Oldin va hozir: “Panoh” filmi aktyorlari 18 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Taniqli rejissyor Rustam Sa’diyevning “Panoh” filmi 2007-yilda premyera qilingan bo‘lib, o‘z davrida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Filmda Ulug‘bek Qodirov, Farrux Soipov, Gulchehra Eshonqulova va Muborak Ashurboyeva kabi aktyorlar ishtirok etgan. Asar o‘zbek kinematografiyasida ijtimoiy muammolarni ochiq ko‘tarishi, insoniylik va halollik haqida chuqur falsafiy savollar qo‘yishi bilan ajralib turadi.
“Panoh” hayot zarbalari orasida halollik va vijdonini yo‘qotmaslikka urinayotgan qahramonlarning hikoyasini so‘zlaydi. Film inson va jamiyat o‘rtasidagi munosabat, qashshoqlik, adolatsizlik va or-nomus tushunchalarini keskin dramatik yo‘sinda yoritadi. Film o‘z davrida tomoshabin uchun chin insoniy fazilatlarning ramziga aylangan.
Afisha.uz qariyb 20 yildan so‘ng “Panoh” aktyorlarining bugungi hayotiga nazar tashlaydi — ular qanday o‘zgargani, ijodiy faoliyatidagi yangi bosqichlar va loyihadan keyingi yo‘li haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.
Ulug‘bek Qodirov
Filmda qoni qaynoq va cho‘rtkesar yigit hisoblanmish Elyor obrazini gavdalantirgan aktyor Ulug‘bek Qodirov hozirda 42 yoshda. U uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, 2024-yildan beri yana o‘zbek filmlarida suratga tushishni boshlagan.
O‘z ijodiy faoliyatini 2001-yilda “Ayol zoti” epizodik serialidagi roli bilan boshlagan aktyor 2000−2010-yillar o‘zbek kinosan’atining eng taniqli namoyondalaridan biriga aylandi. U 50 dan ortiq kinoloyihalarda ishtirok etdi.
Bir muddat tanaffusdan so‘ng yana faol ijodga qaytgan Qodirov so‘nggi yillarda bir qancha yirik loyihalarda suratga tushishga ulgurdi. Jumladan, u rejissyor Shohruh Rasulovning “Uch qahramon”, Akbar Bekturdiyevning “O‘zbek arsloni” va Rahimjan Kaldikozning “Azartnik” badiiy filmlarida rol ijro etdi.
Bundan tashqari, ijodkor o‘zini xonandalik sohasida ham sinab ko‘rgan. U 10 yillar avval Shahzoda va Gulchehra Eshonqulova bilan birgalikda trio ijro etgan, o‘zi “Men yulduzman” nomli qo‘shiq kuylagan. Yaqinda esa Qodirov xonanda O‘ktam Kamolov birgalikda “O‘lganimiz yo‘q” deb nomlangan tarona va unga ishlangan klipni taqdim etdi.
Farrux Soipov
41 yoshli Farrux Soipov filmda Sanjar rolini ijro etgan. U ilk rolini “Marjona” filmida ijro etgan. Shu filmdan so‘ng u alohida aktyorlik mahoratlari kurslarida o‘qigan. Keyinchalik AQSHga borib, maxsus kinematografiya kurslarida tahsil olgan.
Soipovning birinchi taniqli filmi “Kelgindi kuyov” bo‘lgan. Shundan so‘ng aktyor bir qator filmlarda bosh rollarni ijro etdi va ularning deyarli barchasi katta mashhurlikka erishdi. Ammo u 2017-yilga kelib, san’atni butunlay tark etdi.
San’atni tark etganidan keyin u tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga o‘tgan. U bundan keyin ancha vaqt ekranlarda ko‘rinish bermagan va 2018-yilga kelib umraga borgan vaqtida Jasur Hamroyevga intervyu bergan.
Farrux o‘zini rejissyorlik va xonandalikda ham sinab ko‘rgan. Uning ilk rejissyorligidagi film esa “Qalbim o‘g‘risi” bo‘lib, unda o‘zi ham rol ijro etgan. Ijodida “Goʻzal bu dunyo”, “Sen kechir”, “Nafs” kabi qo‘shiqlari ham mavjud.
Gulchehra Eshonqulova
Filmda Dilnoza rolini ijro etgan taniqli aktrisa Gulchehra Eshonqulova hozirda oilasi bilan AQShda yashaydi. U 20-iyun kuni 44 yoshni qarshiladi.
Eshonqulova filmlardagi faoliyatini 2005-yilda Bahrom Yoqubov tomonidan suratga olingan “Fotima va Zuhra” filmida Fotima rolini o‘ynash orqali boshlagan. Keyinchalik aktrisa ketma-ket tarzda 10 dan ortiq film va seriallarda suratga tushdi.
Aktrisa 2024-yilda premera qilingan “Ishq va anduh” filmida bosh rollardan biri hisoblangan Nilufar rolini ijro etgan. Rejissyor Ibrohim Rasulovning aytishicha, filmni suratga olish ishlari 7 yil davom etgan.
Eshonqulova 2015-yilda Sharof Sharopov bilan turmush qurgan. Ularning Amirbek ismli o‘g‘il va Sumayya ismli qiz farzandlari bor. Turmush o‘rtog‘ining o‘zidan 13 yosh kichikligi ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokama qilingan.
Muborak Ashurboyeva
Filmda sho‘x-shaddod qiz Gulnoza rolini ijro etgan aktrisa bir qancha yorqin rollaridan so‘ng san’at olamidan butunlay yo‘qolib qoldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, aktrisaning to‘rt nafar farzandi bor va turmush o‘rtog‘i uning san’at sohasida faoliyat yuritishini istamaydi.
U “Panoh”, “Zumrad va Qimmat” filmlari hamda Ozoda Nursaidovaning “Yor-yor” klipidagi ishtiroki bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish hisoblanadi. Aktrisa so‘nggi yillarda bir qancha reklama roliklarida suratga tushib, qisman blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.
U, jumladan, 2023-yilda Perfect University uchun tasvirga olingan qabulga targ‘ib qiluvchi reklama roligida abituriyentning onasi rolini ijro etgan. Aktrisa ushbu jarayonda olingan kadrorti suratlarini o‘z sahifasiga joylagan.
Saidkomil Umarov
“Panoh"da Dilnoza va Gulnozaning otasi Bahodir boy obrazini gavdalantirgan aktyor Saidkomil Umarov 1946-yilda Toshkentda tug‘ilgan. 1971-yilda Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan.
Ijodi davomida “Olis yaqin yillar”, “Olovli yo‘llar”, “Dunyoning ishlari”, “Sarvinoz 2”, “Panoh”, “Ibrat”, “Jiyda guli”, “Mahmudxo‘ja Behbudiy”, “Yozsiz yil” kabi filmlarda rollar ijro etgan.
Aktyor so‘nggi intervyularidan birida zamonaviy telenovellarda suratga tushmasligining sababini aytdi. “Menga pul emas, suratga tushish taklif etilayotgan asarning mazmuni, yetkazayotgan ma’nosi muhim”, — degan aktyor.
Ahmad Berdimuhamedov
Filmda Bahodirboyning o‘ng qo‘li vazifasini bajaruvchi Akmal rolini ijro etgan aktyor Ahmad Berdimuhamedov 1969-yil 8-mart kuni Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida tug‘ilgan. U joriy yil mart oyi boshida 56 yoshni qarshiladi.
U ilk rolini 1997-yilda “Tartib” filmida ijro qilgan bo‘lib, unda Azamat Sunnatov obrazini gavdalantirgan. Lekin uning mashhur qilgan roli “Shaytanat” teleserialidagi Jamshid Samatullayev obrazi hisoblanadi.
Aktyor 2010-yilda AQSHga borib, Nyu-York kino akademiyasining rejissyorlik kurslarida tahsil oladi va “Oskar” mukofoti taqdimot marosimining maxsus 7 tansoqchilaridan biri bo‘ladi. U hozirda AQSHning Kaliforniya shtati Los-Anjeles shahrida istiqomat qiladi. Uning bir o‘g‘il va ikki qiz farzandi bor.
Javohir Zokirov
Taniqli aktyor, Zokirovlar sulolasi vakili va “Bolalar” rok-pop guruhining asoschilaridan biri Javohir Zokirov hozirda 53 yoshda. U “Panoh"da salbiy qahramon — Humoyun Zarif rolini ijro etgan.
Aktyor 1996-yildan beri muntazam ravishda katta ekranlarda ko‘rinish berib kelmoqda. U faoliyati davomida 50 ga yaqin film va seriallarda turli darajadagi rollarni ijro etgan.
Ijodkor 2010-yillarda Qozog‘iston kinoijodkorlari bilan hamkorlikda ishlagan. Sobiq TV Markaz xususiy kanali uchun avtorlik dasturlari tayyorlash bilan shug‘ullangan. BBC`ning “Sog‘lig‘ingiz o‘z qo‘lingizda” loyihasi uchun musiqalar yozgan.
Turk ijodkorlari tomonidan suratga olingan “Mendirman Jaloliddin”, “Hukmdor Usmon” va SalomTV striming xizmati uchun olingan “Fara Tashkentskiy” seriallaridagi ishtiroki Zokirov faoliyatidagi so‘nggi mashhur loyihalardan bo‘lib qolmoqda.
Shahlo Hojiyeva
Filmda Sanjarning singlisi Mohira rolini o‘ynagan aktrisa Shahlo Hojiyeva ayni vaqtda aktrisalik faoliyatini faol davom ettirmoqda, shu bilan birga, blogerlik bilan ham shug‘ullanib kelmoqda.
Ta’kidlash kerak, Hojiyeva 2000-yillar boshida, hali talabalik paytidayoq bir qancha filmlardagi epizodik va ikkinchi darajali rollari bilan rejissyorlar hamda tomoshabinlar e’tiboriga tushgandi.
Biroq u “Devona”, “Sevinch” va “Panoh” filmlaridagi rollaridan so‘ng yirik loyihalarga takliflar olmagan. Oradan bir qancha vaqt o‘tib “Adashgan sovchilar”, “Hur qiz” va “Baron” kabi kassabop filmlarda suratga tushdi.
Ijodkor 2017-yildan beri “Otalar so‘zi — aqlning ko‘zi” telenovellasida suratga tushib kelayotgandi. Loyiha to‘xtatilgach, u boshqa novellalarda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Jumladan, u “Iqror” va “Taqdir zarbalari” loyihalarining doimiy ishtirokchisi hisoblanadi.
Mirjamol Abduqodirov
“Panoh"da Bahodirboyga ishlab, barcha ma’lumotlarni Humoyunga yetkazib turgan qahramon Murod rolini ijro etgan aktyor Mirjamol Abduqodirov hozir ham san’at yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadi.
U uzoq yillardan beri “San'at” musiqiy guruhining doimiy a’zosi va rahbari hisoblanadi. Guruh asosan Toshkent shahridagi to‘y va tantanalarda qo‘shiq kuylab, boshlovchilik faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Yillar davomida Mirjamol Abduqodirov sahna tajribasini boyitib, o‘z ovozi va uslubini topgan san’atkor sifatida tanildi. U ijodiy jamoasi bilan birga jonli ijro, klassik estrada yo‘nalishidagi qo‘shiqlar va o‘ziga xos sahna madaniyati bilan ko‘plab tadbirlarda ishtirok etib keladi.
Sohib Abbosxon
Filmda tergovchi Olim rolini ijro etgan aktyor Sohib Abbosxon hozirda 51 yoshda. U bir necha yillardan beri oilasi bilan AQSHda istiqomat qiladi va tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Uning kompaniyasi logistika loyihalariga texnik xizmat ko‘rsatadi.
U “Zanjir” serialidagi Bahrom roli bilan tanilganidan so‘ng rejissyor sifatida “Sen meni sevasanmi?”, “Vijdon”, “Yangi boy”, “Kirakash”, “So‘ngi nafasimgacha” va “Kunlardan bir kun” kabi qator filmlarni suratga oldi. Qolaversa, bir muddat televideniyeda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritdi.
Biroq san’atdagi mashhurlikdan voz kechib, AQSHga ko‘chib o‘tgan. U so‘nggi yillarda O‘zbekistonga ham ko‘p marotaba kelib ketmoqda. Instagram`dagi shaxsiy sahifasiga aktyor, rejissyor va prodyuser deya yozgan. Biroq ijodkor oxirgi yillarda birorta ham film suratga olmadi va suratga tushmadi.
Tojivoy Shukurov
“Panoh"da jinoiy uchlikning so‘nggi qahramoni rolini ijro etgan aktyor Tojivoy Shukurov ham hozirda otaxon san’atkorlardan hisoblanadi. U ham 2000-yillardan beri “Toj” musiqiy guruhi bilan ko‘plab hit taronalar chiqargan.
Aktyor 2010-yillargacha kinoda rol ijro etdi. Uning so‘nggi eng mashhur ishlaridan biri “O‘zimdan o‘zimgacha” filmidagi kichik roli hisoblanadi. Shuningdek, u 2009-yilda rus kinoijodkorlari tomonidan ishlangan “Maxsus topshiriqdagi agent” filmida ham suratga tushgan.
Shukurov ayni paytda ham to‘y-tantanalarda o‘z jamoasi bilan faol ishtirok etmoqda. U, shuningdek, yaqinda “Toj Winger” nomli bilyard klubini ham ishga tushirdi. Uning o‘g‘li Izzat Shukurov so‘nggi yillarning eng mashhur xonandalaridan hisoblanadi.
Jahongir Poziljonov
47 yoshli taniqli xonanda, “Bojalar” guruhi yakkaxoni Jahongir Poziljonov filmda kameo tarzida chiqqan. U filmda omborxona qo‘riqchisi rolini ijro etgan va shu paytdagi filmda ishlatgan birgina gapi hali-hanuz internet mavjlarida mashhur ibora sifatida kezib yuradi.
“Meni bu yerga chizib ketishgan” deya shiftga osilib olgan aktyor “Panoh"dan keyin ham bir qancha loyihalarda suratga tushdi. Hattoki o‘zi rejissyor sifatida mualliflik filmlarini suratga oldi, ularning aksari kassabopligi bilan ajralib turardi.
Biroq so‘nggi yillarda u bor kuch va e’tiborini xonandalik faoliyatiga qaratmoqda. U yaqinda “Oyimcha” deb nomlangan qo‘shig‘i va unga ishlangan klipni taqdim etdi. Klipda mashhur aktyorlar Asqar Hikmatov, Otabek Mirzaxolov va Javlon Shodmonovlar ham suratga tushgan.
“Panoh” filmi to‘g‘risida qiziqarli faktlar va yashirin ishoralar

Filmda Elyorni ikki kishi: Gulnoza va Sanjar yefreytor deb ataydi. Bu rus harbiy qismlaridagi kichik unvon bo‘lib, u orqali qahramonning harbiy xizmatdan qaytganiga ishora qilinadi. O‘z navbatida, Elyor Sanjarni g‘ijim deb chaqiradi.
Dilnoza Toshkent Pediatriya tibbiyot institutida ilmiy ish yoqlayotgan laborant, Gulnoza esa O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti bakalavriatida tahsil olayotgan talaba sifatida ko‘rsatiladi.
Gulchehra Eshonqulova ijrosidagi qahramon qora rangli Infiniti JX35 mashinasida yuradi. Premium toifadagi mashina Dilnoza obrazidagi sokinlik va mulohazakorlikni ochib berishga qaratilgan.
Muborak Ashurboyevaning qahramoni esa o‘sha yillarning eng mashhur sportkarlaridan biri hisoblangan qizil rangli Hyundai Tuscani avtomobilida harakatlanadi. Mashina rangi va xarakteristikasi Gulnozaning sho‘x-shaddodligiga ishora va obrazni to‘ldirib turadi.
Tojivoy Shukurov ijrosidagi bir nechta sahnalarda Frensis Ford Koppolaning “Cho‘qintirgan ota” filmiga yashirin ishoralar mavjud. Bu bilan u va atrofidagilarining jinoyat olamiga aloqadorligiga yashirin ishora berilgan.
Gulnoza opasining xonasiga kirib, u bilan suhbatlashganda Sanjar va Dilnozani Kevin Kosner va Uitni Xyustonga qiyoslaydi. Bu ikki mashhur aktyor rejissyor Mik Jeksonning kult darajasiga erishgan “Tansoqchi” filmida suratga tushgan.
Saundtrek
Film musiqasini afsonaviy bastakor Ruslan Sharipov yozgan va ijro etgan. Bu Sa’diyev va Sharipov o‘rtasidagi kam sonli, ammo sermahsul ijod namunalaridan biri hisoblanadi.
“Asragin” deb nomlangan qo‘shiqda muallif xato qilib, hayotning sharob-u zahrini ichganini, ravon yo‘llar turib, tikonzordan yurganini, barcha qiyinchilik va muvaffaqiyatda birgina suyangani borligini ta’kidlaydi.
Ushbu rasmiy saundtrek yillar davomida ko‘plab yosh ijodkorlar tomonidan kover qilindi. Jumladan, ular orasida xonandalar Akbar Ravshanov va Nodir Ibrohimovlarning ijrosi muxlislar orasida mashhurlikka erishgan.
Bundan tashqari, reper Konstaning 2022-yilda e’lon qilingan “Biz yo‘q joyda” nomli albomidagi “Asragin” trekida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ruslan Sharipov musiqasining naqarotidan foydalanilib, remeyk qilingan.























