"Koʻzlarim yoʻlingda", "Kichkina tabib", "Shabnam": Fotima Rejametova ishtirokidagi 10 ta film

Yoshligida katta mashhurlikka erishgan aktyor va aktrisalar keyinchalik koʻzdan yoʻqolib qoladi. Ammo ushbu maqola qahramoni boʻlgan Fotima Rejametova kinodagi faoliyatini 1977-yilda, 7 yoshida “Issiq quyosh ostidagi uy” filmi bilan boshlagan boʻlsa-da, bugungi kungacha bir-biridan ajoyib rollarni ijro etib kelmoqda.
Afisha.uz quyida Fotima Rejametova rol ijro etgan filmlar haqida ma’lumot beradi.
“Koʻzlarim yoʻlingda”

Instagram’da mashhur boʻlgan “Baland poshnali etigingiz bormi?” trendi aynan shu filmdan kelib chiqqan. Fotima Rejametova 1991-yil premyera qilingan kinokartinada bosh qahramonning sevgan qizi rolini ijro etadi.
Doimgiday ish faoliyatidan qaytayotgan yigitni koʻzi yoʻl chetida chaqaloq ushlab turgan qizga tushdi. Keyinchalik bu chaqaloq oddiy bir oʻyinchoq ekani, qiz esa yolgʻiz emas, balki dugonalari bilan oʻz manzil makoniga yigitning mashinasida yetib oladi. Qishloqlarda kino qoʻyib yuradigan yigitning qalbi oʻsha qizga bogʻlanib, sevib qoladi.
Oldinroq Afisha.uz'da ushbu filmga taqriz e’lon qilingandi.
“Bomba”

1995-yilda esa Fotima Rejametova buyuk oʻzbek rejissyori Zulfiqor Musoqov bilan bir loyihada ishlaydi. “Bomba” filmida aktrisa kelin obrazida gavdalanadi. Keyinchalik rejissyor va aktrisaning hamkorligi uzoq yillar davom etadi. Hozirgi kunda Musoqov filmlari Rejametovasiz oʻtmaydi, deyish mumkin.
Qishloq uylarining birida portlamay qolgan bomba topiladi. Noma’lum narsani aniqlash uchun uzoq vaqt urinib koʻrganidan soʻng, uy egasi oʻz qishloqdoshlari bilan nima qilishni hal etmoqchi boʻladi.
“Kichkina tabib”

Oʻzbek klassik filmlari qatoridan oʻrin olgan “Kichkina tabib” filmida Musoqov va Rejametova hamkorligi davom etadi. Aktrisa bu kinokartinada qizi kasal boʻlib qolgan va uni davolash uchun har narsaga tayyor ona rolini ijro etadi. Uning bir qator gaplari hozirda ham mem sifatida ishlatiladi.
Tog‘li qishloqda yashovchi kichkina Donyor mo‘jizaviy iste’dodga ega — u odamlarni davolay oladi. Kichkina tabib haqida xabar tarqalishi bilan turli joylardan odamlar uning oldiga shifo istab kela boshlaydi.
“Menga esa sen kerak”

Komik aktyor Obid Asomov oʻz davrida bir qator yaxshi filmlar ishlanishiga sabab boʻlgan. “Tohir va Zuhra”, “Dev va pakana”, “Shatranj mamlakatidagi sarguzashtlar” filmlari qatorida “Menga esa sen kerak” kinokomediyasini eslamay iloj yoʻq.
Toʻgʻri bu film yuqorida sanalgan kinokartinalar kabi juda katta mashhurlikka erishmagan boʻlsa-da, oʻzbek komediyasi uchun, davr nafasini bildirish uchun katta hissa qishgan deyish mumkin.
“Shabnam”

Mirmaqsud Oxunov rejissyorligida oʻzbek kinosi tarixidagi eng romantik filmlardan biri ishlangan. Fotima Rejametova esa unda bosh qahramonlardan biri Shabnamning onasi rolini ijro etadi.
Film qahramoni Bobur koʻcha bolasi boʻlib, hayot kechiradi. Keyin esa oddiy qiz Shabnam paydo boʻladi va Boburning hayoti keskin oʻzgaradi. Ular bir-birini sevib qoladi, lekin… ularing ota-onalari bilan bogʻliq qandaydir sir bor. Bu sir tufayli juftlik aql bovar qilmaydigan qiyinchiliklarga duch keladi.
“Ada emas, dada”

Ushbu kinokartinaga ham Mirmaqsud Oxunov rejissyorlik qilgan. Fotima Rejametova esa Obid Asomov bilan birga yana unutilmas obrazlardan birini yaratgan.
“Ada emas, dada” filmi 2000-yilda yaratilgan “Tohir va Zuhra — yangi talqin” musiqali komediyasining mantiqiy davomi hisoblanadi. Tohir va Zuhrada otasi, o‘g‘lini uylantirgan bo‘lsa, filmning davomida o‘g‘il otasini uylantirish payiga tushib qoladi.
“Onaginam orzusi”

Yosh rejissyor Umid Hamdamov tomonidan suratga olingan “Onaginam orzusi” kinokartinasi ham Fotima Rejametova portfoliosidan oʻrin egallagan. 2012-yil premyera qilingan kinokartinada Rejametovadan tashqari Asal Shodiyeva, Rayxon Ulasenova, Yigitali Mamajonov, Tohir Saidov, Lola Eltoyeva kabi oʻzbek kinosi yulduzlarini koʻrish mumkin.
Gulmira uzoq vaqt chet elda yashab ta’lim olib oʻz vatani, uyiga qaytadi. Qiz yosh va goʻzal. Uning qoʻlini va qalbini zabt etadigan yigit kim boʻladi? Gulmiraning yaqinlari esa unga allaqachon kuyovlikga nomzod izlashga tushgan.
“Sehrli qalpoqcha” (“Sehrli qalpoqcha 2”)

Yuqorida Fotima Rejametovaning romantik filmlardagi, komediyalardagi, dramalardagi rollarini koʻrish mumkin. Bundan tashqari, aktrisa rejissyor Sarvar Karimovning bolalar uchun ishlangan “Sehrli qalpoqcha” kinosining ikkala qismida ham rol oʻynagan. Uni Hoshimjonning onasi obrazida koʻrish mumkin.
Film Xudoyberdi Toʻxtaboyevning asari asosida ishlangan boʻlib, sehrli qalpoqcha topib olgan va u bilan orzusidagi ishlarni amalga oshirmoqchi boʻlgan bola haqida hikoya qilinadi.
“Qovun”

Zulfiqor Musoqovning “Qovun” filmi boshqa kinokartinalari kabi juda katta mashhurlikka erishmagan boʻlsa-da, komedik jihatdan qolishmaydi. Albatta, bu kino ham Fotima Rejametovaning obrazisiz oʻtmagan.
Film syujeti boshiga qovun tegib jarohat olgan chet-ellik fuqaro atrofida aylanadi. Uning boshiga qovun tushurib yuborgan odamlar uni qishloqqa olib ketadi.
“Novda”

Ushbu kartina “O‘zbekfilm” kinostudiyasida rejissyor Zulfiqor Musoqov tomonidan tasvirga olingan bo‘lib, unda koʻplab personajlarning syujet liniyalari mavjud. Fotima Rejametova unda Shahzoda Matchanova personajining onasi rolini ijro etgan.
Syujetda bir ahil qishloq oilasi, ilk muhabbat, Vatanga, ota-onaga muhabbat tasvirlanadi.
Fotima Rejametova hozirgacha kino va seriallarda rol ijro etishda davom etmoqda. Uning soʻnggi ishlaridan biri ham Zulfiqor Musoqov bilan hamkorlikda boʻldi. U “Umida” kinokartinasida epizodik rolda koʻrinish berdi. Avvalroq Afisha.uz'da bu film haqida maqola e’lon qilingandi.