Meyki Medison, Papa Leo XIV, FIFA: 2025-yil Google'da eng koʻp qidirilgan soʻrovlar reytingi e'lon qilindi

E’lon qilingan sana· 108
Meyki Medison, Papa Leo XIV, FIFA: 2025-yil Google'da eng koʻp qidirilgan soʻrovlar reytingi e'lon qilindi

Google kompaniyasi 2025-yilda dunyo bo‘ylab eng ko‘p qidirilgan soʻrovlar reytingini e’lon qildi. Qidiruvlar turli yo‘nalishlarga boʻlingan boʻlib, siyosat, texnologiya, ko‘ngilochar soha va sport kabi guruhlarga ajratilgan.

Umumiy reytingda birinchi o‘rinni Google’ning sun’iy intellekt tizimi Gemini AI egalladi. Bu natija dunyoda sun’iy intellektga bo‘lgan qiziqish keskin kuchayganini va kundalik hayotdagi jarayonlar haqida ma’lumot izlanganini anglatadi.

Shuningdek, top-5 talikka amerikalik aktivist Charli Kirk, FIFA Klub Jahon chempionati, shuningdek Hindiston futbol terma jamoasining Angliya va Avstraliyaga qarshi o‘yinlari kirdi.

2025-yil davomida eng ko‘p qidirilgan yangilik esa 10-sentabr kuni Yuta shtatida o‘tgan debatlar vaqtida Charli Kirkning o‘ldirilishi haqidagi xabar bo‘ldi. Ushbu suiqasd AQSH siyosiy maydonida jiddiy bahs-munozaralarga sabab bo‘lib, global miqyosda ham qizg‘in muhokama qilindi.

Shuningdek, foydalanuvchilar Eron atrofidagi xalqaro keskinlik, AQSH hukumatining byudjet inqirozi sababli faoliyatini vaqtincha to‘xtatishi, Katolik cherkovida yangi Rim papasi — tarixda birinchi amerikalik Papa Leo XIVning saylanishi, hamda Los-Anjelesda yuz bergan yirik yong‘inlar haqida koʻplab qidirilgan.

Google’ning “shaxslar” toifasida eng ko‘p qidirilgan inson qo‘shiqchi D4vd bo‘ldi. U 15 yoshli qizning o‘limida gumon qilinayotgani bois internetda keng muhokama qilindi. Reytingdagi boshqa mashhur nomlar qatorida repper Kendrik Lamar, komik va shoumen Jimmi Kimmel, Charli Kirkning gumonlanuvchi qotili Tayler Robinson, hamda Papa Leo XIV tilga olindi.

Ko‘ngilochar sohada esa aktyor va aktrisalarga bo‘lgan qiziqish yuqori bo‘lib, yilning eng ko‘p izlangan aktrisasi Meyki Medison bo‘ldi. U “Anora” filmidagi roli tufayli “Oskar” mukofotida “Eng yaxshi aktrisa” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgach, keng omma e’tiborini tortdi. Shuningdek, Lyuis Pullman (“Top Gan: Maverik”), Izabela Mersed (DC'ning “Supermen” filmidagi Supergirl roli bilan), Netflix “Kalmar o‘yini 2” yulduzi Son Ji Vu va “The Last of Us” serialining uchinchi mavsumida ishtirok etgan Keytlin Diver ham yil davomida eng ko‘p qidirilgan aktyorlar qatoridan joy oldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling