Foto: “Oltin Humo – 2025” kinotaqdimoti qanday oʻtdi?

E’lon qilingan sana· 392
Foto: “Oltin Humo – 2025” kinotaqdimoti qanday oʻtdi?

2019-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Oltin Humo” taqdirlash marosimi joriy yilda ham ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.

17-dekabr kuni Toshkentdagi Milliy kino san’ati saroyi (Panorama) da tashkil etilgan taqdirlash marosimida Afisha.uz muxbirlari ham ishtirok etdi.

Marosimni Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev hamda Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonovlar ochib berdi.

Matyoqub Matchonovning ta’kidlashicha, 2025-yil kinotaqdimot tashkiliy qo‘mitasiga davlat va nodavlat kinostudiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan jami 61 ta, jumladan, 25 ta badiiy, 21 ta hujjatli, 15 ta animatsion filmlardan arizalar qabul qilingan.

Mazkur filmlar ijodkorlarining eng yaxshilari 16 ta nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi.

“G‘oliblarni Xalqaro iqtisodiy strategiya instituti direktori, aktrisa, prodyuser Diana Peng (Xitoy), Xitoy kino assotsiatsiyasining xalqaro kommunikatsiyalar bo‘yicha qo‘mita raisi Gu Guotsin (Xitoy), „Mythberg Films“ kinokompaniyasi rahbari, prodyuser Yojef Berger (Vengriya), Yevrosiyo xalqaro matbuot fondi raisi Umud Mirzayev (Ozarbayjon), „Lendok“ kinostudiyasi direktori Aleksey Telnov (Rossiya), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, kinorejissyor Jahongir Qosimov singari kinoijodkorlardan tashkil topgan Hakamlar hay’ati a’zolari aniqlab beradi”, — deydi Kinoarboblar ijodiy uyushmasi raisi.

Taqdirlash marosimi boshida o‘zbek kinematografiyasida o‘chmas iz qoldirgan kinoijodkorlar xotirasiga bag‘ishlangan an’anaviy videorolik namoyish etildi.

Shundan so‘ng “Ozbek kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun” quyidagi san’at arboblari maxsus mukofot bilan taqdirlandi:

  • O‘zbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova;
  • O‘zbekiston san’at arbobi, kinobastakor Mirhalil Mahmudov;
  • San’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Sabohat Hayitmatova;
  • “Shuhrat” medali sohibi, grim rassomi Baxtiyor Temirov.

Shuningdek, “Oltin Humo” milliy kino taqdimoti quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘z egalariga topshirildi:

  • Eng yaxshi hujjatli film: rejissyor Jahongir Ahmedovning “Oq oltin balosi” filmi;
  • Eng yaxshi animatsion film: “Aqlli qizaloq” filmi uchun Azizbek Muhammedov;
  • Eng yaxshi ovoz rejissyori: “Bahorni quvib” filmi uchun Ulug‘bek Abdusoatov;
  • Eng yaxshi montaj ishi: “Daydi shamol” filmi uchun Azim Botirov;
  • Eng yaxshi grafika ishi: “Hudud” filmi uchun Behro‘z Po‘latov;
  • Eng yaxshi rassom ishi: “Paxta” filmi uchun Bektosh Rajabov;
  • Eng yaxshi grimm rassomi: “Maxtumquli firog‘iy” filmi uchun Mahbuba Esonova;
  • Eng yaxshi liboslar bo‘yicha rassom: “Maxtumquli firog‘iy” filmi uchun Nigora Po‘latova;
  • Eng yaxshi kino bastakori: “Mening mahallam” filmi uchun Jamshid Izamov;
  • Eng yaxshi ssenariy: “Bahorni quvib” filmi uchun Erkin A’zam;
  • Eng yaxshi operatorlik ishi: “Paxta” filmi uchun Boris Litovchenko;
  • Eng yaxshi rejissyorlik ishi: “Umida. Fudziyama haqida tush” filmi uchun Zulfiqor Musoqov;
  • Eng yaxshi ayol roli: “Shamsiqamar” filmi uchun Yulduz Rajabova;
  • Eng yaxshi erkak roli: “Cho‘liq” filmi uchun Ulug‘bek Muhammadkarimov;
  • Tomoshabin mehrini qozongan film: “Amaliyotchi qiz” filmi uchun Iqbol Meliqo‘ziyev;
  • Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti: “Adolat” filmi;
  • Eng yaxshi film: “Maxtumquli firog‘iy” filmi uchun Muzaffar Erkinov.

Marosimda Dilnoza Kubayeva-Rixsitilla Abdullayev, Muhammadiso Abdulxairov-Lola Eltoyeva hamda Mirshakar Fayzullayev-Bobur Mansurov-Jahongir Xo‘jayev boshlovchilik qildi.

“Oltin Humo — 2025” kinotaqdimotidan fotosuratlarni quyida tomosha qilishingiz mumkin.

Mirolim Isajonov
Muallif va fotosuratchi
Mirolim Isajonov
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling