Video: Stendap faqat intellektual yumormi? Islom Karimov bilan intervyu

E’lon qilingan sana· 3 408
Video: Stendap faqat intellektual yumormi? Islom Karimov bilan intervyu

Afisha.uz'da intervyular davom etadi. Biz bugun “Sahna” stendap klubining yangi manziliga borib, uning muhim rezidentlaridan biri bo‘lgan Islom Karimov bilan ko‘plab mavzularda, xususan, yangi klubning tuzilishi va qanday ishlashi haqida suhbatlashdik. Shuningdek, ushbu videoda o‘zbekcha yumor, stendap komik bo‘lish, oila va sahna balansi, komikning ma’suliyati va nega stendap degan Mirshakar Fayzulloyev va intellektual yumor tushunilayotgani haqida suhbatlashdik.

Biz u bilan “Sahna” stendap klubini toʻliq aylanib chiqdik. Eski manzildagi klub biroz kichikroq edi, endi esa kattaroq manzilga koʻchib, klubning toʻliq konsepsiyasini amalga oshirish imkoniyati paydo boʻldi. Karimovning aytishicha, “Sahna"ning asosiy gʻoyasi — ijodkorlarni birlashtirish. Ular barcha yoʻnalishdagi ijodkorlar bilan hamkorlik qilishga tayyor.

Stendap komik boʻlish, sahnaga chiqish uchun birinchi navbatda nima qilish kerak?

“Birinchi navbatda sahnaga chiqib koʻrish kerak. Bizda Ochiq mikrafonning ham Ochiq mikrafoni bor. Agar kelayotgan odam sahnaga birinchi marta chiqayotgan boʻlsa, shunday imkoniyat bor, kelib, mikrafonni ushlab koʻrishi, oʻzining ovozi qanday eshitilishini tekshirib koʻrishi, odamlar oʻtirganda qanday boʻlishini sinab koʻrishi mumkin. Toʻgʻri, birinchi marta chiqayotgan odamni shoshiltirib qoʻyishi mumkin, odamlarni koʻrganda kichik hayajon bosishi mumkin, shuning oldini olish uchun bizda repetitsiyalar ham bor. Ochiq mikrafonga chiqishga ham qoʻrqishadi, lekin biz qayta-qayta chiqaverishni tavsiya qilamiz, chunki muxlislarning ham kutilmalari uncha katta boʻlmaydi undan”, — deydi Islom Karimov.

Jamoaviy yumor bilan stendapning asosiy farqi nimada?

“Stendap boksga oʻxshasa, jamoaviy kuldirish futbolga oʻxshaydi. U yerda jamoa bir-birini toʻgʻri tushunishi kerak, repetitsiyalarga birga kelish kerak, bitta odam ikkinchisiga bogʻliq boʻladi. Stendapda esa unaqa emas, boksga oʻxshaydi — bitta murabbiy olasiz, tayyorlanasiz-tayyorlanasiz, undan keyin ringga chiqib, kuchingizni koʻrsatishingiz kerak boʻladi.

Jamoaviy oʻynab yurganda muammolar koʻp boʻladi, chunki hamma odam har xil, ularning har xil muammosi bor. Bir oʻzingiz chiqadigan boʻlsangiz, muammo ham oʻzingizniki, uni hal qilish ham oʻzingizga bogʻliq boʻladi. Shuning uchun bu osonroq bitadi", — deydi komik.

Stendap faqat Mirshakar Fayzulloyev va intellektual yumormi?

Hozir stendap desa, koʻpchilikning koʻz oldiga faqatgina Mirshakar Fayzulloyev keladi. Kamiga bu janrdan faqatgina intellektual yumor qilishni talab qilishyapti. Aslida stendap qanday boʻlishi kerak?

“Eng katta yurishni Mirshakar aka qilyapti-da, oxirgi konsertini qarang — “Humo"da! Xohlaysizmi-yoʻqmi, stendap deganda odamlarning koʻz oldiga u keladi. Yana bitta tarafi bor: bizga kelayotgan yosh komiklar kimga qarab oʻrganadi? Yo Mirshakar akaga, yo Ozodga yoki menga qarab oʻrganishi kerak boʻlib qoladi. Uchchalamizning oramizdagi eng pikdagisi esa Mirshakar Fayzulloyev boʻlsa, koʻpchilik unga oʻxshashga harakat qiladi. Chunki u katta joyda konsert beryapti, qanaqa yumor qilyapti, odamlarni uni yaxshi koʻryaptimi, demak, oʻshanga yaqinroq boʻlishga harakat qiladi.

Lekin stendap juda katta maydon. U yerda xohlagan turdagi hazilni qilsangiz boʻladi, muhimi — oʻzingiz, shaxsiy fikringiz, u nima uchun shunaqaligini isbotlab bersangiz, boʻldi", — deydi Islom Karimov.

Karimovning aytishicha, komik auditoriyaga moslashishga harakat qilsa, muxlislar undan tez zerikadi. Chunki muxlis xohlagan narsani bersangiz, ertaga u sizdan boshqa narsani talab qilishni boshlaydi, shunda komikka qiyin boʻladi. Eng yaxshisi esa “misqollab” yigʻilgan muxlislar — ya’ni oʻzingizga personal boʻlgan ishqibozlar.

21-dekabr kuni “Sahna” stendap klubida Islom Karimovning “Artist” nomli yakkaxon konserti boʻlib oʻtadi. Komik Afisha.uz oʻquvchilari uchun maxsus promokod taqdim etdi: DODAAYTDI. Chiptalarni ushbu manzildan xarid qilish mumkin.

Toʻliq intervyuni Afisha.uz Youtube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Muzaffar Bobomurodov
Fotosuratchi
Muzaffar Bobomurodov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling