonardo di Kaprio tugʻilgan kun. Bugun u 51 yoshga toʻldi. Shu kungacha di Kaprio haqda juda koʻp maqolalar yozilgan, hayot yoʻli organilgan, rollari tahlil qilingan.
Shu bilan birga Leonardo di Kaprio ishtirok etgan yoki u asosida yaratilgan mashhur memlar ham juda ko‘p. Uning deyarli har bir rolidan yangi memlar yaratiladi. Aktyorga nisbatan “tirik mem” iborasi ham ishlatiladi. Afisha.uz ushbu maqolada di Kaprio faoliyatidagi mem-xronologiya haqida ma’lumot beradi.
“Buyuk Getsbi"dan mem

Yozuvchi Frensis Skott Fitsjeraldning “Buyuk Getsbi” asari asosida 2013-yilda film ishlangan. Yuqoridagi kadr esa darhol memga aylangan. Oʻzi butun dunyoda memlar 2010-yillarga kelib ancha modaga kirgan. Ushbu shablon esa haligacha juda koʻp joylarda, xususan, kimdandir yoki qaysidir ishdan xursand ekanini bildirishda ishlatiladi.
Ushbu mem bilan birga kinoda ishlatilgan “old-sport” atamasi ham mashhur boʻlgan. Bu Fitsjeraldning asarida bosh qahramon tomonidan doʻstlariga nisbatan ishlatiladigan soʻz hisoblanadi. Hozirgi kunda esa bu eskicha-kiyinadigan odamlarga nisbatan ishlatiladi.

“Ozod Jango"dan mem

Shu paytgacha eng koʻp “evolyutsiya"ga uchragan memlardan biri ham di Kaprioga tegishli. Kventin Tarantinoning “Ozod Jango” kinokartinasida aktyor faoliyatida kamdan-kam uchraydigan salbiy rolni ijro etgani bilan ham esda qolgan.
Bu mem-shablon juda koʻp oʻzgarishlarga uchragan. Di Kaprioning yuzi oʻrniga koʻplab boshqa personajlar qoyilgan, qoʻlida ushlab turgan qadah ham koʻp bora oʻzgartirilgan. Bu mem odatda biror narsa boʻyicha kinoyali kulish vaqtida ishlatiladi.

“La'natlanganlar oroli"dan mem

Bu Martin Skorsezening “La'natlanganlar oroli” filmining ilk kadri hisoblanadi. Kino shu vaqtgacha qanchalik mashhurlikka erishgan boʻlsa, mem-shablon ham kinodan alohida tarzda mashhurlashdi. Unda bosh qahramon, detektiv yordamchisi bilan suhbatda shunday reaksiya qiladi.
Bu mem odatda nimadir yoqmayotganini yoki nimadandir norozi ekanini bildirishda ishlatiladi.

“Uoll strit boʻrisi"dan memlar

Agar Leonardo di Kaprioni “tirik mem” deb atasak, Skorsezening bu filmini bemalol “memlar makoni” mumkin. Di Kaprio qayiqda turib pul sochayotgan mem ham, “I'm not leaving” (Men ketmayman) memi ham, bosh qahramon ogʻzini toʻldirib kulayotgan mem va yana boshqa koʻplab kulgili suratlar aynan shu kinokartinaga tegishli.
Bundan tashqari, ushbu filmdagi doʻstlarning raqs sahnasi ham mem-video sifatida koʻp ishlatiladi.
“Bir paytlar Gollivudda” filmidan memlar

2012−2018 yillardagi biroz soddaroq, oddiyroq hissiyotlarni bildiruvchi memlar erasi tugaydi. Di Kaprio esa oʻzini yangi tomondan koʻrsatishni boshlaydi. Kventin Tarantinoning “Bir paytlar Gollivudda” filmi qahramoni Bred Pittning yelkasiga bosh qoʻyib yigʻlaydigan epizod mashhur mem-shablonga aylanadi.
Shuningdek, bu filmda yana bir kadr hozirgacha kulgili rasmlar uchun ishlatiladi. Unda televizor koʻrayotgan di Kaprio ekranga qarata hayratini bildiradi.

Di Kaprio hayoti bilan bogʻliq mem
Aktyorning hayoti ham filmlari kabi qiziqarli va voqealarga boy hisoblanadi. Albatta, bu haqda ham juda koʻp memlar yaratilgan. Xususan, aktyor uzoq vaqt davomida Oskar mukofotiga nomzod qilingan, biroq yuta olmagan. 2016-yildagi gʻalabadan keyin esa quyidagicha memlar urf boʻldi.

Internetda Leonardo di Kaprio bilan bogʻliq memlar juda koʻp. Biz bu maqolada ularning ba’zilarini yigʻdik va shu orqali ajoyib filmlarni ham eslash imkoniyati ham paydo boʻldi.
Memlar postmodernistik dunyoning asosiy qismi hisoblanadi. Ba’zi san’at asarlari, xususan, kinematografiyaning uzoq yashashida ham memlarning oʻrni katta. Leonardo ham kinolarda suratga tushishda davom etmoqda, shu bilan birga yanada yangi mem-shablonlar chiqishi ham kutiladi.


