Oldin va hozir: “Sevgi iztirobi” seriali aktyorlari 10 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

E’lon qilingan sana· 31 608
Oldin va hozir: “Sevgi iztirobi” seriali aktyorlari 10 yil ichida qanchalik o‘zgardi?

Turkiyalik rejissyor Hilal Saral tomonidan suratga olingan “Sevgi iztirobi” (Kara sevda) seriali 2015-yilda premyera qilingan bo‘lib, qisqa muddat ichida nafaqat Turkiyada, balki butun dunyoda millionlab tomoshabinlarni o‘ziga rom etgan. Serialda Burak O‘zchivit, Neslihan Atagul va Kaan Urgandjioglu kabi mashhur aktyorlar ishtirok etgan.

“Sevgi iztirobi” oddiy ishchi yigit Kemal va boy oilaning qizi Nihan o‘rtasidagi imkonsiz muhabbat atrofida qurilgan bo‘lib, unda ijtimoiy tabaqalanish, adolatsizlik, cheksiz rashk, oilaviy bosim va insonning ichki kurashi kabi mavzular yorqin aks etadi. Serial sevgi va fojia bir-biriga qorishgan, har bir qahramonning tanlovi va xatosi og‘riqli oqibatlarga olib keladigan murakkab psixologik olamni tasvirlaydi.

Afisha.uz oradan yillar o‘tib serial qahramonlarini yana bir bor eslaydi — bugungi kunda aktyorlarning ijodiy yo‘nalishidagi o‘zgarishlar, xalqaro loyihalardagi muvaffaqiyatlari va “Sevgi iztirobi” ularga ochib bergan yangi imkoniyatlar haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.

Burak O‘zchivit

  • false
  • false

41 yoshli Burak O‘zchivit hozirgi turk kino va serial sanoatining eng mashhur aktyorlaridan biri sanaladi. U dastlab model sifatida tanilgan bo‘lib, bir necha xalqaro tanlovlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Shundan so‘ng u aktyorlikka qiziqib, Istanbuldagi Marmara universitetida aktyorlik bo‘yicha tahsil olgan. Keng ommaga u “Kichik sirlar” serialidan so‘ng tanila boshladi.

O‘zchivitga katta mashhurlik olib kelgan birinchi yirik loyiha “Muhtasham yuz yil” bo‘ldi. Unda u Malkochoglu obrazi orqali katta e’tibor qozondi va xalqaro auditoriyaning qalbiga kirib bordi. Biroq aktyorning eng katta shon-shuhratga erishgan asari “Sevgi iztirobi” bo‘ldi. Serialdagi Kemal roli Burakni global darajada mashhur qildi va unga ko‘plab mukofotlar taqdim etildi. Keyinchalik u “Hukmdor Usmon” tarixiy serialida bosh rolni ijro etib, o‘zining professional diapazonini yanada kengaytirdi.

Mashhurligi oshganidan so‘ng Burak bir vaqtning o‘zida tadbirkor sifatida ham faoliyat yurita boshladi. U o‘zining kiyim brendi, reklama kontraktlari va bir nechta biznes loyihalari bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, u ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lib, millionlab muxlislarga ega. Aktyor faoliyati davomida drama, romantika, tarixiy va asion janrlarda ko‘plab kuchli obrazlarni yaratgan.

Neslihan Atagul

  • false
  • false

33 yoshli Neslihan Atagul bugungi kunda turk kinosi va seriallarining eng iste’dodli va talabgir aktrisalaridan biri sifatida tan olinadi. U yoshligidan san’atga qiziqib, 13 yoshida reklama roligida ilk bor ekranlarda paydo bo‘lgan. Keyinchalik u Yeditepe universitetida teatr yo‘nalishida tahsil olib, professional aktyorlik maktablarida ham mahoratini oshirgan.

Neslihan keng ommaga “Istilochi armiya” seriali orqali tanildi, ammo uning haqiqiy yulduzlik davri “Sevgi iztirobi” bilan boshlandi. Serialdagi Nihan roli aktrisaga nafaqat Turkiyada, balki Yevropa, Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlarida ulkan mashhurlik olib keldi. Loyihaning global ommabopligi tufayli u bir nechta xalqaro mukofotlarni qo‘lga kiritdi.

Mashhurligi ortgani sari Neslihan ijtimoiy loyihalar va reklama kampaniyalarida faol ishtirok eta boshladi. U turli kosmetika brendlari yuziga aylangan, moda sohasida ham faoliyat yuritgan. Aktrisa sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli bir muddat ijoddan tanaffus qilgan bo‘lsa-da, hozirda yangi loyihalar ustida ishlashni davom ettirmoqda.

Kaan Urganjioglu

  • false
  • false

Kaan Urganjioglu — zamonaviy turk kinosanoatining eng taniqli namoyandalaridan biri bo‘lib, u bugungi kunda dramatik obrazlarni chuqur va ishonarli ijro etishi bilan tanilgan. 1981-yil tug‘ilgan aktyor yoshligidan san’atga qiziqib, Marmara universitetida kapital bozori va birja yo‘nalishida tahsil olgan.

Kaanning ilk muhim roli 2002-yilda ekranlarga chiqqan “Qoraqo‘ton” teleseriali bo‘ldi. Shu serialdan keyin u “Kampus”, “Talab”, “Qora amaki” kabi loyihalarda chiqish qildi va bosqichma-bosqich o‘z aktyorlik uslubini shakllantirdi.

Ammo keng omma aktyorni aynan “Sevgi iztirobi” serialidagi Kemalning ashaddiy raqibi — Emir Kozjuoglu roli orqali tanidi. Kaan ushbu serialda murakkab xarakter, ambisiya, nafrat va ichki ziddiyatlarni juda nozik talqin qilgani uchun xalqaro tanqidchilardan ham yuqori baho oldi.

“Sevgi iztirobi"ning global muvaffaqiyati Urganjiogluning karerasini yangi bosqichga olib chiqdi. Serial 80 ga yaqin davlatda namoyish qilindi, Emmi mukofotini qo‘lga kiritdi va Kaanning obrazlari butun dunyo auditoriyasida mashhurlikka erishdi.

Xazal Filiz Kuchukkose

  • false
  • false

Turkiyaning iste’dodli kino va serial aktrisalaridan biri Xazal Filiz Kuchukkose “Kara Sevda” serialidagi Zeynep roli orqali millionlab tomoshabinlar e’tiborini qozongan. 1988-yilda Mersin shahrida tug‘ilgan aktrisa aslida biologiya yo‘nalishida tahsil olgan, biroq talabalik davrida kashf etilib, reklama va seriallar orqali aktyorlikka kirib kelgan.

Xazalning ilk mashhurlikka erishgan loyihalaridan biri — “Saqlab qolingan” bo‘lgan. Keyinchalik u “Gunohkor”, “Meni kechir”, “Yuragim yong‘ini” kabi loyihalarda muvaffaqiyatli chiqish qilib, o‘z aktyorlik qamrovini kengaytirdi. Ammo aktrisaga eng katta shon-shuhratni “Sevgi iztirobi” serialidagi Zeynep rolini ijro etishi olib keldi.

Serialdan so‘ng aktrisa turk ekranlarida o‘z mavqeini mustahkamlab, yangi rollar bilan faol ijodini davom ettirdi. U “Tush”, “Dengiz yulduzi”, “Umid qilsa bo‘ladi” kabi loyihalarda bosh rollarni ijro etdi va har bir obrazida o‘ziga xos dramatik chuqurlikni yaratdi.

Melisa Asli Pamuk

  • false
  • false

Turkiyaning eng jozibali va iste’dodli aktrisalaridan biri Melisa Asli Pamuk xalqaro miqyosda serialdagi Asu rolidan keyin katta mashhurlikka erishgan. 1991-yilda Niderlandiyaning Haarlem shahrida tug‘ilgan ijodkor faoliyatini dastlab modellikda boshlagan.

Aktrisaning ekran oldidagi ilk katta muvaffaqiyatlaridan biri “Yer osmon muhabbati” seriali bo‘ldi. Undan keyin u “Bo‘ri Sayyid va Sho‘ra”, “Ulan Istanbul”, “Sevgi iztirobi” kabi loyihalarda ishtirok etib, o‘z ijodiy qamrovini kengaytirdi.

“Sevgi iztirobi"dan keyin Melisa Asli Pamukning kino faoliyati yana-da kengaydi. U “To‘qnashuv”, “Qizil xona”, “Yangi hayot”, “Erkaklarga ishonib bo‘lmaydi” kabi loyihalarda bosh rollarni ijro etdi va har bir obrazda o‘zining dramatik talqini, sahnadagi kuchli karizmasi va tabiiy ijrosi bilan ajralib turdi.

Model sifatidagi tajribasi, sahnadagi qat’iyligi va professional fe’l-atvori uni zamonaviy turk aktrisalarining eng barqaror va doimiy o‘sishda davom etayotgan vakillaridan biriga aylantirdi.

Zerrin Tekindor

  • false
  • false

Turkiyaning eng nufuzli teatr aktrisalaridan biri, sahna san’ati va dramatik ijro borasida o‘z maktabiga ega bo‘lgan iste’dod sohibasi Zerrin Tekindor 1964-yilda Balikesirda tug‘ilgan va o‘z ijodiy faoliyatini sahnada boshlab, ko‘p o‘tmay mamlakatdagi eng professional teatr aktrisalaridan biriga aylangan.

U keng ommaga esa aynan televideniye orqali yaxshi tanildi. Zerrin Tekindorning “Muhabbatdan mamnun”, “Gʻolib darvesh”, “Shimoliy-Janubiy”, “Intiqom” kabi seriallardagi rollari uni millionlab tomoshabinlar qalbiga yaqinlashtirdi. Ayniqsa, xalqaro miqyosda mashhur bo‘lgan “Sevgi iztirobi” serialidagi Leyla rolidagi ijrosi keng e’tirofga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, u taniqli rassom ham hisoblanadi — uning ko‘rgazmalari Istanbul, Anqara va boshqa shaharlarda muntazam namoyish etilib keladi. Zerrin Tekindorning san’atga ikki tomonlama — ham sahna orqali, ham tasviriy san’at orqali bo‘lgan yondashuvi uni Turkiyaning eng ko‘p qirrali ijodkorlaridan biriga aylantirdi.

Kerem Alishik

  • false
  • false

Kerem Alishik turk kino va teatr olamining eng e’tiborli, xarizmatik va tajribali aktyorlaridan biri bo‘lib, 1960-yilda Istanbulda san’atkorlar oilasida dunyoga kelgan. Uning sahna va ekran oldidagi tabiiyligi, chuqur dramatik ifodasi va o‘ziga xos tembri uni Turkiyaning professional aktyorlari qatorida eng barqaror o‘ringa olib chiqdi.

Aktyor sifatida u 1980-yillardan boshlab ko‘plab loyihalarda ishtirok etib, keng tajriba orttirdi. “Bo‘ronli hayotlar”, “Men uchun yig‘lang”, “Olovdan keyingi kunlar” kabi ilk ishlari uning ijodiy yo‘nalishini belgilab berdi. Yillar davomida turli janrlardagi serial va filmlarda katta rollarni ijro etib, professional mahoratini yana-da mustahkamladi.

Keng ommaga u aynan “Sevgi iztirobi” serialidagi Ayhan rolida qayta tanildi. Uning ijrosidagi Ayhan — hayot sinovlari, og‘ir yo‘llar va shaxsiy fojialardan o‘tgan, ammo kuchli xarakterli, vafodor va keskin qarorlarga qodir inson obrazi sifatida yodda qoladi.

Shuningdek, Kerem Alishik teatr sahnasida ham juda faol — u Sadri Alishik nomidagi teatr jamg‘armasida faoliyat yuritib, spektakllarni sahnalashtirishda ham ishtirok etadi. “Oq farishta”, “So‘nggi qahramon”, “Kichik xonim” kabi filmlardagi rollari esa aktyorning kinematografiyadagi muhim izlaridan biridir.

Orxan Guner

  • false
  • false

Mashhur teatr va kino aktyori Orxan Guner 1954-yilda Anqarada dunyoga kelgan va yoshligidan aktyorlikka qiziqib, professional ta’lim olgan. Gunerning ovozidagi qat’iyat, sahnadagi tabiatiga xos sokin kuch va dramatik rollardagi aniqligi uni turk kinematografiyasining ishonchli va talabgir aktyorlaridan biriga aylantirdi.

U o‘z ijodini teatr sahnasidan boshlagan bo‘lib, bir qancha spektakllarda ishtirok etdi va sahna intizomi uning aktyorlik mahoratini yanada kuchaytirdi. “Sulton”, “8 kun”, “Hasad dunyoni boshqarmaydi” kabi loyihalardagi rollari Gunerning turli xarakterlarni ishonarli va tabiiy ijro etish qobiliyatini namoyon etdi.

Ayniqsa, u “Sevgi iztirobi” serialidagi Huseyin rolida millionlab tomoshabinlar e’tiboriga tushdi. U ijro etgan xarakter — kuchli, qat’iyatli va keskin qarorlar qabul qiladigan obraz bo‘lib, hikoyaning dramatik yo‘nalishida katta ahamiyatga ega.

Zeyno Erajar

  • false
  • false

1970-yil Istanbulda tug‘ilgan Zeyno yoshligidan san’atga oshno bo‘lib, Istanbul universitetining Davlat konservatoriyasida professional aktyorlik ta’limini olgan. U o‘zining tabiiy ijrosi, chuqur xarakter yaratish qobiliyati va mukammal sahna intizomi bilan Turkiya kino va teatr olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ijodkorlardan biridir.

Aktrisaning faoliyati teatr sahnasidan boshlangan bo‘lib, bir qator yirik spektakllarda ishtirok etdi. Erajar teatr tajribasi orqali dramatik obrazlarning ruhiy holatini chuqur anglab, ularni ekran oldida ham ta’sirchan tarzda yoritishga erishdi. U 90-yillar oxiri va 2000-yillarda seriallar orqali keng ommaga tanildi. “Katta uchrashuv”, “Ishq-muhabbatga jasorat bormi?”, “Mening ismim Malak” kabi loyihalardagi rollari uning ijodiy imkoniyatlarini ochib bergan.

Serialda Fehime rolini ijro etgan Zeyno Erajar bugungi kunda seriallar, filmlar va teatr sahnasida faol ijod qilib kelmoqda. U o‘zining professionalligi, emotsional chuqurligi va har bir obrazga beradigan tiriklik kuchi bilan Turkiya san’atining muhim qiyofalaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Saundtrek

“Sevgi iztirobi"ning emosional og‘irligi, dramatik chuqurligi va unutilmas sahnalari ortida turuvchi eng muhim kuchlardan biri — Toygar Ishikli yaratgan saundtrekdir. Mashhur bastakor o‘zining lirizmga boy, nozik orkestr ovozlari bilan tanilgan va aynan shu seriya uchun u romantika, iztirob, qayg‘u va umid ohanglarini mukammal uyg‘unlashtirgan musiqiy fon yaratdi.

Toygar Ishikli kompozisiyalarining asosiy kuchi — sodda, ammo ruhiy jihatdan teran melodiyalarni katta dramatik kontekstda ishlata olishidadir. “Sevgi iztirobi"dagi pianino, torli cholg‘ular, yumshoq orkestr fonlari va ba’zan etnik ohanglar qo‘shilgan kompozisiyalar serialning har bir sahnasiga chuqur ma’no beradi.

Serial tugaganiga yillar bo‘lgan bo‘lsa-da, uning saundtreki hali-hanuz muxlislar tomonidan eng ko‘p tinglanadigan turk serial musiqalaridan biri bo‘lib turibdi. YouTube va musiqiy platformalarda millionlab tinglashlar to‘plagan bu kompozisiyalar serialning kult maqomiga erishishiga katta hissa qo‘shgan.

Humoyun Mahkamov
Muallif
Humoyun Mahkamov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Oldin va hozir: “Sevgi iztirobi” seriali aktyorlari 10 yil ichida qanchalik o‘zgardi? — Toshkent Afishasi