“Tomoshabinga motivatsiya beradi” — Diyora Keldiyorova haqida hujjatli film suratga olindi

E’lon qilingan sana· 571
“Tomoshabinga motivatsiya beradi” — Diyora Keldiyorova haqida hujjatli film suratga olindi

Yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbekistonlik dzyudochi Diyora Keldiyorova haqida hujjatli film suratga olindi. “Nozik yo‘l” nomli kartina Diyoraning sportdagi g‘alabasi, bu borada bosib o‘tgan yo‘li va ayollar matonati haqida hikoya qiladi. Afisha.uz 17-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan filmning yopiq premyerasidan reportaj tayyorladi. Shuningdek, Diyora Keldiyorova va uning yaqinlari bilan suhbatlashdi.

Tashkent City Mall’dagi Cinematica kinoteatrida o‘tkazilgan yopiq taqdimotda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Diyora Keldiyorova va uning yaqinlari, sport muxlislari hamda OAV vakillari qatnashdi. Ushbu hujjatli film MOC ijodiy prodyuserlik markazi tomonidan Yandex Uzbekistan ko‘magida yaratildi.

Diyora Keldiyorovaning aytishicha, film suratga olish ishlari bahor va yoz oylarida bo‘lib o‘tgan.

“Joriy yil boshida film haqida taklif bildirishdi. Biz rozi bo‘ldik va erta bahordan to yoz yakunigacha suratga olindi. Syomka jarayonlari ona yurtim Samarqandda va albatta, Toshkentdagi sport zalimizda kechdi. O‘tgan yillar davomida aksariyat vaqtim sport zalida o‘tganligi uchun ham filmning ko‘p qismi zalda olindi. Filmda yaqinlarim o‘z fikrlarini, meni qanday qo‘llab-quvvatlagani to‘g‘risida ham gapirgan. O‘ylaymanki, bu ajoyib film karyeramga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizga ham ma’qul keladi”, — deydi u.

Keldiyorova taniqli shaxslar haqida bunday hujjatli filmlar olinishi qanchalik muhimligi haqidagi savolga izoh berarkan, shunday dedi:

“Juda muhim. Chunki mashhurlar ham har birimiz kabi oddiy inson, faqatgina ular o‘z kuchiga ishonib, maqsadi sari oxirigacha kurasha oladi. Bu kabi filmlar har qanday odamga motivatsiya beraoladi, deb o‘ylayman”.

Diyoraning buvisi Mukkaram Ruhsatovaning so‘zlariga ko‘ra, hujjatli filmlar kelajak avlod uchun tarix bo‘lib qoladi va shu sababli ham ko‘proq suratga olinishi kerak.

“Bolamning shu darajaga yetganidan juda xursandman. G‘alabaga erishgan jangini ko‘rayotgan paytimizda igna ustida o‘tirgandek bo‘lib, o‘zimizni zo‘rg‘a tutib turganmiz. Diyora olti yoshidan beri sportda. U oddiy qishloq qizi, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidan chiqqan. Aslida katta buvisi sportchi bo‘lishini istagan. „Qiz boladan ham kurashchi chiqadimi, yosh qizchani qiynab nima qilasiz?“, deb qarshilik ko‘rsatishimga qaramay, baribir sportga bergan. „Hali butun dunyoni lol qoldiradi, hamma havas qiladi“, degan. Diyora katta buvisining o‘gitlarini olib, kam bo‘lmadi. Nasib qilsa, nabiram o‘ziga o‘xshagan chempion shogirdlarni chiqaradi, menga bunga ishonaman”, — deydi Mukkaram Ruhsatova.

“Qizimning jussasi nozik bo‘lsa-da, cho‘qqiga yetish uchun o‘z oldiga maqsad qo‘ydi va qiyinchilik orqali bunga erishdi. Hamma narsa shunday qo‘lga kiritiladi. Film syomka jarayonlari qishlog‘imizda, Registon maydonida ham bo‘ldi. Qishloqdagi oddiy yashash tarzimiz, hayotimiz boricha ko‘rsatildi. Shu sababli ham film samimiy chiqqan, nazarimda.

Mazkur film yoshlar tarbiyasi va ularning ta’lim olishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, qizlarimiz Diyoraning bosib o‘tgan yo‘lidan motivatsiya olib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqori cho‘qqilarga ko‘tarishni xohlayman. Uni ko‘rgan har bir tomoshabin o‘ziga kerakli xulosa chiqarib, kuch oladi, deb o‘ylayman", — deydi Keldiyorovaning onasi Dilorom Sharipova.

Film 20-noyabrdan Kinopoisk platformasida keng auditoriyaga taqdim etiladi.

Mirolim Isajonov
Muallif
Mirolim Isajonov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling