"Bu provokatsiya": Bezrukovning Toshkentdagi voqea haqidagi soʻzlari mojaroga sabab boʻldi, aktyor bunga izoh berdi

E’lon qilingan sana· 248
"Bu provokatsiya": Bezrukovning Toshkentdagi voqea haqidagi soʻzlari mojaroga sabab boʻldi, aktyor bunga izoh berdi

Rossiyalik aktyor Sergey Bezrukovning matbuot anjumanida aytgan soʻzlari boʻyicha ijtimoiy tarmoqlarda mojaro kelib chiqdi. Aktyorning oʻzi ham bu holatga izoh berdi.

Aktyor Toshkent xalqaro kinofestivalida qatnashgan vaqtda yuz bergan voqeani soʻzlab berdi. Bezrukov Toshkentdagi Sergey Yeseninning qizi — Tatyana Yesenina dafn etilgan qabristonga borgan. U o‘ziga sovg‘a qilingan gullarni olib, tunda qabriston hududiga kirishga uringani, qabriston xodimi esa rus tilini bilmasligi, ammo “Brigada” serialini koʻrgani koʻrgani uchun uni tanib qolganini aytgan. Shuningdek, xodim rus tilida faqatgina bitta soʻz — “Beliy"ni (bosh qahramonning serialdagi familyasi) ayta olganini ta’kidlagan.

Bezrukov nutqi davomida qabriston xodimining soʻzlari va harakatlarini taqlid qilgan. Bu oʻzbekistonliklar orasida turli muhokamalarga va tanqidlarga sabab boʻldi. Xususan, Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja, sobiq deputat va bloger Rasul Kusherbayevlar voqea boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.

Qudratxoʻjaning fikricha, aktyor o‘zini mahalliy aholidan “yuqori” qo‘ygan va Sharq madaniyatiga hurmat koʻrsatmagan. Ekologiya vazirining sobiq maslahatchisi, bloger Rasul Kusherbayev esa Bezrukovning talqinini “masxara qilish” — o‘zbek nutqi ustidan kulish deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, san’atkor aks ettirishga uringan aksent haqiqatan ham masxara sifatida qabul qilinadi.

22-noyabr kuni esa Bezrukov oʻz Instagram sahifasida ushbu holatga izoh berdi. U sodir bo‘lgan voqeani millatlararo nifoqni qo‘zg‘atishga qaratilgan “provokatsiya” deb atadi.

“Tatyana Yeseninaning qabriga gul qoʻyganim, tunda men uchun qabristonni ochib berishgani haqidagi hikoyani yumoristik manerada bu yerda (Rossiyada) ham, Oʻzbekistonda ham koʻp bora aytganman. Bu har doim hazil va xushmuomilalik bilan qabul qilinardi, lekin shu yerda provokatsiya qilishga urinishdi. O‘zbekistonga munosabatimni bilasiz, gastrolga borganimda o‘zbek madaniyati, o‘zbek taomlari, o‘zbek mehmondo‘stligiga qoyil qolib qancha postlar qo‘yganman va haliyam qoyil qolaman. O‘zbekistonda meni qanday sevishlarini, meni qanday kutishlarini bilaman”, — degan aktyor oʻz munosabatida.

Shuningdek, u oʻzbekistonlik aktyor Farxod Mahmudov bilan doʻst ekanini ta’kidlagan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling