Hafta artisti: "Ummon" guruhi

Bugun bolalikka, yoshlikka qaytamiz. Oʻsha paytlarda bu guruhning ashaddiy muxlisi boʻlganlarning koʻpi hozir oila, bola-chaqa, turmush tashvishlari bilan yuribdi. Vaqtida esa ular oʻzbek shou biznesini yangi darajaga koʻtargan yigitlarning musiqasini tinglashgan. Bugun oʻsha vaqtlarga — bolalik va yoshlikka qaytamiz. Afisha.uz'ning “Hafta artisti” rukni “Ummon” guruhi haqida boʻladi.
Bir paytlar bu guruhni eshitishni tan olish qandaydir erish tuyulardi, lekin shunday boʻlsa ham deyarli hamma eshitgan. Guruhning afsonaviyligi shundaki, ular internet ommalashmagan paytda mashhurlikka erishgan. Ularning qoʻshiqlari blutuz orqali xit boʻlardi — bu ularning “vaznini” ikki karra oshiradi. Ular ayrim davralarda unchalik ham xushlanmasdi, kulgi ustalarining doimiy mavzusi edi, doim ularning ustidan kulinardi, tanqid qilinardi. Yangilik, zamonaviylik u paytda ham unchalik yaxshi qabul qilinmagan. Yigitlar shuncha tanqid va negativ fikrlarga e’tibor bermadi, oʻz yoʻnalishidan chekinmadi, oʻz fikri va gʻoyalarida qattiq turib, oldinga yurishda davom etdi. Mana endi ular eslaganda koʻpchilikda nostalgik his boʻladi.

“Ummon” 2007-yilda Zohid tomonidan tashkil etilgan. Ular oʻsha paytda Jasur bilan havaskor guruh boʻlib yurishgan. Ikki ijodkor ismlarining bosh harflarini birlashtirib, “JaZo” deb nom qoʻyishgan, lekin bu unchalik ham jaranglamagani uchun biz bilgan nomga oʻzgartirishgan. Undan keyin Shohrux qoʻshilgan va trio boʻlib ijod qilishni boshlagan.

2007-yilda guruh uzoq vaqt trenddan tushmaydigan “Sokin tun” qoʻshigʻini kuylagan. Bu “Ummon"ni tanitan ilk treklardan boʻlgandi. Guruhni shu trek bilan eslab qolganlar bu qoʻshiqning birinchi notalaridan eslashsa kerak.
Yigitlar oʻsha yilning oʻzida yana bitta qoʻshiq chiqargan — “Sevaveraman”.
Guruhning birinchi konserti 2010-yil 18-sentabrda “Turkiston” yozgi saroyida boʻlgan. Ular bu zalni toʻldirishni uddalagan. Videoni koʻrib, konsertga tusholmaganidan afsuslanadiganlar topilsa kerak.
“Ummon” guruhi Toshkentning “Paxtakor” klubiga atab ham qoʻshiq yozgandi.
Ayrim reperlar, ayrim ijodkorlar koʻp diss otardi, odatda “Ummon” bularni e’tiborsiz qoldirgan, lekin javob berganlari ham boʻlgan. “Ummon baribir Umonde” qoʻshigʻi bilan hammasiga bir qiib javob berib qoʻygan deyish ham mumkin.
Ikkinchisi 2011-yil 1-iyun “Istiqlol” (hozirgi “Xalqlar doʻstligi”) sanʼat saroyida 2 seansda boʻlgan. Lekin oʻsha yili faqat bitta konsert bilan cheklanib qolishmagan, ular 17-sentabrda “Turkiston” yozgi saroyida ham konsert bergan.
“Ummon"ning deyarli har bir qoʻshigʻi xit darajaga chiqardi. Ular internetga ham muvaffaqiyatli koʻchdi, internet ommalashgandan keyin guruhning qoʻshiqlari millionlab tinglanardi. Uning qoʻshiqlarini yosh-u qari bir marta boʻlsa ham eshitgan. Qanday qilib televidenieda tinmay aylantirilgan “Qanday unutding” qoʻshigʻini eshitmaslik mumkin?!
YouTube raqamlariga e’tibor beradigan boʻlsak, bu trek 12 yil avval joylangan va hozirgacha birgina shu platforma va kanalning oʻzida 30 million martadan koʻproq tinglangan.
“Meni kechir, menimcha, endi hech qachon esimdan chiqmasa kerak 67-avotobus…” deb aytilgan qoʻshiqni gʻamgin yuz bilan oʻz sevgi hikoyalarini eslaganlar boʻlsa kerak.
Ma’lumot uchun, “Kechirgin” trekida tilga olingan 67-raqamli avtobus asosan shahar markazida, quyidagi yoʻnalishda harakatlanadi.

Guruh 2017-yilgacha ketma-ket konsertlar berib keldi, hatto viloyatlarga gastrollarga chiqishgan, stadionlarni toʻldirishgan (Anvar Sanayevdan keyin stadionlarni toʻldira olgan san’atkor boʻlganini ham alohida e’tirof etib qoʻyish kerak). ammo 2018-yilga kelib hammasi teskarisiga ketdi — guruh birdan tarqab etdi. Bu ularning muxlislarida yengil shok keltirib chiqardi.
2018-yilning yoziga kelib Zohid guruhni tark etdi, ikki kishi shu nom ostida chiqishni davom ettirdi, ammo uzoqqa choʻzilmadi — 2019-yilda guruh butunlay parchalandi. Shundan keyin guruh a’zolari yakkaxon ijod qilishni boshladi. Oʻshanda guruh ajralish haqida hech qachon izoh bermagan. Ammo bir muncha muddat oʻtgandan keyin Shohrux vaziyatga oydinlik kiritgandi.
“Ko‘pchilik piar deb o‘yladi. O‘zimiz ham piar bo‘lishini juda xohlaganmiz. Sentabr oyida konsert qo‘yishni ham rejalashtirgan edik. ‘Ummon' guruhining bo‘linib ketishining aniq sababi, oxirgi paytlarda bir-birimizni tushunmay qoldik, fikrlarimizni hurmat qilmay qo‘ygandik. 10 yil birga bo‘ldik, 10 yilning ichida juda ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdik. Oxirgi yillarda esa hamma o‘zining ishi bilan bo‘lib ketdi. Bir-birimizdan uzoqlashib ketdik. Asl sababi ham shunda. Fikrlarimizga qarshi chiqishni boshladik, shundan keyin o‘rtamizda ziddiyatlar boshlandi. Jasur va men oilali bo‘ldik. Oilali bo‘lgandan keyin insonga ko‘p narsa kerak bo‘ladi. Oddiy narsalarni talashadigan bo‘lib qoldik. Zohid menga birinchi marta guruhdan chiqishini aytganda u bilan birga o‘tirib gaplashgan edim. Lekin Zohid allaqachon qaror qabul qilib bo‘lgan edi. ‘O‘rtoq, bu narsani o‘ylaganimda mazam qochib qoldi. Men har tomonlama o‘yladim. Seni, Jasurni, muxlislarni, guruhni o‘ylab qaror qabul qildim. Hammamiz alohida ijod qilamiz. Agarda to‘ylar yoki konsertlar bo‘lib qolsa birga boraveramiz', dedi. Men ham ‘Mayli, menga farqi yo‘q' deb javob berdim. To‘g‘risini aytsam bularni yana eslagim kelmayapti. Ammo shuni aytmoqchimanki, biz hozir ham ko‘rishib turamiz, munosabatlarimiz to‘xtab qolgani yo‘q”, — deydi Shohrux.
Ammo biroz vaqt oʻtib undanda ayanchli voqealar yuz berdi. 2022-yilning 30-sentyabrida solist Zohid Rixsiyev o‘zining boshqaruvidagi BMW avtomashinasida Ahmad Donish ko‘chasidan Yangishahar ko‘chasiga qarab harakatlanayotganda rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘l transport hodisasiga uchragan. O‘sha paytda Zohid jonlantirish bo‘limiga tushib qolgan. 2025-yilga kelibgina endi-endi ommaviy chiqishlarda qatnashishni boshladi, shunda ham o‘tirgan holda qo‘shiq kuylamoqda. 14-noyabr kuni esa guruhning boshqa bir aʼzosi Jasur Rapikov saraton kasalligi oqibatida vafot etdi.

Zohid ushbu muammolardan keyin 2025-yilning fevralida yangi klip taqdim etdi.
Shunday qilib, oʻzbek shou biznesida 10 yildan ortiq vaqt davomida ijod qilib, hech qachon trendda tushmagan guruhning taqdiri qiziq boʻlgan. Hozirgi kunda Shohrux Zohid bilan birgalik “Ummon” nomi ostida retro konsert qoʻyish rejalashtirayotgani haqida gapiryapti. Bu gʻoya 2026-yilda amalga oshishi mumkin.