Diego Maradona haqida multserial ishlanadi

Argentinalik futbol afsonasi Diego Maradona haqida multserial suratga olinadi. Bu haqda Variety nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, multserialga bo‘lgan huquqni Hindistonning “Reliance Animation” kompaniyasi qo‘lga kiritgan. Bu Maradonaning bolalik davrlaridan xalqaro shon-shuhratga erishish yo‘ligacha boʻlgan davr haqida hikoya qiluvchi serial boʻladi.
Unda Maradonaning faoliyatidagi asosiy lahzalar, uning ichki kurashi va maydondagi hamda undan tashqaridagi madaniy ta’siri aks ettiriladi. Hozirda loyiha ishlab chiqarish jarayonida.
“Biz Diego Maradonaning noodatiy hikoyasini animatsiya yordamida yangi avlodga yetkazishdan juda mamnunmiz. Uning chidamliligi, ishtiyoqi va yutuqlari sport chegaralaridan yuqoriroqqa chiqqan. Biz multserial butun dunyo bo‘ylab tomoshabinlarni ilhomlantirishiga ishonamiz”, — dedi “Reliance Entertainment” bosh direktori Shibasish Sarkar.
Ma’lumot uchun, Diego Maradona 2020-yil 25-noyabrda 60 yoshida vafot etgan. Uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan. U faoliyati davomida Argentina terma jamoasi bilan jahon chempioni boʻlgan.